Pahlavon Mahmud izdoshlari
6-sentyabr — “Kurash” milliy sport turi kuni
Odilbek ODAMBOYEV/“Xalq soʻzi”. Har bir mamlakat, har bir xalqning oʻziga xos milliy sport oʻyinlari bor. Ajdodlarimiz tomonidan mardlik, bagʻrikenglik, olijanoblik va halollikning timsoli sifatida eʼzozlanib kelingan kurash uch yarim ming yillik tarixga ega va bugun dunyoda jadal rivojlanayotgan zamonaviy xalqaro sport turidir. Bir paytlar toʻy, bayram va sayllarning tor doirasidan chiqa olmagan kurash istiqlol sharofati bilan dunyo sportiga aylandi.
Osiyo, Yevropa va Amerikaning 28 davlati vakillari ishtirokida 1998-yilda oʻtkazilgan taʼsis kongressida Kurash xalqaro assotsiatsiyasi (IKA)ga asos solindi. Hozirgi vaqtda 130 dan ortiq mamlakatlarda kurash federatsiyalari, barcha qitʼalarda kurash konfederatsiyalari faoliyat yuritmoqda. 2017-yil 20-sentyabrda Ashxobod shahrida boʻlib oʻtgan Osiyo Olimpiya kengashining 36-Bosh assambleyasida kurash tarixda ilk bor XVIII yozgi Osiyo oʻyinlari dasturiga rasman kiritildi. Kelgusida kurashni yozgi Olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritish boʻyicha ham faol saʼy-harakatlar olib borilyapti. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-oktyabrdagi “Kurash” milliy sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, 6-sentyabr mamlakatimizda “Kurash” milliy sport turi kuni etib belgilandi va bu Kurash xalqaro assotsiatsiyasi tashkil topgan kun bilan ramziy maʼnoda bogʻliqdir.
Polvonlar piri deya ulugʻlanadigan Pahlavon Mahmud vatani – Xorazmda kurash azaldan elning faxri, gʻururi, betakror qadriyati darajasiga koʻtarilgan. Bu zamindan xalqaro kurash musobaqalari gʻolibi boʻlgan nomdor polvonlar yetishib chiqqan.
— Oʻzbekning bolasi tetapoya boʻlib yurishdan oldin kurash tushishni oʻrganadi, — deydi Pahlavon Mahmud haqidagi qator kitoblar muallifi, mashhur polvon Raximboy Sherjanov. — Oʻzbek kurashi ushbu xalqning mardligi, adolatparvarligi, tantiligi kabi sifatlarni mujassam qilgan. Uning qoidalari bilan tanishsangiz buni darrov anglaysiz. Kurashda polvon olishi mumkin boʻlgan eng yuqori baho – “halol”. Eng ogʻir jazo esa – “gʻirrom”. Shu ikki soʻzning oʻziyoq oʻzbek kurashining haqqoniyligi, mazmun-mohiyatini toʻla ochib beradi.
Viloyatda sportning ushbu turini rivojlantirish uchun Yangibozor tumani “Doʻstlik” mahallasida joylashgan sport bazasi rekonstruksiya qilinib, kurash mahorat maktabi tashkil qilindi. Buning uchun byudjetdan 5 mlrd. 591 mln. soʻm mablagʻ sarflandi. Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-iyundagi “Kurash mahorat maktablari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 353-sonli qaroriga asosan viloyatda respublikada birinchilardan boʻlib kurash mahorati maktabi faoliyatini boshladi.
— Kurash mahorat maktabi 140 nafar sportchiga moʻljallangan boʻlib, joriy oʻquv yilida 80 nafar oʻquvchi qabul qilindi, — deydi maktab direktori Jamshid Ramazonov. — Yoshlarga kurash sporti sir-asrorlarini oʻrgatish, mashhur polvonlarimiz anʼanalarini davom ettirish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Aminmanki, endilikda bu dargohdan Vatanimiz dovrugʻini dunyoga taratadigan, kuragi yerga tegmaydigan zabardast polvonlar yetishib chiqadi.
6-sentyabr – “Kurash” milliy sport turi kuni munosabati bilan Yangibozor kurash mahorati sporti maktabi ochilishiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi. Unda ishtirok etgan sport faxriylari, keng jamoatchilik vakillari mamlakatimizda ommaviy sport turlarini rivojlantirishga qaratilgan eʼtibor tufayli xalqaro musobaqalarda ulkan yutuqlar qoʻlga kiritilayotganini eʼtirof etdilar. Yaqinda Parijda oʻtkazilgan Yozgi Olimpiada oʻyinlarida sportchilarimiz erishgan tarixiy gʻalabalarni esga olib, ayni kunlarda paralimpiyachilar gʻoliblik estafetasini munosib davom ettirayotganini taʼkidladilar.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdir”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring