Nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari bilan ochiq muloqot oʻtkazildi

17:23 07 Iyun 2023 Jamiyat
848 0

Adliya vazirligi tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlari uchun “Nodavlat notijorat tashklotlari sohasidagi islohotlar” mavzusida davra suhbati tashkil qilindi.

Maʼlumot oʻrnida bildiriladiki hozirgi kunda Respublikamiz hududida 9 mingga yaqin nodavlat notijorat tashkilotlari mavjud boʻlib, ular tadbirkorlik va fermerlik, ekologiya, sport, nogironlar huquqini himoya qilish, yoshlar, xotin-qizlar, sogʻliqni saqlash, taʼlim, texnika, fan va ilmiy tadqiqot va boshqa yoʻnalishlarda faoliyat yuritadi.

Davra suhbatida 50 dan ortiq respublika darajasidagi nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.

Shuningdek, 100dan ortiq mahalliy darajadagi nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari masofaviy tarzda ishtirok etdilar.

Davra suhbati nodavlat notijorat tashkilotlari uchun erkin fikr almashish maydonini yaratishga qaratilgan boʻlib, unda soʻnggi yillarda nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amalga oshirilgan islohotlar, ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazorati boʻyicha yaratilgan yangi imkoniyatlar keng yoritildi hamda sohada mavjud tizimli muammo va kamchiliklar muhokama qilindi.

Adliya vazirligi vakillari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-martdagi PF–6181-son Farmoni bilan tasdiqlangan “2021–2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi” doirasida soʻnggi 2 yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan batafsil axborot berildi.

Xususan, vazirlik vakillari tomonidan Konsepsiya doirasida davlat tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlariga yaratilgan imkoniyatlar sababli ularing faoliyati samaradorligi va moliyaviy barqarorligini taʼminlashiga xizmat qilgani taʼkidlandi.

Misol uchun, davlat tomonidan yaratilgan imkoniyalar natijasida nodavlat notijorat tashkilotlariga tashqi manbalardan 2021-yilda – 46 mln. AQSH dollari miqdorida pul mablagʻlari kelib tushgan boʻlsa, 2022-yilda bu koʻrsatkich – 54 mln AQSH dollarini tashkil etgan.

Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan fuqarolik jamiyati institutlariga davlat granti, subsidiya va ijtimoiy buyurtmalar shaklida 2021-yilda
75 mlrd soʻm ajratilgan boʻlsa, ushbu koʻrsatkich 2022-yilda 97 mlrd soʻmni tashkil qilgan.

Bundan tashqari, Konsepsiya doirasida fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan jami
12 ta normativ-huquqiy hujjat, shundan 4 ta qonun, 1 ta Oliy Majlis palatalari qoʻshma qarori, 2 ta Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 5 ta Vazirlar Mahkamasi qarorlari loyihalari ishlab chiqilganligi qayd etildi.

Shu bilan birga, kuni kecha Vazirlar Mahkamasining 192-son qarori bilan tasdiqlangan Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini 2023 va 2024-yillarda amalga oshirish boʻyicha
“Yoʻl xaritasida” nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar boʻyicha maʼlumot berildi.

Davra suhbati davomida nodavlat notijorat tashkilotlar bilan ularning faoliyatlari davomida yuzaga kelgan muammolar, davlat
va jamiyat boshqaruvida ijtimoiy sheriklikning ahamiyati, ushbu yoʻnalishda mavjud muammo va kamchiliklar yuzasidan fikrlar almashildi.

Davra suhbati ochiq va savol-javob tarzida oʻtkazilib, uning yakunida nodavlat notijorat tashkilotlari sohasini yanada takomillashtirish, taʼsirchan jamoatchilik nazorati tizimini yoʻlga qoʻyish, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini yanada qoʻllab-quvvtlash boʻyicha taklif va tafsiyalar ishlab chiqildi.

Shohsanam YOʻLDOSHEVA,

OʻzDJTU talabasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?