Pedagog maqomi Qonun bilan mustahkamlanmoqda

12:03 29 Sentyabr 2023 Siyosat
2446 0

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Senatning qirq beshinchi yalpi majlisi kun tartibidan oʻrin olgan “Pedagogning maqomi toʻgʻrisida”gi Qonun senatorlarning qizgʻin muhokamalariga sabab boʻldi.

Mazkur Qonun asosida pedagoglarning oʻz kasbiy faoliyatini yuritishi uchun tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratilib, ularning ijtimoiy himoyasi taʼminlanishi va huquqlari amalga oshirilishi uchun kafolatlar berilishi orqali Oʻzbekiston Respublikasida pedagogning maqomi tan olinadi.

Qonunda pedagoglar oʻz kasbiy faoliyatini amalga oshirishi uchun ularning huquqlari qatʼiy belgilab qoʻyilmoqda. Xususan, pedagoglar kasbiy faoliyatni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini talab qilishi, qonunchilik hujjatlariga muvofiq ijodiy taʼtil olishi, taʼlim tashkilotini boshqarishda, shuningdek taʼlim tashkilotining faoliyati bilan bogʻliq masalalarni muhokama qilishda ishtirok etishi, oʻz kasbiy faoliyatiga gʻayriqonuniy ravishda aralashuvdan himoyalanish hamda taʼlim oluvchilar va ularning ota-onalari (qonuniy vakillari) tomonidan pedagogning kasbiga hurmat bilan munosabatda boʻlishini talab qilish huquqlarga ega boʻladi.

Shu bilan birga, Qonunga pedagogning oʻz kasbiy faoliyatini amalga oshirishi chogʻida pedagogning kasbiy faoliyatiga aralashish, pedagogni kasbiy faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga jalb qilish, kuz-qish davrida va ishlanmaydigan bayram kunlarida taʼlim tashkilotida navbatchilikka jalb etish, pedagogning zimmasiga tovarlar va xizmatlarni sotib olish majburiyatini yuklash, shu jumladan lavozim maoshidan uning roziligisiz tovarlar va xizmatlar uchun mablagʻ ushlab qolish kabi taqiqlanadigan holatlar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, Qonunda pedagogik etika qoidalari, pedagoglarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ular attestatsiyadan oʻtishi va malaka toifalarini olishlari belgilanmoqda. Pedagogik etika qoidalari taʼlim tashkilotlari uchun Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi.

Yana eng muhim jihatlardan biri, pedagogning mehnatiga haq toʻlash boʻyicha qoidalar mustahkamlanmoqda. Unga koʻra mehnatning alohida sharoitlarida, respublikaning olis hududlarida hamda alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarida ishlaydigan pedagogga ustamalar belgilash nazarda tutilmoqda, fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) uchun bazaviy lavozim maoshining 30 foizigacha, fan doktori (DSc) va professor ilmiy unvoniga ega shaxslar uchun bazaviy lavozim maoshining 60 foizigacha har oylik ustama toʻlanishi Qonunda alohida koʻrsatib oʻtilmoqda.

Shuningdek, pedagoglarni ijtimoiy himoya qilish kafolatlari nazarda tutilmoqda. Xususan, pedagoglar uchun qisqartirilgan ish vaqti, davomiyligi koʻpi bilan ellik olti kalendar kundan iborat boʻlgan haq toʻlanadigan har yilgi asosiy uzaytirilgan mehnat taʼtili belgilanmoqda, ularga respublikaning olis hududlarida uy-joylarni ijaraga olganlik uchun har oylik kompensatsiya toʻlanishi belgilanmoqda, kasb egalarining farzandlari davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga imtiyozli roʻyxatga asosan qabul qilinishi, davlat sogʻliqni saqlash muassasalarida davlat taʼlim tashkilotlarining pedagoglarini majburiy bepul tibbiy koʻrikdan oʻtkazish belgilanmoqda.

Senatorlar mazkur Qonunning qabul qilinishi pedagog xodimning jamiyatdagi maqomini yuksaltirish, uning faoliyati bilan bogʻliq huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy munosabatlarni tartibga solish va kasbiy kamol topishi uchun sharoit yaratish hamda huquqiy kafolatlarni taʼminlashga xizmat qilishini taʼkidladilar.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер