Oʻzbekistonda turbinali oʻpkani sunʼiy shamollatish apparati milliy brend ostida ishlab chiqariladi

14:54 05 Iyun 2023 Jamiyat
559 0

Nukus shahrida boʻlib oʻtgan Anesteziologlar va reanimatologlarning Birinchi taʼlim forumida Oʻzbekistonda milliy brend ostida ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan turbinali oʻpkani sunʼiy shamollatish apparati konsepsiyasi taqdimoti oʻtkazildi. Loyiha mualliflari xorijiy analoglardan turli koʻrsatkichlar boʻyicha yuqori boʻlgan innovatsion tibbiyot uskunasini ishlab chiqarishni maqsad qilganlar.

Loyiha Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan narkoz-nafas olish uskunalarini yigʻish bilan shugʻullanuvchi CHIRANA ASIA kompaniyasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish markazi, Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Nukus filiali tomonidan amalga oshirilmoqda.

Uskunani ishlab chiqarishga Oʻzbekiston va Rossiyaning taniqli konstruktorlar, muhandislar, dasturchilar, sanoat dizaynerlari, marketologlar jamoasi jalb etilgan. Yangi yaratilayotgan uskuna – oʻpkani sunʼiy shamollatish apparatida sunʼiy intellekt boshqaruvi va nazorati, oʻpkasi ogʻir shikastlangan bemorlarni davolash uchun koʻp darajali shamollatish opsiyalari, shamollatishning davolovchi va yordamchi rejimlarini sozlashning kengaytirilgan imkoniyatlari boʻlishi koʻzda tutilgan.

Bunda uskunani ishlab chiqarish texnologiyasida mahalliy davolash muassasalarining intensiv terapiya boʻlimlarida tibbiy texnikalardan foydalanishning oʻziga xos jihatlari va talablari imkon qadar hisobga olingan: avtonom ishlash, yuqori va past haroratlarda foydalanish, kislorod berishning markazlashgan tizimining mavjudligi yoki yoʻqligi kabi.

Loyihaning ilmiy-tadqiqot ishlari, tajriba-konstruktorlik ishlari, detallar va uzellar joylashuvining umumiy konsepsiyasi, tajriba namunasini sinovdan oʻtkazish, metodik qoʻllanmalarni yaratish ishlari Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish markazi, Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Nukus filiali tomonidan amalga oshiriladi.

Innovatsion rivojlanish agentligi hamkorligida “Chirana Asia” qoʻshma korxonasi texnik takliflar ishlab chiqarish, eskiz namunalarini yaratish, dasturiy yechimlar va konstruktorlik hujjatlarini ishlab chiqish, sinov modelini ishlab chiqarish, seriyali modellarni chiqarish, marketing masalalarini yoʻlga qoʻyadi.

Klinik sinovlar Toshkentdagi 1-shahar klinik shifoxonasida amalga oshirilishi nazarda tutilgan boʻlib, mazkur loyiha yurtimiz tibbiyot asbobsozligi sohasining rivojlanishiga katta hissa qoʻshadi va mamlakatimizning texnologik mustaqilligi sari katta qadab boʻlib xizmat qiladi. Uskunaning sinov namunasini joriy yilning oxiri-kelgusi yilning boshlariga moʻljallangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?