Pokiston afgʻon muhojirlarini chiqarib yuborish rejasini eʼlon qildi

11:52 12 Iyul 2024 Dunyo
204 0

Foto: Sputnik.news

Pokiston mamlakatda noqonuniy yashayotgan koʻp sonli afgʻon muhojirlarini chiqarib yuborish rejasini eʼlon qildi. Bu haqda “Deutsche Welle” nashri xabar berdi.

Gʻarb davlatlariga koʻchirilishi maʼqullangan oʻn minglab afgʻonlar hozirda Pokistonda qolmoqda. Islomobod bu muhojirlarni “Noqonuniy xorijliklarni repatriatsiya qilish rejasi”ning ikkinchi bosqichi doirasida deportatsiya qilishni maqsad qilgan.

Pokiston tashqi ishlar idorasi matbuot kotibi Mumtoz Zahra Balochning aytishicha, reja cheklangan muddat hujjatlariga ega afgʻonistonliklarga qaratilgan. Qayd etish kerakki, oʻtgan yildan beri 600 mingga yaqin afgʻon Pokistondan Afgʻonistonga deportatsiya qilingan.

Vaziyat 2021-yilda Tolibon Afgʻonistonni egallab olgach, yana 600 mingga yaqin afgʻonning Pokistonga qochib oʻtishiga sabab boʻlganidan keyin yomonlashdi. Islomobod xavfsizlik masalalari va Kobul bilan munosabatlarning yomonlashuvi tufayli deportatsiyalarni oshirayotgani taxmin qilinmoqda. Gʻarb davlatlariga koʻchib oʻtishi tasdiqlangan 44 mingga yaqin afgʻon ham hamon Pokistonda yashayapti.

Ushbu muhojirlarning aksariyati Amerika Qoʻshma Shtatlariga koʻchirilishi mumkin. Bu son taxminan 25 ming kishini tashkil qiladi. Qolgan 19 mingdan ziyod afgʻon esa Avstraliya, Kanada, Germaniya va Britaniyaga koʻchiriladi. Pokiston bu davlatlarni bu shaxslarni imkon qadar tezroq koʻchirish uchun viza jarayonini tezlashtirishga chaqirgan.

Avvalroq Germaniya malakali xorijlik ishchilar uchun soliq imtiyozlari berishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?