Oliygohlardagi 78 foiz professor-oʻqituvchilarning chet tilini bilish darajasi qoniqarsiz

17:26 07 May 2021 Jamiyat
1083 0

Taʼlim tizimida 2 mingdan ortiq chet tili oʻqituvchisi lavozimi vakant. 1400 ta maktabda chet tilini oʻqitish sifati mutlaqo qoniqarsiz. Oʻqituvchilarning atigi 4 foizi til sertifikatiga ega. Chet tili oʻqituvchilarining 49 foizi testdan oʻta olmagan. Oliygohlardagi 78 foiz professor-oʻqituvchilarning chet tilini bilish darajasi qoniqarsiz.

Prezident Shavkat Mirziyoyev kuni kecha chet tillarni oʻqitish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazgan videoselektor yigʻilishida yuqoridagi muammolarni sanab oʻtar ekan, mamlakatimizda xorijiy tillarni oʻrgatish boʻyicha kelajak uchun mustahkam poydevor boʻladigan yangi tizimni yoʻlga qoʻyish vaqti-soati kelganini taʼkidladi.

– Biz raqobatdosh davlat qurishni oʻz oldimizga maqsad qilib qoʻygan ekanmiz, bundan buyon maktab, litsey, kollej va oliy oʻquv yurti bitiruvchilari kamida 2 ta chet tilini mukammal bilishlari shart. Bu qatʼiy talab har bir taʼlim muassasasi rahbari faoliyatining asosiy mezoniga aylanishi lozim, – dedi davlatimiz rahbari.

Videoselektor yigʻilishida shu maqsadda Vazirlar Mahkamasi huzurida Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligi tashkil etilishi maʼlum qilindi va agentlikning asosiy vazifalari belgilandi. Yaʼni, agentlik “bogʻcha – maktab – oliy taʼlim – korxona” zanjiri orqali, aholining barcha qatlamiga mos boʻlgan metodika, tavsiya va darsliklarni ishlab chiqadi hamda joriy etadi.

Endi har bir viloyatda bittadan universitet chet tillari boʻyicha tayanch muassasa sifatida faoliyat koʻrsatadi va malakali oʻqituvchilar ragʻbatlantirilib boriladi. Jumladan, xalqaro sertifikatga ega boʻlgan oʻqituvchilarning oylik maoshiga 50 foizgacha ustama beriladi.

Chet tili boʻyicha eng yaxshi maktablarni aniqlash uchun Prezident sovrini taʼsis etiladi va tuman, shahar, viloyat va respublika darajasida tanlov oʻtkaziladi. Tanlov gʻoliblari 100 million soʻmdan 500 million soʻm miqdorida mukofotlanadi.

Yigʻilishda oliy taʼlimda mutaxassislar tayyorlash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi va xorij tillari boʻyicha qabul kvotalari 2 baravar koʻpaytirilib, davlat granti esa 3 baravarga oshirilishi belgilandi. “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali xorijiy doktoranturada taʼlim olish uchun yiliga 20 ta oʻrin ajratiladi. Haftaning bir kuni xorijiy tillarni oʻrganish kuni etib belgilanadi.

Mamlakatimizda xorijiy tillarni oʻqitish va oʻrganishga bejiz bu darajada eʼtibor qaratilayotgani yoʻq. Chunki yoshlarimizning chet tillarni oʻrganishga boʻlgan intilishi bugun har qachongidan ham yuqori. Buning asosiy sababi – Yangi Oʻzbekiston dunyoga oʻz eshiklarini yana-da kengroq ochdi va dunyo ham ochiqlik va oshkorlik yoʻlidan sobitqadamlar bilan ketayotgan mamlakatimiz bilan yana-da yaqin munosabatlar oʻrnatishga harakat qilmoqda.

Jamshid QOSIMOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?