Oʻzbekistonning silga qarshi kurash boʻyicha tajribasi JSST tomonidan eʼtirof etildi
Sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiya Jenevada amaliy tashrif bilan boʻlib turibdi.
Mamlakatimiz vakillari 194 davlatdan delegatlar ishtirok etgan Jahon sogʻliqni saqlash assambleyasining 76-sessiyasi ishida faol ishtirok etmoqda.
Jumladan, sil kasalligiga barham berish masalalariga bagʻishlangan sessiya doirasida tashkil etilgan maxsus tadbirda ishtirokchilarning bor eʼtibori Oʻzbekistonda sogʻliqni saqlash sohasini isloh qilish boʻyicha vazifalarga qaratildi.
Maʼlumki, joriy yilning sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining silga qarshi kurash boʻyicha yuqori darajadagi yigʻilishi boʻlib oʻtadi. Uchrashuvga tayyorgarlik doirasida tashkil etiladigan interaktiv eshituvlar Oʻzbekiston va Polsha tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Bu haqda vazir Amrullo Inoyatov oʻz nutqida batafsil toʻxtalib oʻtdi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan silga qarshi kurash xizmatini isloh qilish natijasida bugungi kunga qadar qariyb 130 ming kishining hayoti saqlab qolingani, kasallanish darajasi 43 foizga, oʻlim holatlari esa 84 foizga kamaydi.
Ayni paytda mamlakatimizda sil kasalligini aniqlash boʻyicha 5 bosqichli zamonaviy laboratoriya tizimi yaratilgan. Ushbu kasallikning oldini olish, tashxis qoʻyish va davolash uchun zarur boʻlgan barcha dori-darmonlar davlat tomonidan bepul taqdim etiladi.
2023-yilga moʻljallangan Davlat dasturiga muvofiq, 2023-2026-yillarda dori vositalari va sarf materiallari, tibbiy asbob-uskunalar, mutaxassislar tayyorlash va innovatsion ilmiy tadqiqotlar uchun davlat byudjetidan 33 million dollar, xalqaro donorlar hisobidan 26,5 million dollar ajratish rejalashtirilgan.
Oʻzbekistonning 13 ta maʼmuriy hududida “Oʻpka salomatligi” mobil brigadalari tashkil etilib, ular chekka va borish qiyin boʻlgan hududlar aholisini bepul tibbiy koʻrikdan oʻtkazmoqda.
Ftiziatriya va pulmonologiya xizmatlari integratsiyasi natijasida oʻpka kasalliklarini davolash uchun tibbiy yordam koʻrsatishning universal va yuqori texnologiyali tizimi yaratilmoqda.
Vazir oʻz nutqida, shuningdek, mazkur tadbirda bildirilgan barcha fikrlar BMT Bosh Assambleyasining Siyosiy deklaratsiyasiga kiritiladigan yakuniy takliflarni ishlab chiqishda inobatga olinishini taʼkidladi.
Tadbir soʻngida Oʻzbekistonning silga qarshi kurash tajribasi yana bir bor BMT tomonidan yuqori baholanib, boshqa davlatlar uchun namuna sifatida eʼtirof etildi.
Eslatib oʻtamiz, JSST 2035-yilga borib sil kasalligidan oʻlim darajasini 95 foizga kamaytirish boʻyicha strategik maqsadni qabul qilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring