Nogironlik ayb emas, qalb koʻzi ochiq boʻlsin!

15:19 03 Dekabr 2024 Jamiyat
311 0

Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Umr sinovlarga toʻla. Oramizdagi toʻrt muchasi sogʻ yurtdoshlarimiz qatorida u yoki bu aʼzosidagi nuqson tufayli jismoniy jihatdan cheklangan insonlar ham uchraydi. Ularning aksariyatiga tushkunlik begona. Atrofidagi yaqinlar oqibati, qolaversa, davlatning doimiy koʻmagini yurakdan sezgan holda hayot uchun kurashishadi. Buni, jumladan, Kosonsoy tumanining togʻlar bagʻridagi soʻlim goʻshasida joylashgan “Nurli maskan” maktab-internatida tahsil olayotgan 240 nafar koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi oʻgʻil-qizlar misolida ham koʻrish mumkin. Ular Ijtimoiy himoya milliy agentligiga qarashli ushbu muassasada yaratilgan shart-sharoit va gʻamxoʻrlik ogʻushida sogʻlom yurtdoshlaridan sira kam boʻlmagan holda taʼlim-tarbiya olishyapti. Namunali turmush sharoiti barobarida oʻquvchilarning barchasi fan mashgʻulotlaridan boʻsh vaqtlari mazmunli oʻtishi uchun iqtidor va intilishlariga qarab toʻgaraklarga jalb etilgan.

Tuman “Barkamol avlod” bolalar markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan 8 turdagi toʻgarakda oʻquvchilar tikuvchilik, toʻquvchilik, pazandachilik, robototexnika va boshqa yoʻnalishdagi hunarlarni oʻrganishayotgan boʻlsa, sanʼat ixlosmandlari 4-musiqa va sanʼat maktabi yordamida toʻrtta yoʻnalishdagi toʻgarakda shugʻullanadilar. Maktabda paradzyudo, yengil atletika, shaxmat va shashka, paravelotrek kabi sport turlari ham ommalashgan.

Taqdir izmi oldida oʻzini yoʻqotmay ilm olishga ishtiyoq va kuch topgan, iqtidorini yuzaga chiqarishga intilayotgan bolajonlarni koʻrib, koʻnglingiz yorishadi. Masalan, Bekzodbek Turdaliyev va Elyorbek Akramjonov qoʻshiqchilik shaydosi. Ular ijrosidagi “Mayor akam”, “Qalbim orzusi” qoʻshiqlari Namangan viloyat ichki ishlar boshqarmasi tomonidan ovoz yozish studiyasida tasmaga tushirilgan. Bekzodbek 4-sinfda tahsil oladi. Sahnada oʻzini yoʻqotmaydi. Musiqa va sanʼat maktabining iqtidorli oʻquvchilaridan. Ayni paytda u gitara cholgʻu asbobida kuylar chalishni ham oʻrganmoqda. Biroz tortinchoq, mulohazali 10-sinf oʻquvchisi Elyorbek Akramjonov esa skripkani mohirona sayratadi.

— Qoʻshiq aytish jon-u dilim, musiqaga joʻr ohangda xonish qilgan chogʻim koʻnglim yorishib ketadi, — deydi u. — Menda sezish juda kuchli, garchi koʻra olmasam-da, devorni, yonimda sharpa turganini his qilaman. Bu esa erkin harakatlanishimga katta yordam beradi.

Yosh isteʼdod egalari viloyatda oʻtkaziladigan tadbirlarda faol ishtirok etadilar. Bunday toifadagi bolalarning yodlash qobiliyati kuchli boʻladi, ayniqsa, musiqani kuchli his qila oladilar.

Kitob mutolaasi ishtiyoqmandi Bilol Abdullajonovning fikrlari teran, mulohazaga boy. U koʻp vaqtini brayl alifbosidagi badiiy asarlarni oʻqish bilan oʻtkazadi. Audio kitoblar tinglashni ham kanda qilmaydi. Begʻubor tuygʻulari hayotni sevishga, shukrona bilan yashashga undayotgandek goʻyo. U onasiga bagʻishlab yozgan “Tilak” sheʼrini oʻqiganda koʻpchilikning koʻzida yosh qalqiydi. Yana bir havaskor shoir Jamolxon Ergashev ham adabiyot shaydosi. U 11-sinfda tahsil olmoqda, maktab-internatdagi ustozlaridan minnatdor.

— Bolaligimning asosiy qismi qadrdon maktab-internatimizda oʻtdi. Bizga shukr bilan yashashni, hayotni sevishni oʻrgatgan ustozlarim baxtimizga omon boʻlishsin, — deya “Ustozimga” sheʼrini ifodali oʻqiydi u.

“Nurli maskan”da bolalar iqtidoriga berilayotgan sayqal ularni katta davralarga olib chiqmoqda. Ulardan biri maktab-internatning boshlangʻich sinf oʻqituvchisi Dilmurod Isayevning farzandi Nurzida Isayeva 11-sinfda oʻqiyapti. Nurzidani yosh xonanda sifatida bugun nafaqat respublikamizda, balki xorijda ham yaxshi tanishadi. Aytishiga qaraganda, undagi bu isteʼdod otasidan oʻtgan. Iqtidorli qiz ijrosidagi “Orzu”, “Vatan”, “Namanganim”, “Shukrona”, “Ota”, “Yomgʻir” kabi oʻnlab qoʻshiqlar internet tarmogʻida ham millionlab mushtariylarning eʼtirofini qozongan. Shu bois sohir ovoz sohibasiga bugun butun dunyodan muxlislar oʻz minnatdorlik maktublarini yuborishmoqda. Maktabni tamomlash arafasida turgan umidli ijodkorning maqsadi ulugʻ — Oʻzbekiston Davlat konservatoriyasiga oʻqishga kirish.

Ovoz va ijroda opasidan qolishmaydigan Gulina Isayeva ham tirishqoqligi bilan ajralib turadi. U oʻtgan yili “Vatan taraqqiyotiga mening hissam” koʻrik-tanlovining viloyat bosqichida faol ishtirok etdi.

— Bilsangiz, har bir oʻquvchimizning alohida isteʼdodi bor, — deydi muassasa rahbarining oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosari Murodjon Darveshov. — Koʻpchiligi sport yoʻnalishida, boshqalari fan sohasida yuqori natijalar koʻrsatib kelmoqda. Oʻtgan yili sportning parayengilatletika yoʻnalishi boʻyicha respublika kubogida qatnashgan nayza otish ustasi Muzaffar Tirkashev, uzoqlikka yugurish boʻyicha oʻgʻil bolalar oʻrtasida Dilshod Turdialiyev, dzyudo yoʻnalishida Ziyoda Tursunboyeva va Ogʻabek Ibrohimjonov oltin medalni qoʻlga kiritgan edilar. Joriy yil bahorida esa Toshkent viloyatida yoshlar oʻrtasidagi Oʻzbekiston chempionati musobaqalarini oʻquvchilarimiz 2 ta oltin, 3 ta kumush, 4 ta bronza medallar bilan yakunlashdi.

Izlanish va intilish insonni maqsadlar ijobati, istiqbolli kelajakka yetaklaydi. “Nurli maskan”da kamol topayotgan bolajonlarning natijador harakatlari bunga misol. Garchi, ularning yorugʻ olamga toʻla nigoh bilan boqish imkoniyati cheklangan boʻlsada, qalb koʻzlari munavvar, uygʻoq qalbi yaxshilik, mehr va oqibatni har qadamda sezib turadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?