Oʻzbekiston elchisi Malayziya transport vaziri bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi

13:14 05 Oktyabr 2023 Siyosat
328 0

Oʻzbekiston elchisi Ravshan Usmanov Malayziya transport vaziri Lok Syu Fuk bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Muzokaralar avvalida Malayziya tomoniga soʻnggi yillarda mamlakatimizda transport va transport kommunikatsiyalari sohasini rivojlantirish, tashishlarning yuqori darajadagi xavfsizligini taʼminlash, transport sohasidagi boshqaruv tizimini takomillashtirish, soha uchun malakali mutaxassislarni tayyorlashga yoʻnaltirilgan keng koʻlamli chora-tadbirlar shuningdek, mamlakatning transport-logistika tizimini takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi.

Malayziya transport vaziri Lok Syu Fuk Oʻzbekiston hukumati tomonidan transport sohasini rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan islohotlarni, ushbu yoʻnalishdagi yirik loyihalar, xususan “Oʻzbekiston – Afgʻoniston – Pokiston” avtomobil yoʻnalishi va ushbu ikki davlat orqali Hind okeani portlariga chiqish uchun xalqaro transport koridorini shakllantirish boʻyicha vazifalarni yuqori baholadi. Lok Syu Fuk, shuningdek, Malayziyaning jamoat transportini boshqarishdagi ilgʻor tajribasini inobatga olgan holda, ushbu yoʻnalishda respublikaning tegishli idoralari bilan oʻzaro tajriba almashishga tayyorligini bildirdi.

Muloqot davomida tomonlar Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasida transport sohasida oʻzaro hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. Jumladan, aviaqatnovlar va temir yoʻl yoʻnalishida hamkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha fikr almashildi.

Xususan, xorij tomoni Malayziyaning “Batik Air” aviakompaniyasi tomonidan joriy yilning noyabridan Kuala-Lumpur – Toshkent – Kuala-Lumpur yoʻnalishida haftasiga uch marta amalga oshirilishi rejalashtirilgan aviaqatnovlarni olqishladi. Lok Syu Fuk aytishicha, ushbu yangi havo qatnovlari ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va turizm sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Malayziya transport vaziri ikki davlatni temir yoʻl orqali bogʻlovchi koridorlarni oʻrganish boʻyicha Ishchi guruh tomonidan olib borilayotgan ishlarni eʼtirof etib, mazkur yoʻnalishda oʻzaro hamkorlikni jadallashtirish maqsadga muvofiqligini bildirdi.

“Ikkala davlatni temir yoʻl orqali bogʻlaydigan ushbu marshrut yagona transport koridori hisoblanadi. Ushbu yoʻnalish oʻzbek mahsulotlari uchun Malayziya Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari bozoriga kirishda logistika kabi boʻlishi mumkin”, dedi u.

Shu  oʻrinda  taʼkidlash kerakki, joriy yilning mart oyida ikki davlat temir yoʻl koridorlarini oʻrganish boʻyicha Ishchi guruhi tuzildi. Toshkent – Chimkent (Qozogʻiston) – Urumchi – Sian – Chunsin – Kunming (Xitoy) – Laos – Tailand – Perlis – Klang (Malayziya) marshrutini oʻrganish va undan foydalanish boʻyicha amalga oshirilishi kerak boʻlgan chora-tadbirlar belgilab olindi.

Uchrashuv yakuni  “Batik Air” va “Uzbekistan Airports” AJ oʻrtasidagi muzokaralarni jadallashtirish hamda joriy yilning noyabr oyidan boshlab mazkur Malayziya aviakompaniyasining Oʻzbekiston yoʻnalishidagi aviaqatnovlarini yoʻlga qoʻyish, Oʻzbekiston Transport vazirligi  mutaxassislarining Malayziyaning ilgʻor tajribasini oʻrganish boʻyicha  Kuala-Lumpurga ishchi safarini  ishlab chiqish toʻgʻrisida kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?