Oʻzbekistondagi yagona ovchi ayol haqida eshitganmisiz?
Foto: “Xalq so‘zi”
Iqlima Joʻrayeva Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanida istiqomat qiladi. Tadbirkor. Yangilikka oʻch. Jamoat ishlarida faol. OʻzLiDeP aʼzosi. Viloyatda turli tashkilotlar tomonidan oʻtkazilgan “Eng zoʻr pazanda”, “Yilning eng yaxshi tadbirkor ayoli”, “Turizm sohasining eng shijoatli ayoli”, “Anor” koʻrik-tanlovlarining gʻoliblari qatoridan oʻrin olgan.
Bu tinib-tinchimas opaxon ovchilik bilan ham shugʻullanadi. Aytishlaricha, u mamlakatimizdagi yagona ovchi ayol sanaladi.
—Tabiatim shunaqa: boshqa ayollar qoʻl urmagan ishlar meni oʻziga ohanrabodek tortadi, — deydi biz bilan suhbatda u. — Ovchilik bilan shugʻullanayotganimga yigirma yil boʻldi. Quyon, bulduruq, kaklik ovlayman. Bilasizmi, ovchilik kishidan har tomonlama hushyor, sergak boʻlishni talab qiladi. Otgan oʻqingiz qayerga borishini oldindan bilishingiz kerak. Boshqacha aytganda, ovchida oltinchi hissiyot boʻlmogʻi zarur. Hatto yovvoyi qushlaru hayvonlarning feʼl-atvoridan xabardor boʻlmoq darkor. Shunda ovingiz baroridan keladi.
— Oʻljani nishonga olayotganingizda yuragingiz “jiz” etmaydimi? — oʻsmoqchilab soʻraymiz undan.
— Bilasizmi, yovvoyi tabiatning, choʻl havosining oʻziga yarasha gashti, hayvonu qushlar goʻshtining salomatlik uchun foydali tomonlari bor. Ham dam olasiz, ham shifo topasiz. Tabib tabib emas, boshidan oʻtkazgan tabib», deydi xalqimiz. Men bu gapni oʻz boshimdan kechirganlarimdan kelib chiqib aytyapman. Bir muddat tobim qochib, dunyo koʻzimga qop-qorongʻi tuyulgan. Shukr, u kunlar ortda qoldi.
Hayotda rahmdil insonman. Lekin u yoki bu kasallikdan aziyat chekayotgan kishining sogʻayib ketishi, oilasi bagʻriga qaytishini hammasidan muhim deb bilaman. Faqat ish tabiatni asrab-avaylashga qaratilgan qonun talablari doirasida bajarilsa, bas. Bilsangiz, hayot sizu biz oʻylagandan koʻra goʻzal. tashvishlar bilan boʻlib ayrim paytlarda buni chuqur his etmaymiz.
Ovchi opaning bu haqida toʻxtalishi bejiz emas. Gʻijduvon shahrida u savdo va umumiy ovqatlanish hamda mehmonxona biznesi yoʻnalishlarida tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻygan. 45 ta ish oʻrni yaratgan. Umumiy ovqatlanish shoxobchasida mijozlar buyurtmasiga koʻra yovvoyi hayvon va qushlar goʻshtidan tansiq taomlar tayyorlanadi. Tabiiyki, ularning barchasi shifobaxsh xususiyatga ega. Masalan, ilon goʻshti shoʻrvasi immunitetni oshiradi, kishining yuqumli kasalliklarga chalinishi yoʻliga gʻov boʻladi.
— Yigirma chogʻi ilonimiz bor, yuz boshdan ziyod tustovuq parvarish qilamiz, — deydi Iqlima opa. — Yigirmaga yaqin ot va tuya sotib olganmiz. Tustovuqni uy sharoitida koʻpaytiramiz.
Oʻz-oʻzidan suhbatimiz ovchi opaning tadbirkorlik faoliyatiga borib taqaldi. Gap shundaki, I. Joʻrayeva rahbarlik qilayotgan “Koʻkcha oltin moʻyna” masʼuliyati cheklangan jamiyati Gʻijduvonda birinchi boʻlib ekologik turizmni yoʻlga qoʻymoqda. Buning uchun korxonaga choʻldan 75 gektar yer ajratildi.
— Buxoroning qadimiy yodgorliklarini tomosha qilgani koʻplab mehmonlar keladi, — deya davom etadi qahramonimiz. — Biz oʻz tajribamizda koʻryapmizki, choʻllarimizning betakror tabiati, xalqimizning turmush tarzi, tansiq taomlarimiz ham xorijiy sayyohlarni oʻziga maftun etmoqda. Shuni inobatga olib, eko va gastronomik turizmni ravnaq toptirishga oʻz hissamizni qoʻshmoqchimiz. Loyihaga koʻra, korxonamiz uchun choʻlda dam olish zonasi barpo etamiz. Sayyohlar u yerda ot sporti bilan shugʻullanishlari, baliq ovlashlari, tuya suti va qimiz ichishlari, oʻz qoʻllari bilan ovqat pishirishlari, miriqib hordiq chiqarishlari mumkin boʻladi. Biznes loyihaning qiymati 11 milliard soʻmni tashkil etadi. Bunda moliyaviy muassasa koʻmagiga ham tayanamiz.
Iqlima opa uchun hamma ish silliq kechgan emas, albatta. Izlanish, intilish, ishtiyoq, ishonch va ona – yurtga mehru muhabbat bu qatʼiyatli ayolga qoʻl-qanot boʻlmoqda.
Istam Ibrohimov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring