Navroʻz shodiyonalari Orolboʻyining olis ovullarini ham qamrab olmoqda

14:50 21 Mart 2022 Jamiyat
1211 0

Foto: Халқ сўзи

Butun mamlakatimizda boʻlgani kabi Orolboʻyidagi shahar va olis ovullarda ham Navroʻz umumxalq bayrami yuksak koʻtarinkilikda nishonlanmoqda.

Nukus shahrida oʻtkazilayotgan bayram tadbirlari xalqimizning qadimiy tarixi, boy madaniyati va ezgu qadriyatlarini oʻzida mujassam etmoqda. Mehnat jamoalari tomonidan xalq hunarmandchiligi, bahoriy milliy taomlar koʻrgazmalari namoyish etilmoqda. Bayram tadbirlari doirasida sanʼat-ustalari tomonidan taqdim qilinayotgan konsert dasturlari, dorbozlar tomoshalari barcha ishtirokchilarga xush kayfiyat ulashmoqda.

— Navroʻz arafasida zamin uzra koʻklam nafasi taralib, ona tabiat uygʻonadi, bobodehqonlarimiz yerga baraka urugʻini qadaydi — deydi nukuslik mehnat faxriysi Mambetmurat Kamalov. — Sharqona yangi yil, yangilanish ayyomi boʻlgan Navroʻzni butun borliq orziqib kutishi bejiz emas. Mana, bugun biz ham qoraqalpoq milliy “qora uy”larida yozilgan dasturxonda Navroʻz taomlaridan tanovul qildik. Bayram konsertini tomosha qildik, sobiq hamkasblar, doʻstlar va shogirdlarimiz bilan diydorlashdik. Buning uchun tadbir tashkilotchilariga nuroniylar nomidan minnatdorlik bildiraman. Xalqimizga Navroʻz bayrami muborak boʻlsin.

Nukus shahrida bayram tadbirlari asosan uchta manzil — I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpogʻiston davlat sanʼat muzeyi, Yoshlar markazi va “Istiqlol” bolalar dam olish markazlari xiyobonlarida boʻlib oʻtmoqda.

Bayram tantanalarida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi M.Kamalov va Vazirlar Kengashi raisi Q.Sariyev ishtirok etmoqda.

Gʻ.Otajonov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?