Novosibirsk shahrida “Oʻzbek palovi festivali” tashkil etildi

15:33 01 Avgust 2023 Dunyo
1224 0

Mamlakatimiz Bosh konsulligi tomonidan Novosibirsk shahrida boʻlib oʻtgan “Yangi asr” sport tadbiri doirasida “Oʻzbek palovi festivali” uyushtirilgani barobarida Oʻzbekiston madaniyati, urf-odati va turizm salohiyatining taqdimoti ham oʻtkazildi.

Tadbirda Novosibirsk viloyati davlat va jamoat tashkilotlarining rahbarlari, ommaviy axborot vositalari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Taqdimot Oʻzbekiston koʻrgazmasi namoyishi bilan boshlandi. Unda mamlakatimizda sayyohlikni rivojlantirish borasida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar, bu yoʻnalishdagi boy salohiyat, Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi koʻhna shaharlarda yaratilgan sharoitlar, ayniqsa  “Samarqand – Yangi Oʻzbekistonning turizm darvozasi” konsepsiyasi haqidagi batafsil maʼlumotlar tadbir qatnashchilarining eʼtiboriga havola qilindi.

Shuningdek, “Oʻzbek palovi festivali” ishtirokchilariga palov tayyorlash boʻyicha mahorat darsi uyushtirilgani barobarida Novosibirskdagi havaskor oshpazlar tomonidan oʻzbek bayram palovini tayyorlash boʻyicha tanlov ham oʻtkazildi.

— Mazkur tadbir va uning doirasida oʻzbek milliy taomlaridan tatib koʻrish imkoniyati yaratilgani, shuningdek, oʻzbek xalqi tarixi, urf-odatlari va qadimiy shaharlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar barcha ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi, — dedi havaskor oshpaz Yevgeniy Vigorniskiy. – Bularning barchasi koʻpchilikda Oʻzbekistonga sayohat qilishga qiziqish uygʻotganiga aminman. 

Tanlov gʻolibi deb topilgan Yevgeniy Vigorniskiy Bosh konsullikning maxsus mukofoti bilan taqdirlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?