Oʻzbekiston — Ozarbayjon: mushtarak ildizlardan kuch olgan doʻstlik

14:40 22 Avgust 2024 Siyosat
91 0

Ozarbayjondek oʻtmishi boy, tabiati rang-barang mamlakat dunyoda kam topiladi. Kavkazortining Janubi-Sharqiy qismida joylashgan, tarixi va kelajagi shonli Ozarbayjon dunyoda oʻz oʻrniga, oʻz soʻziga ega davlat. Iqtisodiy salohiyatiga koʻra u dunyodagi tez rivojlanayotgan mamlakatlardan biri.

Qayd etish joizki, oʻzbek va ozarbayjon xalqlari oʻrtasidagi birodarlik, doʻstlik rishtalari qadim-qadimga borib taqaladi. Bu doʻstlik asrlar mobaynida bir-biridan kuch olib shakllangan.

Mushtarak ildizga ega, uzoq tarixga asoslangan munosabatlar bugun yangi davr voqeligiga mos ravishda jadal rivojlanmoqda. Va kun sayin mustahkamlanib borayotgan bu doʻstlik nafaqat davlatlarimiz, balki butun turkiy dunyo taraqqiyotiga ham salmoqli hissa qoʻshmoqda.

Mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Ozarbayjonga tashkil etilgan mediatur doirasida bunga yana bir bor guvoh boʻldik.

Tutash tomirlar

Toshkent xalqaro aeroportidan parvoz qilgan Ozarbayjon havo yoʻllariga qarashli zamonaviy layner ikki yarim soatdan soʻng Boku shahrida qad rostlagan Haydar Aliyev nomidagi xalqaro aeroportga ohista qoʻndi.

“Har qanday hudud haqidagi dastlabki taassurot ostonadan boshlanadi” deganlaridek, kutib olishga chiqqan qardoshlarimizning ilk soʻzi shunday boʻldi: “Oʻzingizni begona diyorga keldik deb hisoblamang, Ozarbayjon — sizning ham yurtingiz, oʻzbeklar — tutash tomirlarimiz!”

Maʼlumotlarga koʻra Bokuda rasman 2,3 million, biroq sayyohlarning kelib ketishi va vaqtincha yashayotgan xorijlik hamda mahalliy aholi bilan hisoblaganda 3 millionga yaqin aholi istiqomat qiladi. Oʻz faslining issiq kunlari boʻlishiga qaramay yomgʻir shivalab turibdi. Aeroportdan shahar markazidagi mehmonxonaga kelguncha qariyb 30 — 40 daqiqa oʻtdi. Shu vaqt mobaynida shaharning ancha-muncha qismini tomosha qilishga ulgurdik. Koʻchalarda avtomobillar tartib bilan harakatlanmoqda, jamoat transporti ham juda yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Eng muhimi, shahar koʻchalari juda ozoda.

Mehmon kutish, izzat-ikrom koʻrsatish qardoshlarimizga ham xos ezgu qadriyatlardan. Mehmonxonaga yetib kelgach bizni kutib olgan doʻstlarimiz oʻz tilida salom berarkan, koʻzlari chaqnab, mamnun alfozda soʻz boshladi: “Ey, qardoshim, Oʻzbekiston — biz uchun jonajon, qadrdon diyor. Siz va biz degan soʻz yoʻq, hammamiz birmiz…”

Tushlikdan soʻng safarimizning rasmiy tadbir va uchrashuvlari boshlandi.

Dastlab “AZERTAC” — Ozarbayjon davlat axborot agentligida boʻldik.

Bu yerda boshqarma boshligʻi Elshan Shaxbalayev axborot agentligi faoliyati haqida soʻzlab berdi. Oʻz navbatida, biz ham hamkorligimizning kelajak rejalari, koʻzlagan maqsadlari haqida soʻzladik.

Shundan soʻng “AZTV” — Ozarbayjon teleradiokompaniyasiga tashrif buyurib, bu yerda koʻrsatuvlar tayyorlash jarayoni bilan bevosita tanishishga muvaffaq boʻldik. “AZTV” Xalqaro munosabatlar departamenti rahbari Elnar Mamedov Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi oʻrni mustahkamlanib, nufuzi tobora oshib borayotgani katta mamnuniyat bagʻishlashini taʼkidlar ekan, uning timsolida ozarbayjon xalqining oʻzbek xalqiga mehr-muhabbatini, ehtiromini koʻrdik.

“Yoʻl xaritasi”ni amalga oshirish boʻyicha mediatsiya doirasidagi navbatdagi uchrashuv — Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida davom etdi. Unda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ijrochi direktori oʻrinbosari Natig Mammadli ikki mamlakat oʻrtasida soha boʻyicha hamkorlikni rivojlantirish, oʻzaro tajriba almashish va dezinformatsiyaga qarshi birgalikda kurashish muhimligini taʼkidlab, bu borada qilingan va amalga oshirilishi lozim boʻlgan qator vazifalar haqida maʼlumot berdi…

Ichkari shahar — Boku yuragi

Boku — hayrat va moʻjizalar makoni. Betakror shahar goʻzalligidan bahramand boʻlish ishtiyoqida oqshom Boku boʻylab sayohatga chiqdik.

Poytaxt shahardagi har detal, har bir manzaraning oʻziyoq sizga bu mamlakat va uning xalqi haqida yetarlicha tasavvur beradi. Moderncha qurilgan mahobatli va koʻrkam binolar-u omma uchun oʻrnatilgan avangard haykallar, noyob va hayratlanarli sanʼat namunalarida ham mamlakatning milliy qiyofasi, ruhi boʻrtib turganiga guvoh boʻlasiz.

Ayniqsa, koʻhna bu yurtning boy tarixi va qadimiy obidalari har qanday kishini maftun etadi. Noyob arxitektura yechimi asosida qad rostlagan tarixiy yodgorliklar, zamonaviy inshootlar har qanday kishida katta qiziqish uygʻotadi. Bularning barchasi oʻz milliy qadriyat va anʼanalarini eʼzozlaydigan, bunyodkor, izlanuvchan xalqning beqiyos mehnatlari va mamlakatdagi tinchlik, osoyishtalik samarasidir.

Eng birinchi yoʻl olgan joyimiz — Ichkari shahar.

Toʻgʻrisi, oʻziga xos bu qalʼa-shaharni koʻrib, mahobatli inshootlar orasida oʻzimizni goʻyo moʻjizalar olamiga tushib qolganday his etdik. Bir-biriga tutashib ketgan goʻzal obidalar xayolni uzoq oʻtmishga yetaklaydi. Ularning oʻziga xosligi bu zaminda milliy meʼmorchilik qadimdan yuksak darajada taraqqiy etganidan dalolat beradi.

Ming yillik tarixga ega ushbu kent Shirvonshohlar davlati poytaxti hisoblangan, shuningdek, Yaqin Sharqning eng qadimiy va madaniy markazi ham. Bu yerda 20 ga yaqin mehmonxonalar, 100 dan oshiq savdo rastalari faoliyat yuritadi, shuningdek, 1 mingdan ziyod oilalar istiqomat qiladi. Maydoni 22 gektardan iborat Ichkari shahar hududida yuzlab tarixiy yodgorliklar mavjud.

Ichkari shaharning eng diqqatga sazovor joylarini aylanar ekanmiz, haqiqatan ham, tarixan yaqinligimizni his qildik. Bu tuygʻu bizni Qiz qalʼasi, Shirvonshohlar saroyi majmuasi, Muhammad ibn Abu Bakr masjidi, Arxeologik park, “Buxoro” karvonsaroyini kezganimizda ham tark etmadi. Va amin boʻldikki, ozarbayjon xalqi tabiatidagi mehr-oqibat va mehmondoʻstlik, shonli tarix va maʼnaviyat sarchashmasi samarasida yaratilgan nodir osoriatiqalar, undagi murakkab va nafis naqshlar uygʻunligi sayyohlar, xorijiy mehmonlarning hayrat va havasiga sabab boʻlmoqda.

Keyingi manzilimiz — Hazar dengizi… Olis-olis kengliklarga uzangan, koʻz yetmas dengiz hayratimizni oshirdi. Dimogʻimizga shoʻr taʼm va ajib hid, yuzimizga dengizning qaysar shamoli urildi, bu hol ayricha tarovat, farah bagʻishladi koʻnglimizga. Sohilda sayr qilayotgan yoshlarga, sayohatga kelgan mehmonlarga, mahalliy aholi vakillariga koʻzimiz tushdi.

Sohil boʻylab biroz vaqt aylandik. Ertaga sahar turishimiz kerakligini yoddan chiqarmagan holda mehmonxonaga qaytish taraddudiga tushdik. Shu payt yuz-koʻzida oʻzgacha samimiyat zohir juftlik qayerdan kelganimiz bilan qiziqdi. Oʻzbekistonlik ekanimizni bilishgach birvarakayiga “vah, Oʻzbekiston, Diyora Keldiyorova — chempion, Lazizbek Mullojonov — chempion!” deya birma-bir sanab ketishdi. Oʻzbekiston yoshlari yuksak marralarni zabt etayotganidan, yurtimiz nomini butun dunyoga yoyayotganidan faxr tuydik.

Doʻstligimizni koʻz qorachigʻiday asrash — har birimizning vazifamiz

Safarimizning keyingi kuni tong chogʻi Ozarbayjon Respublikasining Qorabogʻ iqtisodiy zonasiga borish uchun yoʻlga tushdik.

Ilk manzilimiz — Agdam (Oqtom) shahri.

Osmonda quyosh charaqlab tursa-da, kechagi yomgʻir sababmi, salqin shamol esyapti. Tabiatning goʻzalligidan hayratlanib borarkanmiz, hamrohimiz — Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi departament rahbari Rasim Karimli yoʻl-yoʻlakay qishloqlarning tarixini hikoya qildi. Uning soʻzlariga koʻra bu yerlarda qadimiy manzillar, obidalar juda koʻp. Ammo oʻttiz yildan ziyodroq istilo bu hududlarning vayron boʻlishiga olib kelgan.

Darhaqiqat, Oqtom shahriga kela-kelguncha urush asoratlariga koʻzimiz tushdi. Vayronaga aylangan aholi punktlari huvillab yotibdi. Egasiz qolgan boQ-roQlar qarovsiz tashlab qoʻyilgan.

Bir vaqtlar jahonning buyuk allomalariga beshik boʻlgan Fuzuliy tumanida ham aholi siyrak. Uylarning toʻrt devoridan iborat vayronalar, oʻz holicha oʻsib yotgan uzumzorlar, uzoq vaqt parvarish koʻrmagan mevali daraxtlarning mungʻaygan tanalari urush ofatidan soʻzlaydi…

Bu dahshat izlarini kuzatib, tinchlik qanchalar buyuk neʼmat ekaniga yana bir bor amin boʻlik.

— Oʻzbekiston biz uchun qadrdon, qardosh yurt, — deydi biz bilan suhbatda Ozarbayjon Respublikasi Prezidentining Agdam, Fuzuliy va Xodjavend tumanlaridagi maxsus vakilligi xodimi Azer Yarishev. — Doʻstligimizni koʻz qorachigʻiday asrash har birimizning maqsadimizdir. Bugun birodarlik rishtalari, hamkorligimiz kengayib borayotir, xalqlarimiz ham, mamlakatlarimiz ham bir-biriga yelka tutib, yaxshi-yomon kunda bir-birini qoʻllab kelmoqda. Buni Fuzuliy shahrining bilim oʻchogʻiga aylangan Mirzo Ulugʻbek nomidagi maktab misolida ham koʻrish mumkin.

Darvoqe, Fuzuliy shahri markazida bunyod etilgan Mirzo Ulugʻbek nomidagi 1-umumtaʼlim maktabida boʻlganimiz safar daftarimizga alohida sahifa oʻlaroq yozildi. Aslida ham ushbu maktabni Fuzuliy shahriga qoʻr bagʻishlab turgan taʼlim saroyi, desak, mubolagʻa emas. Mamlakatimizning bu birodarlik sovgʻasini koʻrgan har qanday koʻz quvnaydi, qalbga nogahon shodlik toʻladi. Bu haqda maktab direktori Hajar Mahmudova shunday deydi:

— 2021-yilning 31-mart kuni boʻlib oʻtgan Turkiy kengashning norasmiy sammitida Oʻzbekiston Prezidenti Qorabogʻ zaminidagi yodgorliklar, madaniyat va maʼrifat maskanlarini qayta tiklashga oʻz hissasini qoʻshishga tayyor ekanini taʼkidlagandi. Buni butun Ozarbayjon xalqi mamnuniyat bilan kutib olgan, qalblarimiz toʻlqinlangandi.

Shahrimizda 960 nafar oʻquvchini oʻz bagʻriga oluvchi zamonaviy maktab qurilishi qardosh millat Yurtboshisi tashabbusining amaliy ifodasi boʻldi.

Yaqinda Oʻzbekiston tomoni kutubxonamizga 1500 ta turli nomdagi kitoblar jamlamasini sovgʻa qildi. Bu, oʻz navbatida, oʻsib kelayotgan oʻQil-qizlarimizni Oʻzbekistonning boy tarixi va madaniyatiga, buyuk ajdodlarimiz merosiga oshno etishga xizmat qilishi, shubhasiz.

Bilasizmi, Oʻzbekiston va Ozarbayjon Prezidentlarining maktabimiz ochilish marosimida ishtirok etishi katta bayramga aylanib ketdi.

Unda Prezident Ilhom Aliyev “Bu Qorabogʻni tiklashda xorijiy davlatning ilk sovgʻasi va biz bu birodarlik, hamjihatlik va qoʻllab-quvvatlash ishorasini yuksak qadrlaymiz”, deya alohida taʼkidladi. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev maktabimizni “Samimiy doʻstligimiz kelajagi yodgorligi”, deya atadi…

Darhaqiqat, koʻp asrlik sinovdan oʻtgan anʼanaga muvofiq bu maktab nafaqat taʼlim maskani, balki doʻstlik va birodarligimizning yana bir markazi boʻlishi muqarrar. Ishonamizki, kelajakda bu yerdan olimlar, shoir-u yozuvchilar — xalqlarimiz ertasi, doʻstligi uchun sidqidildan xizmat qiluvchi isteʼdodlar yetishib chiqadi.

Oʻzbekiston Prezidenti buning uchun Fuzuliyda poydevor yaratgani ayni haqiqat.

Shusha — Qorabogʻ durdonasi

…Atrofga qorongʻi tusha boshlaganda purviqor togʻlar uzra yangi qurilgan yoʻl boʻylab Qorabogʻning yuragi boʻlmish Shusha shahriga chiqib bordik. Qorabogʻ togʻlari etagida joylashgan Shusha betakror tabiati bilan har qanday odamni oʻziga maftun etadi. Bu yerdagi qadimiy manzillar, togʻ yonbagʻri, adirlar archazorlar, yovvoyi mevali daraxtlar, butalar bilan qoplangan.

Buyuk tarixga ega Shusha shahri ham sayohat, ham ziyorat uchun qulay joy. Oʻz davrida hunarmandchilik, amaliy sanʼat, meʼmorchilik, ilm-fan rivojlangan. Ayni chogʻda koʻplab meʼmoriy durdonalar saqlanib qolgan.

Shahar Qorabogʻning baland nuqtasida — dengiz sathidan 1368 metr balandlikda joylashgan boʻlib, nainki oʻlkaning, balki turkiy dunyoning madaniyat poytaxti sifatida qadrlanadi.

Shusha — ozarbayjon xalqining jasorati, matonati, mardlik va birdamligini yaqqol namoyon etgan tarixiy gʻalabaning yorqin timsolidir. Barchamizga yaxshi ayonki, salkam 40-yillik istilodan keyin ushbu shahar Ozarbayjonga qaytarildi.

Hozirgi kunda bu yerda qurilish-bunyodkorlik ishlari jadal olib borilayotir. Shaharda elektr, gaz, ichimlik suvi tarmoqlari yangilanmoqda, ijtimoiy obyektlar taʼmirlanyapti. Qisqacha aytganda, hayot asta-sekin izga qaytmoqda, aholi oʻz yashash hududiga koʻchib kela boshladi.

…Qorabogʻ safari yakuniga yetib, yana oʻsha tekis va ravon yoʻl — Zafar (Gʻalaba) yoʻli orqali Bokuga qaytarkanmiz, koʻnglimizdan bir niyat kechdi: erkin, mustaqil va farovon kelajakni qurish, jahon hamjamiyatida munosib oʻrin egallash yoʻlidan dadil odimlayotgan Ozarbayjonning zafar yoʻli hamisha bardavom, bu zaminda tinchlik, osoyishtalik abadiy barqaror boʻladi… Mushtarak ildizlardan yagona maqsadlar sari yoʻl olgan ikki qardosh oʻlka — Oʻzbekiston va Ozarbayjon doʻstligi esa bundan keyin ham davom etadi, yangi shakl hamda mazmun bilan boyib, yanada mustahkamlanib boraveradi...

Behzod NORBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Toshkent — Boku — Qorabogʻ — Toshkent

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер