“Navoiyuran”davlat korxonasida yaponiyalik hamkorlar bilan aloqalar mustahkamlanmoqda

13:29 27 Oktyabr 2023 Jamiyat
85 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Respublikamiz Prezidentining 2022-yil 14-iyuldagi «2022 — 2030-yillarda “Navoiyuran” davlat korxonasida uranni qazib olish, qayta ishlash hajmlarini oshirish hamda uni transformatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarorida 2030-yilga qadar mamlakatimizda uran mineral xomashyosi bazasini 100 ming tonnaga yetkazish, tabiiy uran mahsulotini ishlab chiqarish hajmini ikki baravar, ammoniy perrenatini 1,7 barobarga oshirish, korxona iqtisodiy salohiyatini toʻlaqonli namoyish etish maqsadida uran zaxiralari va resurslari geologiyasi, ularni qazib olish, qayta ishlash va eksport hajmlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek, milliy va xalqaro standartlar asosidagi moliyaviy hisobotlari boʻyicha maʼlumotlarni rasman eʼlon qilish boʻyicha cheklovlarni olib tashlash vazifalari belgilangan.

Mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida korxonaning hamkorlik doirasi tobora kengayib, ishonchli hamkorlar bilan bir qator loyihalar amaliyotga tatbiq etilmoqda.  

Yaponiyaning “Itochu Corporation” korporatsiyasi shulardan biri boʻlib, ikki tomonlama manfaatli hamkorlik 2006-yildan yoʻlga qoʻyilib, istiqbolli loyihalar ustida muntazam muloqotlar oʻtkaziladi.

“Navoiyuran” DK Bosh direktori va korxonaning masʼul mutaxassislari ishtirokida “Itochu Corporation” korporasiyasining Tokio ofisidagi menejeri Toshitaka Shibata ( Toshitaka Shibata) boshchiligidagi delegаsiyasi bilan uchrashuvini shunday muloqotlar sirasiga kiritish mumkin.

Kunchiqar yurt vakillari muloqot davomida geologiya-qidiruv, hamkorlikda uran ishlab ishlab chiqarish, yuqori texnologiyalarni joriy etish, hamkorlikda yangi konlarni oʻzlashtirish, korporatsiyaning dunyo bozoridagi xalqaro tajribasidan samarali foydalanish hamda geolog va muhandislari ishtirokida sulfat kislotasi ishlab chiqarishga qaratilgan yangi quvvatlarni yaratish boʻyicha oʻz takliflarini bildirishdi.

Mehmonlar uchrashuv davomida korxona bilan hamkorlikda tashkil etilishi rejalashtirilayotgan qoʻshma korxona konsepsiyasining ham taqdimotini oʻtkazishdi.

Uchrashuvda korxona Bosh direktori tomonidan birinchi galdagi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida yaponiyalik hamkorlarga istiqbolli konlarda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish taklifi ilgari surildi.

— Bu kelajakda hamkorlikning yangi yoʻnalishi sifatida uran ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish va uran konlarining yangi zaxiralarini topish imkonini beradi. Istiqbolli konlarda yiliga 500 ming metrgacha burgʻilash ishlarini olib borish imkoniyatimiz mavjud, — dedi Djamal Fayzullayev. —Bundan tashqari, ishlab chiqarishga raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali uran ishlab chiqarish hajmini oshirish va mahsulot tannarxini kamaytirish boʻyicha ham takliflar oʻrtaga tashlandi.

Doʻstona va samimiy muloqot ruhida oʻtgan uchrashuv yakunida tomonlar kelgusida oʻzaro manfaatli hamkorlikni davom ettirishga hamda uchrashuvda belgilangan hamkorlikdagi ishlar yoʻl xaritasini ishlab chiqib, shu asosda faoliyatni yanada jadallashtirishga kelishib olindi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?