Nukusda ayollar muammolarini hal qilishda faollik koʻrsatganlar taqdirlandi
Foto: Xalq so‘zi
Bugun Nukus shahridagi Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatrida respublikamizda xotin-qizlarning muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy tomondan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha respublika komissiyasi tomonidan oʻtkazilayotgan tanlovlarining Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy bosqichi gʻoliblarini taqdirlash marosimi oʻtkazildi.
Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Raisi A.Orinbayev soʻzga chiqib, yigʻilganlarni Prezidentimizning tomonidan yurtimizda xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish, ularning muammolariga barham berish boʻyicha olib borilayotgan keng koʻlamli ishlarga toʻxtalib oʻtdi.
Taʼkidlaganidek, ishsiz, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni kasb-hunarga va tadbirkorlikka oʻqitish, tomorqa yerlaridan unumli foydalanishga koʻmaklashish, oʻzini-oʻzi band qilish, kreditlar ajratish, nogironligi boʻlgan xotin-qizlarga moddiy yordamlar koʻrsatish, ularni uy-joy bilan taʼminlash, taʼmirlash va boshqa keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Shuningdek, qaramogʻida bir va undan koʻp birinchi guruh nogiron bolalari boʻlgan yolgʻiz onalar, tibbiy, huquqыy va psixologik yordamga muhtoj xotin-qizlar amaliy qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Qoraqalpogʻistonning barcha hududlarida xotin-qizlarning muammolarini “mahallabay” oʻrganib chiqish tizimi yaratildi. Shunga koʻra “Ayollar daftari”ni shakllantirish boʻyicha 424 ta fuqarolar yigʻinlarida 30 yoshdan yuqori boʻlgan jami 33 ming 813 nafar xotin-qizlar 6 ta toifa boʻyicha “Ayollar daftari”ga kiritilgan. Shundan hozirgi kungacha jami 31 ming 485 nafar xotin-qizlarga yordamlar koʻrsatilgan boʻlsa bu ishlar izchil davom qilayotgani va bu borada Qoraoʻzak, Moʻynoq, Kegeyli, Toʻrtkoʻl va Ellikqalʼa tumanlari yuqori natijalarga erishgan tumanlar sifatida eʼtirof etildi.
Tadbirda “Eng yaxshi mahalla raisi”, “Eng yaxshi sektor rahbari”, “Eng namunali ish beruvchi ayol” , “Eng yaxshi hokim yordamchisi”, “Eng yaxshi yoshlar yetakchisi” va “Eng yaxshi xotin-qizlar faoli” nominatsiyalari boʻyicha 1-2-3-oʻrin gʻoliblari aniqlandi.
— Yurtimizda xotin-qizlarga har tomonlama koʻmaklashish, ularning oila va jamiyatda oʻz oʻrinlariga ega boʻlishlari uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda, — deydi Qoʻngʻirot tumanidagi “Qoraqalpogʻiston” shaharcha fuqarolar yigʻini hokim yordamchisi Jamila Ametova. — Ayniqsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan “Ayollar daftari”ning tashkil etilishi natijasida respublikamizning eng cheka hududlaridagi ayollarga ham ijtimoiy yordamlar koʻrsatilib, bandligini taʼminlash, tadbirkorlik bilan shugʻullanish, bir soʻz bilan aytganda ularning turmush sharoitlari yaxshilanmoqda.
Men oʻzim Orolboʻyining eng chekka hududidagi fuqarolar yigʻinida faoliyat koʻrsatayotganim uchun yurtimizda “Ayollar daftari”dan chetda qolgan hudud yoʻqligiga ishonchim komil. Oʻylaymanki, ayollar muammolarini hal qilishda faollik koʻrsatganlarni taqdirlashga qaratilgan ushbu tanlovlar bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi. Bugungi tanlovda mening faoliyatimni ham yuksak baholab, “Eng yaxshi hokim yordamchisi” nominatsiyasi boʻyicha 1-oʻringa munosib topishibdi. Bu ishonch va ragʻbat kelgusi ishlarimizga kuch-gʻayrat bagʻishlamoqda.
Tanlovning Qoraqalpogʻiston bosqichida 2-3-oʻrinni egallaganlar Diplom va pul mukofotlari tantanali ravishda topshirildi. Barcha yoʻnalishlarda 1-oʻringa munosib topilgan gʻoliblar Diplom va tanlovning mamlakat bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdilar.
Shuningdek, anjumanda Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpogʻiston Kengashi tomonidan yoz mavsumida bolalarning dam olishini tashkil etishda faollik koʻrsatgan bir guruh xodimlar va mavsum davomida faoliyatini yaxshi olib borgan oromgoh rahbarlari ham taqdirlandi.
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpogʻiston Kengashi raisi U.Jalmenov yoz mavsumida bolalarni sogʻlomlashtirish muassasalariga jalb etishda ham “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalar farzandlariga alohida eʼtibor qaratilgani aytib oʻtdi.
“Eng yaxshi oromgoh”, “Eng yaxshi oromgoh rahbari”, “Eng faol hamkor oromgoh”, “Eng yaxshi hamkor tashkilot”, “Eng gʻamxoʻr tarbiyachi” kabi oʻndan ortiq nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblar aniqlanib, tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi.
Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Q.Sariyev, Oʻzbekiston temir yoʻlchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi, Xotin qizlar muammolarini tizimli hal qilish, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Respublika komissiyasi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasiga biriktirilgan vakil Q.Sabirov ishtirok etdi.
Gʻayratjon Otajonov, “Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring