Payariqda 4 ta mahalla fuqarolar yigʻini oʻzining yangi binosiga ega boʻldi

18:35 20 May 2024 Jamiyat
197 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqand viloyatida mahalla fuqarolar yigʻinlarida faoliyat koʻrsatayotganlar uchun zarur sharoit yaratish va ularning moddiy texnik bazasini mustahkamlashga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Ana shu maqsadda hududlarda yangi binolar qurilib foydalanishga topshirilyapti.

Kuni kecha Payariq tumanidagi Bahor, Navbahor, Aliobod va Qirqovul mahalla fuqarolar yigʻinlari oʻzining yangi binosiga ega boʻldi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirlarda viloyat prokurori M.Eshnazarov, viloyat xalq qabulxonasi boshligʻi M.Turdiyev, Oʻzbekiston mahallalar uyushmasi viloyat boshqarmasi boshligʻi Sh.Yo'ldoshev, tuman hokimi I.Jabborov va sektor rahbarlari ishtirok etdi.

— Shu paytgacha 1982-yilda qurilgan, eski, sharoitga ega boʻlmagan qishloq vrachlik punkti binosida faoliyat yuritishimizga toʻgʻri kelayotgan edi, — deydi Bahor mahallasi raisi Zafar Hayitov. — Sharoitning yoʻqligi ham salomatligimiz, ham ish samaradorligimizga salbiy taʼsir qilayotgandi. Yil boshida mahallaning oqsoqollari bilan kengashib, hashar yoʻli bilan markaz qurishga qaror qildik. Xalqimiz bir yoqadan bosh chiqardi, 4 oy deganda ishimiz bitdi. Homiylar koʻmagida bino toʻliq kompyuter va boshqa kerakli jihozlar bilan taʼminlandi.

Zamonaviy binoda mahalla yettiligining har biri uchun barcha qulayliklarga ega alohida xonalar ajratilgan.

Yangi binolarning ochilishiga bagʻishlangan tadbirlarda soʻzga chiqqanlar mahalla institutining hayotimizdagi oʻrni, insonlar tarbiyasidagi roli haqida toʻxtaldi. U yoshlarni jamiyatning bir qismi boʻlishga oʻrgatuvchi, ularda insoniylik, xalqparvarlik, vatanparvarlik tuygʻularini shakllantiruvchi ulugʻ maskanligi, mahalla obodligiga hissa qoʻshish har bir fuqaroning burchi ekanligi taʼkidlandi.

Tantanali tadbir doirasida hududdagi sharoiti ogʻir oila farzandining xatna toʻyi ham oʻtkazib berildi. Mahalla qurilishida faollik koʻrsatganlarga tashakkurnoma va esdalik sovgʻalar topshirildi.

Shunday tadbirlar tumanning Navbahor, Aliobod, Qirqovul mahallarida ham oʻtkazildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер