Oʻzbekiston — Rossiya xalqaro sogʻliqni saqlash forumida 170 dan ortiq memorandum imzolandi — SSV

22:31 04 Iyun 2023 Jamiyat
550 0

Dunyo sayqali — goʻzal Samarqand shahrida Oʻzbekiston — Rossiya xalqaro sogʻliqni saqlash forumi boʻlib oʻtdi.

Ushbu nufuzli anjumanda Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov, Rossiya Federatsiyasi Sogʻliqni saqlash vaziri M.Murashko, shuningdek diplomatik korpus vakillari, har ikki mamlakatning yetakchi tibbiyot oliy oʻquv yurtlari rektor va professorlari, nufuzli tibbiyot klinikalari, ilmiy tadqiqot institutlari, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, yirik farmatsevtika va tibbiyot kompaniyalari rahbarlaridan iborat 500 nafar qatnashchi ishtirok etdi.

Oʻzbekiston-Rossiya — strategik sherik, yaqin hamkor. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil 8-may kuni Rossiyaga qilgan amaliy tashrifi chogʻida Vladimir Putin bilan bir qancha sohalar qatorida sogʻliqni saqlash yoʻnalishida hamkorlikda tadbirlar oʻtkazish rejalari haqida soʻz yuritilgan edi. Rossiya Prezidenti Toshkent shahrida oʻtgan “Innoprom” xalqaro sanoat koʻrgazmasining samarali natijalarini yuqori baholab, tomonlar Oʻzbekiston va Rossiya hududlari darajasidagi faol muloqotlarni qoʻllab-quvvatlagan edi.

Ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro hurmat va ishonchga asoslangan koʻp qirrali munosabatlar bugun yuqori darajada. Tibbiyot yoʻnalishidagi hamkorlik qator sohalarda jadal rivojlanmoqda. Oʻzaro aloqalarni mustahkamlash, hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlarini belgilash, muhim gʻoya va tashabbuslarni ilgari surish uchun esa yangi “maydon” zarur.

Oʻzbekiston – Rossiya sogʻliqni saqlash xalqaro forumi ana shunday mushtarak maqsadlar yoʻlidagi muhim tadbir, hamkorlikning yangi bosqichi sifatida tarixga muhrlandi. Unda mamlakatlararo tibbiy hamkorlikni kengaytirish boʻyicha qator muhim masalalar muhokama etildi.

Tadbirda ikki mamlakat Sogʻliqni saqlash vazirlari soʻzga chiqib, anjuman ishtirokchilarini qutladi.

Qayd etilganidek, koronavirus pandemiyasi davrida Rossiya Oʻzbekistonga koronavirus diagnostikasi uchun test-tizimlarni begʻaraz asosda taqdim etgan birinchi davlat boʻldi. Shuningdek, koronavirusga qarshi kurashish maqsadida Rossiya tomonidan mamlakatimizga 4 ta ekspress-diagnostika koʻchma mikrobiologik laboratoriyalar ham yuborildi. Oʻz navbatida, Oʻzbekiston insonparvarlik yordami sifatida Rossiyaga millionlab dona shaxsiy himoya vositalari yetkazib berdi. Rossiyalik hamkorlar koʻmagida Oʻzbekistonda “Sputnik V” vaksinasini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

Taʼkidlash joiz, mamlakatlarimizning tibbiyot sohasidagi ikki tomonlama hamkorligi doirasida tibbiy taʼlimni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda.

Jumladan, bugungi kunda yurtimizdagi tibbiyot oliy oʻquv muassasalarida Rossiyaning 24 ta tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda qoʻshma taʼlim dasturlari asosida 12 ta bakalavriat, 10 ta magistratura va 11 ta klinik ordinatura yoʻnalishi boʻyicha kadrlar tayyorlanmoqda. Bugungi kunda Rossiya Federatsiyasining tibbiyot oliy taʼlim muassasalarida qoʻshma taʼlim dasturlari asosida bakalavriat yoʻnalishida jami 3200 nafarga yaqin, magistratura yoʻnalishida — 170 nafar, klinik ordinaturada esa 250 nafar oʻzbekistonlik talaba tahsil olmoqda.

Toshkent shaxrida N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universitetining va Jizzax shahrida Qozon federal universiteti filiallari tashkil etildi.

Oʻtgan yili V.I.Kulakov nomidagi Akusherlik va ginekologiya, perinatologiya milliy ilmiy-tadqiqot markazi mutaxassislari tomonidan mamlakatimiz perinatal xizmatining 180 nafar shifokori uchun oʻquv seminarlari va mahorat darslari oʻtkazildi.

D.Rogachev nomidagi bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va immunologiyasi milliy tibbiyot ilmiy markazida 24 nafar va N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universitetida 65 nafar shifokorlar klinik ordinaturada tahsil olishmokda.

Sankt-Peterburg vrachlar malakasini oshirish institutida Oʻzbekiston shifokorlarini 28 ta mutaxassislik boʻyicha ordinatura, aspirantura va malaka oshirish kurslarida oʻqitish uchun byudjet joylari ajratilgan.

Tibbiyot oliy taʼlim muassasalari bilan bir qatorda Rossiyaning tibbiyot klinikalari va assotsiatsiyalari va Oʻzbekistonning respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida 150 ta kelishuv va shartnomalar tuzilgan.

Sheriklik aloqalarimiz farmatsevtika tarmogʻida ham jadal rivojlanmoqda. Jumladan, oʻtgan yilning aprel oyida Toshkentda oʻtkazilgan “Innoprom: Markaziy Osiyo-2022” xalqaro koʻrgazmasi doirasida Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi, “Zuma Pharma” MCHJ va Rossiyaning “Gerofarm” korxonasi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolangan edi.

Bundan tashqari, Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi va Rossiyaning “Farmasintez” kompaniyasi oʻrtasida erilishgan kelishuvga koʻra, Oʻzbekistonda oʻsmaga qarshi dori vositalarini ishlab chiqarishga moʻljallangan korxona barpo etilmoqda.

Anjumanda tibbiyot sohasini raqamlashtirish boʻyicha qoʻshma loyihalar, kadrlarni tayyorlash, qayta oʻqitish va ularning malakasini oshirish dasturlarini amalga oshirish, birgalikda ilmiy-amaliy anjumanlar, mahorat darslarini oʻtkazish, ilmiy tadqiqotlarni olib borish, neyroxirurgiya, pediatriya, xirurgiya, kardiologiya, onkologiya yoʻnalishlarida oʻzaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Kunning ikkinchi yarmida sogʻliqni saqlash tizimining birlamchi boʻgʻinini modernizatsiya qilish va investitsiya kiritish, tibbiy taʼlimni transformatsiya qilish va yuqori malakali kadrlar tayyorlash, sohani raqamlashtirish va tizimga yangi texnologiyalarni joriy etish kabi masalalarga bagʻishlangan seksiya yigʻilishlari oʻtkazildi.

Forum doirasida qoʻshma taʼlim dasturlarini ishlab chiqish, Oʻzbekistonda Rossiya tibbiyot taʼlim muassasalari filiallarini tashkil etish, sogʻliqni saqlash sohasiga investitsiyalarni jalb qilish, sheriklikning yangi shakllarini joriy etish boʻyicha 172 ta memorandum va qator kelishuvlar imzolandi. Shuningdek, tomonlar oʻzaro hamkorlikni chuqurlashtirish va rivojlantirish boʻyicha rezolyutsiya qabul qildilar.

Anjumanda Oʻzbekistonda tibbiy taʼlimni rivojlantirish, mamlakatimiz tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish hamda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga qoʻshgan hissasi uchun Rossiya Federatsiyasi Sogʻliqni saqlash vaziri M.Murashko, Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot universiteti rektori D.Ivanov, N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti rektori S.Lukyanov, Rossiya uzluksiz kasbiy taʼlim tibbiyot akademiyasi rektori D.Sichev hamda Rossiyaning boshqa qator tibbiyot oliy taʼlim muassasalari, ilmiy tadqiqot institutlari va ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari rahbarlariga “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash aʼlochisi” koʻkrak nishoni topshirildi.

Shuningdek, bir guruh rossiyalik mutaxassislarga tashakkurnomalar va Oʻzbekiston OTMlarining faxriy professori unvonlari berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер