Namanganning turizm salohiyati xalqaro jurnalistlar eʼtiborida

16:10 08 Avgust 2025 Jamiyat
147 0

Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Vodiy gavhari hisoblanmish Namanganda iqtisodiyotning boshqa sohalari qatori sayyohlik industriyasini rivojlantirishning katta imkoniyatlari mavjud. Xususan, uning boy tarixiy merosga ega osori-atiqalari, shahar va qishloqlarning goʻzal tabiati, qadimiy yodgorliklar har qanday sayyohni ohanrabodek oʻziga tortadi. Shu bois maftunkor hududga tashrif buyurayotgan mehmonlar oqimi yildan yilga ortib borayotir.

Joriy yilning 5–7-avgust kunlari tashkil etilgan xalqaro press-turda viloyatda ayni sohada toʻplangan tajriba ommalashtirilib, ishtirokchilarga diltortar maskanlar taqdim qilindi. Tadbirda Germaniya, Turkiya, Eron va MDH davlatlaridan tashrif buyurgan 20 ga yaqin xalqaro va mahalliy OAV vakillari, jurnalist hamda blogerlar ishtirok etdi.

— Press-turning asosiy maqsadi — Namangan viloyatining boy turistik salohiyatini keng targʻib qilish, uning tabiiy, tarixiy va madaniy merosini xalqaro miqyosda yoritish orqali sayyohlarni yanada koʻproq jalb etishdan iborat boʻldi, — deydi viloyat hokimining oʻrinbosari Botir Nuriddinov. — Anjuman doirasida Pop, Chust, Chortoq, Yangiqoʻrgʻon va Toʻraqoʻrgʻon tumanlariga info-turlar uyushtirilib, mehmonlar ushbu hududlardagi turizm obyektlari, milliy hunarmandchilik markazlari, tarixiy va tabiiy maskanlar, shuningdek zamonaviy dam olish va sayohat manzillari bilan tanishish imkoniga ega boʻlishdi.

Maʼlumot uchun, Turizm qoʻmitasi huzuridagi “Milliy PR-markazi” davlat unitar korxonasi va viloyat Turizm boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan press-tur ishtirokchilari safida Qozogʻistonning “Kursiv” sayti va “Kazakhstan” teleradiokorporatsiyasi, Eronning “Fars News” axborot agentligi, Turkiyaning “TRT” telekanali, shuningdek, “Vatandosh.uz” sayti va boshqa nufuzli OAVlar vakillari bor edi. Xorijiy jurnalist va blogerlar taqdim etilgan sayyohlik obyektlari, ularning betakror manzarasi chuqur taassurot qoldirganini eʼtirof etib, bularning barchasini oʻz mamlakatlarida atroflicha yoritishni niyat qilganini bildirdilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер