Oʻzbekiston va YEOII: hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari qanday?

07:10 23 May 2021 Iqtisodiyot
801 0

Maʼlumki, mamlakatimiz siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotida muhim ahamiyat kasb etuvchi Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan muhim islohotlar, erishilayotgan natijalar va oldimizda turgan ustuvor vazifalar chuqur tahlil etilgandi.

Xususan, mamlakatimizning tashqi siyosatini rivojlantirish, xorijiy mamlakatlar va nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan doʻstona va oʻzaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash masalalariga ham urgʻu berilgandi. Jumladan, Oʻzbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi maqomini olgani, ushbu tashkilotga aʼzo boʻlgan davlatlar bozorlarida toʻlaqonli ishtirok etish uchun milliy texnik tartibga solish meʼyorlarini ularning talablariga moslashtirish boʻyicha ishlarni jadallashtirish zarurligi qayd etilgandi.

Yevroosiyo iqtisodiy kengashi (YEOII) mamlakatlari geografik joylashuvi va tarixiy aloqalar nuqtayi nazardan Oʻzbekistonning oʻzaro manfaatli savdo sheriklari hisoblanadi.Shu sababli keyingi yillarda respublikamizda mazkur tashkilotga aʼzo davlatlar bilan tovar ayirboshlash hajmi sezilarli darajada faollashdi.

Shubhasiz, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning iqtisodiy salohiyati oshayotganligi, mamlakatimiz tashqi savdo-investitsion munosabatlarda faol ishtirokchiga aylanib, mintaqada muhim rol oʻynab kelayotganligi oʻzaro ikki va koʻp tomonlama hamkorlikning faollashishida yaqqol namoyon boʻlmoqda.

Bugungi kunda ham mamlakatimiz vakillari YEOIIning koʻp tomonlama tadbirlarida ishtirok etmoqda. Masalan, joriy yil aprel oyida Toshkent shahrida birlashmaning Sanoat siyosati boʻyicha kengashi yigʻilishi va xalqaro «Innoprom» koʻrgazmasi oʻtkazilgani xalqaro iqtisodiy aloqalar tizimida mamlakatimizning oʻrni va roli oshib borayotganidan dalolatdir.

Joriy yil 21-may kuni videoanjuman shaklida oʻtgan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yigʻilishida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, unda nutq soʻzlashi chindan-da tarixiy voqea boʻldi.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida hal etilishini talab etuvchi eng muhim vazifalarga alohida toʻxtaldi.Xususan, savdo munosabatlarini rivojlantirish, shu jumladan toʻsiqlarni bartaraf etish va savdoni notarif tartibga solish choralarini yaqinlashtirish orqali yana-da kengaytirish uchun salmoqli salohiyat mavjudligini bildirdi.

Mamlakatlarimizning yetakchi korxonalari va hududlarning sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash, Yevroosiyo taraqqiyot bankini jalb qilgan holda iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarida hamda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha loyihalarni ilgari surish muhim ahamiyatga ega ekanini aytib, transport-tranzit sohasidagi dolzarb masalalarni hal qilish va yuk tashish hajmini oshirish maqsadida oʻzaro imtiyozlarni kengaytirish lozimligini taʼkidladi.

Shuningdek, epidemiologik vaziyatning barqarorlashuvi va aholini emlash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarni hisobga olib, mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi muntazam havo va temir yoʻl qatnovini qayta tiklash taklif etildi.

Sir emas, oxirgi yillarda mamlakatimiz barqaror iqtisodiy oʻsishini taʼminlash maqsadida iqtisodiyotni modernizatsiyalash, investitsiyalar, zamonaviy texnologiyalar va nou-xaularni joriy qilishga moʻljallangan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilib, yangi istiqbolli bozorlarga chiqish boʻyicha harakatlar olib borilmoqda.Bu jarayonda mamlakatimizning kuzatuvchi davlat sifatida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlikda aniq va sezilarli natijalarga erishishi nihoyatda muhimdir.

Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekistonning YEOII bilan hamkorligi sezilarli faollashishi bizning boshqa davlatlar bilan iqtisodiy munosabatlarimizga taʼsir qilmaydi. Aksincha, tashkilotga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish maqsadini koʻzlaydigan tashabbuslar milliy manfaatlarni hisobga olgan holda, xalqlarni birlashtirishga koʻmaklashadi, mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini yuksaltiradi.

Odinaxon OTAXONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер