Oʻzbekiston Notarial palatasi Xalqaro Notariuslar ittifoqi aʼzoligiga qabul qilindi

20:06 06 Dekabr 2021 Jamiyat
1183 0

Xalqaro Notariuslar ittifoqi Assambleyasining joriy yil 3-dekabr kuni boʻlib oʻtgan navbatdagi yigʻilishida Oʻzbekiston Notarial palatasi Xalqaro Notariuslar ittifoqi aʼzoligiga qabul qilish haqida qaror qabul qilindi.

Xalqaro notariuslar ittifoqi 1948-yil tashkil etilgan nohukumat tashkilot boʻlib, unga lotin modelidagi mamlakatlarning notariat tizimi aʼzo. Ittifoqning asosiy vazifasi dunyo boʻylab notarial faoliyatni muvofiqlashtirish va rivojlantirish, notariat sohasidagi huquqni oʻrganish va milliy qonunchilikni xalqaro darajada uygʻunlashtirish hisoblanadi.

Ittifoq aʼzoligiga kirish uchun davlatlar notariat tizimi yuqori standartlarga javob berish talab etiladi.

Bular:

▪️tizimda nodavlat notariuslar (xususiy notariuslar) faoliyatining mavjudligi;

▪️notariat sohasini tartibga soluvchi qonun hujjatlari lotin notarial modeliga muvofiq boʻlishi;

▪️mulkchilikka oid milliy qonunchilik hujjatlarining xalqaro xususiy huquq normalariga mutanosib boʻlishi va boshqalar.

Ittifoq aʼzoligiga qabul qilish quyidagi bosqichlar asosida amalga oshiriladi:

▪️birinchi bosqichda, Ittifoq tomonidan unga aʼzo boʻlish istagini bildirgan notariat tizimining ushbu sohadagi qonun hujjatlari oʻrganib chiqiladi;

▪️ikkinchi bosqichda, aʼzolikka qabul qilish maqsadga muvofiq yoki muvofiq emasligi toʻgʻrisida xulosa beriladi;

▪️uchinchi bosqichda, Ittifoq delegatsiyasi mamlakatga tashrif buyurib notariuslar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni oʻrganadi, tashrif yakuni boʻyicha xulosa tuzilib u Ittifoqqa taqdim etiladi;

▪️toʻrtinchi bosqichda, Ittifoq Assambleyasi (oliy organi) tomonidan notariat tizimini aʼzolikka qabul qilish masalasi koʻrib chiqilib, yakuniy qaror qabul qilinadi.

2019-yildan Oʻzbekistonda xususiy notarial faoliyatga ruxsat berildi, 2020-yildan xususiy notariuslar faoliyati yoʻlga qoʻyildi, zarur hujjatlarni fuqarolardan talab qilmasdan tegishli idora va tashkilotlardan elektron hamkorlik yoʻli bilan olish kengaydi, ayrim hujjatlarni majburiy notarial tasdiqlash bekor qilinib, shaxslarnining huquq va erkinliklarini kafolatlashga qaratilgan yangi notarial harakatlar joriy etildi.

Ushbu islohatlar samarasi oʻlaroq, Oʻzbekiston notariat tizimi Ittifoq aʼzoligiga qabul qilishning birinchi va ikkinchi bosqichlardan oʻtganidan soʻng, R. Bok boshchiligidagi Ittifoq delegatsiyasi joriy yilning 22–24-sentyabr kunlari mamlakatimizga tashrif buyurib, Oʻzbekiston notariatida soʻngi yillarda amalga oshirilgan islohotlarni yuksak baholagan edi.

Ittifoq va unga aʼzo davlatlar notarial palatalari bilan olib borilgan samarali muzokaralar va hamkorlik natijasida Ittifoq Assambleyasi bir ovozdan Oʻzbekistonni Ittifoq aʼzoligiga qabul qildi.

Taʼkidlash joizki, soʻnggi ikki yil davomida davlat notariuslari 99,5 foiz xususiy faoliyatga oʻtganligi, notarial harakatlarni rasmiylashtirish hamda notariuslar faoliyatida qonuniylikni taʼminlash jarayonlari toʻliq elektron koʻrinishda amalga oshirilayotganligi xalqaro miqyosda milliy notariat tizimini isloh qilish boʻyicha ijobiy tajriba sifatida eʼtirof etilishiga olib keldi.

— Xalqaro Notariuslar ittifoqiga aʼzo boʻlish milliy notarial tizimini rivojlangan davlatlar notariat tizimlari bilan bir qatorda boʻlishini, notariuslar tasdiqlagan hujjatlar dunyo miqyosida shubhasiz tan olinishini taʼminlaydi va, shu bilan birga, Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yuksalishiga, xalqaro indikatorlar boʻyicha oʻrni koʻtarilishiga, xorijiy investorlarning sarmoya kiritishga boʻlgan ishonchini oshishiga xizmat qiladi, — deydi Oʻzbekiston Notarial palatasi raisi Dilshod Ashurov.— Ayni paytda Litva, Ukraina, Belorus, Qozogʻiston va Ozarbayjon Notarial palatalari bilan hamkorlik bitimlari imzolangan boʻlsa, Germaniya, Italiya, Fransiya hamda Rossiya Notarial tashkilotlari bilan hamkorlik boʻyicha muzokaralar olib borilmoqda.

Xalqaro Notariuslar ittifoqiga aʼzo boʻlish nima uchun kerak?

Xalqaro Notariuslar Ittifoqi tashkil etilgan kundan boshlab 70 yillik davr mobaynida xalqaro maydonda muhim siyosiy oʻrinni egalladi.

Xususan, BMT, YUNESKO, Xalqaro xususiy huquq boʻyicha Gaaga konferensiyasi, Yevropa Komissiyasi, Yevropa Parlamenti, Yevropa Kengashi va boshqa xalqaro tashkilotlarda Ittifoqning manfaatlari namoyish etilmoqda.

Xalqaro Notariuslar Ittifoqiga aʼzo boʻlish milliy notariat tizimini rivojlangan davlatlar notariat tizimlari bilan bir qatorda boʻlishini, notariuslar tasdiqlagan hujjatlar dunyo miqyosida shubhasiz tan olinishini taʼminlaydi.

 

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?