Notkoin sotgan 24 yoshli yigit 10 sutkaga qamaldi

10:10 09 Iyun 2024 Iqtisodiyot
307 0

Toshkent shahrida 24 yoshli yigit kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish boʻyicha ayblanib, maʼmuriy javobgarlikka tortildi. Bu haqdaXalq soʻziga Toshkent shahar sudidagi manbasi xabar berdi.

Bildirilishicha, joriy yilning 1-iyun kuni fuqaro N.A. Toshkent shahar IIBB kotibiyatiga ariza bilan murojaat qilgan. Shu murojaat yuzasidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv ishlari davomida Surxondaryo viloyati Uzun tumanida tugʻilgan, Termiz davlat universitetining 24 yoshli bitiruvchisi I.N.ga tegishli telefon hamda bank plastik kartasidan kripto-aktivlarning noqonuniy faoliyati bilan shugʻullanilgani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan kecha, 7-iyun kuni JIB Chilonzor tumani sudida I.N.ga tegishli ish koʻrib chiqilgan. Sud majlisida surxondaryolik 24 yoshli talaba aybini tan olib, kripto-aktivni Telegram ijtimoiy tarmogʻida yigʻganini, notkoinni 800 ming soʻmga sotganini hamda buning noqonuniy ekanini bilmaganini aytib, oʻziga nisbatan yengillik berishni soʻragan.

Sud yigitni Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 155−4-moddasi (Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topib, unga nisbatan 10 sutka maʼmuriy qamoq jazosini tayinlagan.

Shuningdek, I.N.ga tegishli telefon va bank kartasi tegishli tartibda yoʻq qilinishi belgilangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?