Oʻzbekiston va Rossiya delegatsiyalarining kengaytirilgan muzokaralari boʻlib oʻtdi

16:48 27 May 2024 Siyosat
1310 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin muzokaralarni rasmiy delegatsiyalar ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom ettirdilar.

Muzokaralarda Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasidagi keng qamrovlik strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini, eng avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish masalalari batafsil muhokama qilindi.

Ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi yuksak darajasi va oʻziga xosligi, davlatlararo hamkorlikning barcha soha va yoʻnalishlarini qamrab olganligi mamnuniyat bilan taʼkidlandi.

– Sizning davlat tashrifingizni haqli ravishda tarixiy deb atash mumkin. Bu tashrif mamlakatlarimiz oʻrtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarida yangi bosqichni boshlab bermoqda, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Muzokaralar davomida tomonlar parlamentlar, hukumatlar, vazirliklar, idoralar, hududlar, jamoatchilik, ekspertlar va ishbilarmon doiralar darajasidagi faol aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar.

Bu maqsadda Bosh vazirlar darajasidagi Qoʻshma komissiya va Hukumatlararo komissiyaning imkoniyatlaridan toʻliq foydalaniladi, ularning navbatdagi yigʻilishlari shu yil oxirigacha oʻtkaziladi.

Shuningdek, muntazam siyosiy maslahatlashuvlarni, BMT, MDH, SHHT kabi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar hamda boshqa koʻp tomonlama platformalar doirasida yaqin hamkorlikni davom ettirish zarurligi taʼkidlandi.

Oʻzaro savdo aylanmasining barqaror surʼati mamnuniyat bilan taʼkidlandi. Soʻnggi 7-yilda u 2,5 barobar oshdi. Tomonlar yangi maqsadli koʻrsatkichga - yaqin istiqbolda savdo hajmini 30 milliard dollarga yetkazishga kelishib oldilar.

Ushbu vazifani amalga oshirishga koʻmaklashish uchun Rossiyada Oʻzbekistonning toʻlaqonli savdo vakolatxonasi tashkil etiladi.

Bugungi sammitga energetika, metallurgiya, neft-kimyo, mashinasozlik, togʻ-kon sanoati, qishloq xoʻjaligi, logistika, farmatsevtika, sunʼiy intellekt va boshqa koʻplab yoʻnalishlarda 20 milliard dollardan ortiq qiymatda yangi sanoat kooperatsiyasi loyihalari tayyorlandi.

Bu kabi loyihalarni ilgari surish uchun qoʻshma Investitsiya platformasi ishga tushiriladi.

Energetika sohasida gaz tashish tizimini modernizatsiya qilish, gaz, neft va neft mahsulotlari yetkazib berish hajmini oshirish, uglevodorodlarni qayta ishlash loyihalarini amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Bundan tashqari, tashrif doirasida Oʻzbekistonda kam quvvatli atom elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirish boʻyicha kelishuvlar imzolanadi.

Hududlar oʻrtasidagi hamkorlik ham jadal rivojlanib borayotgani alohida taʼkidlandi. Oʻtgan hafta Oʻzbekistonning barcha hududlari rahbarlari tashrif bilan Rossiyada boʻldilar. Bugun davlat rahbarlari raisligida Oʻzbekiston va Rossiya hududlari kengashining birinchi majlisi boʻlib oʻtadi.

Oziq-ovqat xavfsizligi, innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar, sunʼiy intellekt, migratsiya kabi qator muhim yoʻnalishlar ham koʻrib chiqildi.

Madaniyat va sanʼat, fan, sogʻliqni saqlash, turizm, yoshlar va sport sohalarida faol almashinuvlar davom ettiriladi.

Tomonlar Oʻzbekistonda Bauman nomidagi Moskva texnika universiteti va Butunrossiya tashqi savdo akademiyasi filiallarini ochish boʻyicha kelishuvlar erishilganini olqishladilar.

Uchrashuv chogʻida delegatsiya aʼzolarining qisqa hisobotlari, turli sohalarda amaliy hamkorlik boʻyicha aniq takliflari tinglandi.

Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari har bir yoʻnalish boʻyicha amalga oshirish mexanizmlari nazarda tutilgan “yoʻl xaritalari”ni qabul qilishga topshiriq berdilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер