Paxta-toʻqimachilik klasterlari: xom ashyodan – tayyor mahsulotgacha
Foto: “Xalq soʻzi”
Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida oʻtkazilgan mediaturda paxtachilikda klaster tizimining joriy etilgani, bu tizim orqali fermer xoʻjaliklarini yangi texnikalar bilan taʼminlanayotgani, barcha moddiy resurslar oʻz vaqtida yetkazib berilishi natijasida paxta hosildorligi keyingi uch yilda 5-6 sentnerga oshirilgani haqida maʼlumot berildi.
Xususan, bu yil Sirdaryo viloyatida paxta hosildorligi 40 sentnerga yetishi kutilmoqda. Viloyatning tuproq va boshqa murakkab tabiiy-iqlimiy sharoiti hisobga olinsa, bu juda yuqori va hudud paxtachiligida eng yuqori koʻrsatkich hisoblanadi. Shu bilan birga hosil tannarxi ham arzonlashib, daromad koʻtarilmoqdaki, bu ikki yutuqning omili sohada yangi tizim – klasterlarning tashkil qilinishi, innovatsion agrotexnologiyalar, xususan tomchilatib sugʻorishning yil sayin keng qoʻllanilayotgani tufaylidir.
Hozirda viloyatda 9 ta paxta-toʻqimachilik klasteri mavjud. Ular 1986 ta fermer xoʻjaligi bilan shartnoma tuzgan. Sayxunobod tumanidagi “POLY TEX SIRDARYO” klasteri tashkil etilganiga hali koʻp vaqt oʻtmagan boʻlsada, erishayotgan yutuqlar ancha salmoqli.
— Biz qishloq xoʻjaligini sanoatlashtirish yoʻnalishida faoliyat yurityapmiz, — deydi “POLY TEX SIRDARYO” agroklasteri masʼuliyati cheklagan jamiyati bosh direktori Durbek Abdurahmonov. — Klasterimiz tarkibida yogʻ-moy va ip-kalava ishlab chiqarish korxonalari bor. Yaqin kelgusida amalga oshiriladigan loyihalarimizda esa paxta xomashyosini tayyor mahsulotga aylantirishdek sanoat zanjirini yaratish koʻzda tutilgan.
Eʼtiborlisi, klaster dalalaridagi hosilning asosiy qismi terim mashinalarida yigʻib olinayotir. Hisob-kitoblarga koʻra, mashina terimi qoʻl terimiga nisbatan xarajatni 30 foizga kamaytirmoqda. Bunda eng unumli, zamonaviy terim mashinalaridan foydalanishga alohida eʼtibor berilayotgani ham muhim ahamiyatga ega boʻlayotir.
Mediatur ishtirokchilari klaster dalalaridan birida “John deere” rusumli paxta terish mashinasining texnik imkoniyatlari va ishlash jarayoni bilan tanishtirildi. Maʼlum qilinishicha, mazkur agregatlar vositasida bir kunda 40-50 tonnadan oshiq paxta terish mumkin. Uning kunlik natijasi esa qariyb 400 kishining qoʻl terimidagi koʻrsatkichiga teng. Maʼlumot uchun aytish lozimki, hozirgacha Sirdaryo viloyatida saranjomlangan hosilning yarmidan koʻpi mashinalar yordamida terib olindi. Mutasaddilarning aytishicha, ushbu koʻrsatkich oʻtgan yildagidan ancha baland va u keyingi yilda yanada oʻsishi kutilyapti. Mediaturda maʼlum qilinishicha, joriy yilda mamlakatimiz paxta-toʻqimachilik klasterlari va fermerlari tomonidan 5 mingtadan ortiq yuqori unumli qishloq xoʻjaligi texnikalari, jumladan, terim agregatlari xarid qilindi.
Jurnalistlar shuningdek, Jizzax viloyatining Doʻstlik tumanidagi “Abay ota”, Paxtakor tumanidagi “Zokir 25” fermer xoʻjaliklari, “Paxtakor teks” klasteri faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar.
Ahmadali ShERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring