Navoiy shahri yana ulkan qurilishlar maydoniga aylandi

10:41 20 Yanvar 2025 Jamiyat
221 0

Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimiz Prezidentining 2024-yil 12-dekabrdagi “Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorining 16-bandida 50 mln dollar mablagʻ ajratgan holda Navoiy shahridagi “Yangi Navoiy shaharchasi” ishbilarmonlik markazi va “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi qurilishini jadallashtirish, mazkur bunyodkorlik ishlarida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy infratuzilma obyektlari qurilishi boʻyicha dastlabki ishlarni boshlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlariga asosan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun nazarda tutilgan xarajatlar hisobidan Navoiy viloyati mahalliy byudjetiga 100 mlrd soʻm ajratish vazifalari belgilangan.

Taʼkidlash joiz, davlatimiz rahbari ushbu loyihalar taqdimoti bilan Navoiy viloyatiga 2024-yilning 31-oktyabr – 1-noyabr kunlaridagi tashrifi doirasida tanishib, bir qator takliflarini bergan edi.

Shu asosda oʻtgan yilning nihoyalarida Navoiy shahri tarkibida Yangi Navoiy shaharchasi birinchi bosqichi qurilish jarayonlari boshlanib, hududda balandligi 7 dan 32 qavatgacha boʻlgan turarjoylar, maktablar, bogʻchalar va poliklinika, shuningdek, bogʻ va universitetning yangi binosi qurilishi rejalashtirilgan.

19-yanvar kuni Navoiy shahridagi “Farovon“ MFY hududida “GRATIS BUILDINGS” MCHJ tomonidan kongress hol, 27 qavatli mehmonxona va biznes markazi, koʻp qavatli turarjoy kompleksi qurilishiga start berildi. Tadbirda viloyat hokimi Normat Tursunov ishtirok etib, ushbu kun Navoiy shahri tarixiga oltin harflar bilan muhrlanishini taʼkidladi.

— Shaharchada aholi uchun mahobatli turarjoylar, maktablar, bogʻchalar va poliklinikalar, bogʻ va dam olish maskanlari bilan birga viloyatimizda biznesni rivojlantirish maqsadida tadbirkorlar uchun bir qator qulayliklar yaratiladi, — dedi N. Tursunov. — Albatta, bularning barchasi yangi ish oʻrni va hududda aholi bandligini hamda farovonligini taʼminlash demakdir.

Oʻsha kuni shaharning “Yoshlik“ mahallasidagi 19 gektar maydonda qad rostlaydigan Navoiy davlat universitetining yangi kampusi qurilishiga ham rasman start berildi.

— Muassasamizning yangi kampusi qurilishini 2027-yilga qadar nihoyasiga yetkazish rejalashtirilgan, — deydi NDU rektori Muhiddin Kalonov. — Shaharchada 12 ming oʻrinli oʻquv binolari, 2 ming 400 oʻrinli talabalar turarjoylari, sport inshootlari, amfiteatr, sayilgoh, zamonaviy oʻquv laboratoriyalari, muzey, ilmiy-tadqiqot va kovorking markazlari, kutubxona, ochiq va yopiq tipdagi basseyn va boshqa infratuzilmaga ega zamonaviy binolar quriladi.

Maʼlumot oʻrnida eslatish joiz, 1958-yilda asos solingan Navoiy shahri yaqin orada bu qadar keng koʻlamli qurilish va bunyodkorlik ishlariga guvoh boʻlgan emas. Tabiiyki, qurilayotgan zamonaviy va hashamatli imoratlar shundogʻam navqiron Navoiy shahrini yanada yoshartirib yuboradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер