Oʻtgan yilda Samarqanddagi IT-park rezidentlari 4 million dollarlik eksport xizmatlari koʻrsatgan

16:41 19 Mart 2024 Jamiyat
782 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Abdulaziz Yoʻldoshev/«Xalq soʻzi». Oʻtgan yil davomida Samarqand viloyati boʻyicha koʻrsatilgan axborot kommunikatsiyasi texnologiyalari xizmatlari hajmi 2022-yilga nisbatan 121,4 foizga oʻsgan. IT-park rezidentlari soni 80 taga yetgan. Ular tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar hajmi 71,6 milliard soʻmni, eksport xizmatlari esa 4 million AQSH dollarini tashkil etgan.

IT-park rezidentlarining 19 tasi masofaviy xizmatlar eksporti, 32 tasi dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish, 29 tasi IT taʼlim faoliyatlari bilan shugʻullanadi.

— Yurtimizda axborot texnologiyalari yoʻnalishi tez surʼatlarda rivojlanib boryapti, — deydi Raqamli texnologiyalar vazirligi viloyat boʻlimi boshligʻi Dilmurod Xoʻjamberdiyev. — Viloyatimizda ham mazkur yoʻnalishda koʻrsatilayotgan xizmatlar hajmi va sohada faoliyat olib borayotganlar soni oshib bormoqda. Shuningdek, eksport xizmatlari koʻrsatayotgan korxonalar soni koʻpayib, yoshlarning sohaga boʻlgan qiziqishi ortyapti.

Samarqand shahridagi «Wepro» oʻquv markazi 2020-yilda tashkil etilgan boʻlib, IT-park rezidenti hisoblanadi. Bu yerda dasturlashning turli yoʻnalishlari boʻyicha oʻquv kurslari tashkil etilgan.

— Dasturlash yoʻnalishini oʻrgana boshlaganimga hali koʻp boʻlgani yoʻq, — deydi tinglovchi Ziyoda Jumayeva. — Oʻzim iqtisodchiman, lekin soʻnggi vaqtlarda veb-dasturlovchilarga talab kuchayib borayotganligini koʻrib shu sohani egallashga qaror qildim.

Markazda 5-6 turdagi zamonaviy kasblarga oʻrgatilmoqda. Avvalo, tinglovchilar uchun kompyuter savodxonligi va ingliz tilini bilish asosiy talablardan hisoblanadi.

— 2023-yilda ingliz tiliga oʻrgatish boʻyicha «Wespeak» oʻquv markazini tashkil etdik, — deydi markaz rahbari Alisher Mardiyev. — Oʻquv maskanlarimizda yiliga 4 ming nafarga yaqin aholi va yoshlar zamonaviy kasblarga va ingliz tiliga oʻqitiladi. Kurslarimizni tugatgan aksariyat tinglovchilarimiz oʻz ish joylariga ega boʻldi.

2023-yilda qurilishi boshlangan «SamIT Global» IT akademiyasiga 3 million dollarga yaqin mablagʻ investitsiya qilingan. Akademiyada oʻquvchilar va oʻqituvchilarga, shu jumladan xorijiy mutaxassislar uchun ham yotoqxona qurilgan.

— Bizda oʻqish va oʻrganishdan tashqari IT hamda masofaviy xizmatlar eksportini amalga oshirishga qaratilgan oʻquv kursi hamda tashkil etildi, — deydi «SamIT Global» akademiyasi direktori Sanjar Saidqulov. — Shuningdek, barcha yoshdagi aholi, ayniqsa, yoshlarning taʼlim olishlari, soʻngra shu yerning oʻzida ishlab, logistika eksporti uchun xizmat koʻrsatish imkoniyati mavjud.

Yoshlarni AKT sohasiga yanada qiziqtirish, ularning bu boradagi bilim va koʻnikmalarini oshirish maqsadida joriy yilda Samarqandda Raqamli texnologiyalar vazirligi viloyat boʻlimi koʻmagida 100 ga yaqin Raqamli texnologiyalar oʻquv markazlari ochilishi koʻzda tutilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?