Parkentda zamonaviy “Zarkent” sanatoriysi foydalanishga topshirildi

18:25 09 Iyun 2022 Jamiyat
1597 0

Bugungi kunda Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi mamlakatimizda yangi sihatgohlar barpo etish va shu orqali mehnatkashlar hamda ularning oila aʼzolari salomatligini mustahkamlash borasida tizimli ishlarni amalga oshirmoqda. Tahlillarga koʻra, Federatsiya tizimida 23 ta sanatoriy va bitta dam olish uyi faoliyat koʻrsatmoqda.

Yaqinda ana shunday maskanlar soni yana bittaga koʻpaydi. Xususan, Prezidentimiz tashabbusi bilan Toshkent viloyatining Parkent tumanida Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan jahon standartlari talablari asosida barpo etilgan muhtasham “Zarkent” sanatoriysi foydalanishga topshirildi.

Uning tantanali ochilish marosimida Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari Akmal Saidov, Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov, Oʻzbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi raisi Rustam Qurbonov, shuningdek, vazirlik hamda idoralarning masʼul xodimlari, nuroniylar, mahalla faollari, ustoz va murabbiylar, yoshlar hamda taniqli ijodkorlar qatnashdi.

Tadbir avvalida sanatoriy hududida tashkil etilgan bogʻga daraxt koʻchatlari oʻtqazildi.

Shundan soʻng Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov soʻzga chiqib, bugungi kunda mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan “Inson qadri uchun” degan bosh tamoyil asosida ezgulik, insoniylik kabi tamoyillar mujassam topgan koʻplab loyihalar, insonparvar islohotlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi.

Taʼkidlash zarurki, yangidan barpo etilib, foydalanishga topshirilgan mazkur “Zarkent” sanatoriysining bunyod etilishiga davlatimiz rahbarining Toshkent viloyatiga tashrifi davomida ilgari surgan ezgu tashabbus hamda taklifi asos boʻldi.

Tantanali tadbirda “Zarkent” sanatoriysi direktoriga yangi sihatgohning ramziy kaliti, dam olish maskanida foydalanilishi uchun «Lasetti» va “Damas” avtomobillari topshirildi.

Goʻzal Parkentning soʻlim va maftunkor Zarkent qishlogʻida barpo etilgan, dam olib, davolanuvchilar uchun barcha zarur shart-sharoitlar va qulayliklar yaratilgan mazkur zamonaviy “Zarkent” sanatoriysi joylashgan hududi, iqlimi, tabiatining shifobaxsh xususiyatiga koʻra nafas yoʻllari va asab tizimi kasalliklarini davolashga ixtisoslashgan.

Umumiy maydoni 2,8 gektar boʻlgan sihatgoh tashxislash va davolash ishlari bilan birga salomatlikni tiklash va turli kasalliklarning oldini olishga xizmat qiluvchi soʻnggi rusumdagi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Dam oluvchilar uchun bu yerda fizioterapiya, jismoniy tarbiya, uqalash, suv bilan davolash, fitoterapiya, lazerli terapiya, psixoterapiya kabi usullardan keng foydalangan holda muolajalar amalga oshiriladi.

150 oʻringa moʻljallangan toʻrt qavatli “Zarkent” sanatoriysida barcha qulayliklar bir joyning oʻzida, yaxlit holatda tashkil etilgan. Yaʼni yotoqxona, davolash boʻlimi, oshxona, klub, kutubxona, maʼmuriy boʻlim, laboratoriya va boshqa xizmatlar bir binoning oʻzida joylashgani bois dam olib, davolanuvchilar uchun katta qulayliklar yaratilgan. Sihatgohdagi barcha xonalar eng zamonaviy mebel va anjomlar bilan jihozlangan.

Shuningdek, yangi sihatgoh hududida keng koʻlamli obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilib, bogʻ va gulzorlar barpo etildi. Yangi sanatoriydagi qurilish-bunyodkorlik ishlari, uni zamonaviy mebellar va inventarlar, tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash ishlariga Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan 50 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirildi.

Yana bir muhim jihat, ushbu sanatoriyning ishga tushirilishi natijasida yuzga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratilib, mahalliy aholi vakillari ish bilan taʼminlandi. Umuman olganda, mazkur sanatoriy Toshkent viloyati va mamlakatimizning mehnatkash xalqiga munosib tuhfa boʻldi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Rahim SHERQULOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер