Oʻzbekiston va Rossiya Prezidentlari koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishga intilish qatʼiyligini tasdiqladilar
Koʻksaroy qarorgohida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning tor doiradagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari oliy martabali mehmonni samimiy qutlar ekan, Rossiya Prezidenti qayta saylanganidan soʻng ilk xorijiy tashriflaridan birini aynan Oʻzbekistonga amalga oshirayotganini alohida taʼkidladi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish masalalari koʻrib chiqildi.
Tashrifga tayyorgarlik doirasida parlament aʼzolarining uchrashuvlari, siyosiy maslahatlashuvlar, “Innoprom” koʻrgazmasi, ikki mamlakat yetakchi muhandislik-texnik oliy oʻquv yurtlari rektorlari va nufuzli tibbiyot muassasalari rahbarlarining anjumanlari samarali oʻtgani, Toshkentda Rus sanʼati haftaligi tadbirlari davom etayotgani taʼkidlandi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikning oʻsib borayotgan surʼati mamnuniyat bilan qayd etildi. Oʻzaro tovar ayirboshlash va Rossiyadan investitsiyalar hajmi koʻpaymoqda, sanoat kooperatsiyasi rivojlanmoqda. Qoʻshma loyihalar portfeli 45 milliard dollarni tashkil etdi.
Yetakchi korxonalarning qoʻshma loyihalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Qoʻshma investitsiya platformasini ishga tushirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Prezidentlar hududlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligini taʼkidladilar. Bugun davlat rahbarlari raisligida Oʻzbekiston va Rossiya hududlari kengashining birinchi majlisi boʻlib oʻtadi.
Shuningdek, yetakchilar energetika, shu jumladan atom energetikasi, qishloq xoʻjaligi, innovatsiyalar, migratsiya, xavfsizlik va boshqa sohalarda oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalarini atroflicha muhokama qildilar.
Koʻp qirrali madaniy-gumanitar almashinuv rivojlanayotganiga yuqori baho berildi. Tashrif davomida Madaniy hamkorlik dasturi qabul qilinadi.
Taʼlim va muhandis kadrlarni tayyorlash sohalaridagi hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi. Oʻzbekistonda Bauman nomidagi Moskva texnika universiteti va Butunrossiya tashqi savdo akademiyasi filiallarini ochish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.
Davlat rahbarlari tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring