Nurotada “Nurli navolar” xalqaro festivali oʻtkazildi

19:24 23 Iyun 2023 Jamiyat
738 0

Foto: “Xalq soʻzi”

2018-yili qadim anʼana va qadriyatlarimizni ardoqlash, folklor sanʼatini keng targʻib etish maqsadida Navoiy viloyatining Nurota tumanida folklor jamoalari oʻrtasida ilk bor “Nurli navolar” xalqaro festivali oʻtkazilgan edi.

Shundan buyon Nurota tumani mezbonligida oʻtkazib kelinadigan ushbu festival madaniy yodgorliklarimiz tarixining oʻzaro bogʻliqligi, uzviyligi va ulugʻvorligini targʻib etish, yoshlarni ajdodlarimizdan meros ulkan maʼnaviy xazinadan bahramand boʻlish hamda ularda milliy gʻurur, Vatanga sadoqat tuygʻularini yuksaltirishga xizmat qiluvchi tantanaga aylandi.

Bu yil festivalga dunyoning 10 ga yaqin davlatlari, shuningdek, mamlakatimizning barcha hududlaridan folklor jamoalari qatnashdi. Bundan tashqari, anjuman oʻz atrofiga mumtoz musiqa sanʼatining ilmiy tadqiqotchilari, xorijdan kelgan 100 ga yaqin sayyohlarni ham jamladi.

Mumtoz kuy-qoʻshiqlar bayramida “Soʻzana va kashta” milliy hunarmandchilik yarmarkasi, bolalar musiqa va sanʼat maktablari hamda madaniyat markazlari aʼzolari ishtirokida ijodiy uchrashuv va mahorat darslari tashkil etildi. Folklor jamoalarining xalqaro koʻrik-tanlovi, sayillar oʻtkazilib, mamlakatimizning dunyoga mashhur milliy musiqa va cholgʻulari uygʻunligidagi sahnalashtirilgan dasturlar namoyish etildi.

— Har bir davr oʻz estetik ehtiyoji, imkoniyat va talablaridan kelib chiqib, folklorga murojaat etadi,—deydi folklorshunos olim Dilrabo Quvvatova. – Shu bois bu kabi madaniy tadbirlar ijodiy jamoalar uchun shunchaki sahna emas, balki sahna liboslarini tayyorlashda hududiy oʻziga xoslikni saqlash, bayram va marosimlarda milliy liboslar bilan bogʻliq qadriyatlarni ommalashtirishda ham qoʻl keladi.

Anjuman dasturi doirasida mamlakatimizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan “Gulrux”, “Qasri Orifon”, “Shodiyona”, “Yor-yor”, “Chinor”, “Bulbuligoʻyo”, “Buvijonlar”, “Avazxon”, “Kitob ohangi” kabi 13 ta folklor-etnografik jamoa oʻzlari tayyorlagan kuy-qoʻshiqlari bilan birga bir-birini takrorlamas sahna liboslarini ham namoyish etdilar.

Festival yakunida folklor jamoalari ishtirokida gala-konsert uyushtirilib, sovrindorlar munosib ragʻbatlantirildi.

     Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?