Oʻzbekistondagi kambagʻallik darajasi 4-yil ichida 23 foizdan 11 foizga tushirildi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida oʻtayotgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilari kengashining toʻqqizinchi yillik yigʻilishida nutq soʻzlamoqda.
Davlatimiz rahbari Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilar kengashining yillik yigʻilishi mintaqamizda ilk bor oʻtkazilayotganini taʼkidladi:
“Bu nufuzli anjumanning navbatdagi, toʻqqizinchi majlisi uchun aynan Oʻzbekiston tanlanganini biz oʻzaro hurmat va ishonchga asoslangan hamkorligimizning yuksak namunasi, deb bilamiz”.
Soʻnggi yillarda Yangi Oʻzbekiston muhim global va mintaqaviy masalalarni muhokama qilish, ularga samarali yechimlar topish uchun xalqaro muloqot maydoniga aylanib borayotgani qayd etildi.
OBIIning yillik yigʻilishida ham dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlaridan 2 mingga yaqin vakil qatnashmoqda.
“Hech kimga sir emas, dunyodagi tahlikali vaziyat kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Hozirda jahondagi murakkab geosiyosiy vaziyat, global iqtisodiyotdagi beqarorlik, oziq-ovqat va energiya resurslari tanqisligi, kambagʻallik, ekologiya muammolari tobora oʻtkir tus olib bormoqda.
Masalan, oʻrtacha global harorat 2040-yilga qadar 1,5 darajaga ortishi prognoz qilingan edi. Lekin hozirgi vaziyatda bu holat 2030-yildayoq yuz berishi mumkinligi bizni jiddiy xavotirga solyapti.
Dunyo aholisining toʻrtdan bir qismi toza ichimlik suvi muammosiga duch kelmoqda. Iqlim oʻzgarishi surʼatlari tezlashishi oqibatida oziq-ovqat tanqisligi global xavfga aylandi. Natijada dunyoda 800 millionga yaqin aholi oʻta ogʻir kambagʻallik sharoitida yashayapti.
Turli mintaqalarda avj olayotgan ziddiyatlar bois anʼanaviy logistika yoʻnalishlari mutlaqo oʻzgaryapti. Mahsulot yetkazish zanjiridagi uzilishlar xomashyo va isteʼmol tovarlarining qimmatlashishiga sabab boʻlyapti”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari bularning barchasi mavjud infratuzilmaga boʻlgan yuklamani keskin oshirishi va global iqtisodiy taraqqiyotga katta toʻsiq boʻlishini qayd etdi.
Ekspertlar fikriga koʻra, 2030-yilgacha dunyoda yangi infratuzilma uchun 15 trillion dollar investitsiya talab qilinadi. Shuningdek, xorijiy investitsiyalar oqimi soʻnggi ikki yildan buyon 10 foizdan kamaymoqda, dunyoda moliyaviy resurslar qariyb 2 barobar qimmatlashdi.
Bu muammolar barcha mamlakatlarning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishini qiyinlashtirayotgani koʻrsatib oʻtildi. Bunday sharoitda global xavf-xatarlar oqibatlarini yumshatish, barqaror oʻsish, aholi turmush sharoitini yaxshilashda xalqaro moliya tashkilotlarining roli yanada oshib bormoqda.
“Bu borada Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki qisqa davr ichida 55 milliard dollarlik loyihalar portfeli bilan nafaqat mintaqa, balki jahon miqyosidagi eng nufuzli moliya tashkilotlaridan biriga aylanganini alohida eʼtirof etish lozim.
Soʻnggi yillarda Yangi Oʻzbekistonda ortga qaytmas tus olgan islohotlar va tub oʻzgarishlar jadal amalga oshirilmoqda. Biz iqtisodiyotni liberallashtirish, xalqimizning turmush darajasi va farovonligini yuksaltirishga asosiy eʼtibor qaratyapmiz.
Oʻtgan davrda yalpi ichki mahsulotimiz hajmi 2 barobar koʻpayib, ilk bor 100 milliard dollardan oshdi. Kelgusi besh yilda bu raqamni 160 milliard dollarga yetkazishni reja qilganmiz.
Bundan koʻzlangan asosiy maqsad – mamlakatimizni aholisi daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan mamlakatlar qatoriga olib chiqishdir. Ushbu maqsadlarga erishish uchun oldimizga katta-katta marralarni qoʻyganmiz” dedi Prezident.
Toʻrt yil ichida mamlakatimizdagi kambagʻallik darajasini 23 foizdan 11 foizga tushirishga erishilgani taʼkidlandi. Joriy yil bu koʻrsatkichni 9 foizgacha, 2030-yilga qadar esa 2 barobar pasaytirish maqsad qilingan.
“Bizning islohotlarimiz tub negizida tadbirkorlikni faol qoʻllab-quvvatlash, odamlarimiz uchun barcha sohalarda yangi ish oʻrinlarini va daromad manbalarini koʻpaytirishdek ustuvor vazifa mujassam.
Shu bilan birga, aholining sifatli taʼlim va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, uy-joy sharoitlarini yaxshilash, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, eng ogʻir hududlarda infratuzilma tarmoqlarini barpo etishni qamrab olgan “koʻp oʻlchovli” kambagʻallikni qisqartirish dasturini amalga oshiryapmiz.
Shu bois ilgʻor xorijiy yondashuvlar asosida eng quyi boʻgʻin – mahalla darajasiga tushgan holda kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha Oʻzbekiston tajribasini yaratdik. Yaqinda iqtisodiyot boʻyicha Nobel mukofoti sovrindori janob Abxijit Banerji “Oʻzbekistondagi mahalla tizimi har bir muhtoj oilani kambagʻallikdan olib chiqish boʻyicha oʻzining noyob retseptiga ega”, deb taʼkidlagani ham bejiz emas”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Oygul Xalilova vafot etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring