Namanganda Mahmud Zamaxshariyning tilshunoslikka oid kitobi topildi

11:22 12 Dekabr 2024 Jamiyat
121 0

Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi Yangi Axsi qoʻlyozmalar markazida toʻrt mingdan ortiq nodir kitoblar saqlanmoqda. Ularning uchdan bir qismi VII — XVIII asrlarga oid noyob qoʻlyozmalar hisoblanadi.

Kuni kecha bu maskandagi manbalar soni yana 40 adadga koʻpaydi. Markazga mahalliy aholi tomonidan taqdim etilgan kitoblar orasida eng qimmatlisi lugʻatshunoslik, adabiyot, aruz ilmi, arab grammatikasi, geografiya, tafsir, hadis va fiqhga oid ellikdan ortiq mukammal asarlarni yaratgan, dunyo tan olgan olim, buyuk vatandoshimiz Abul Qosim Mahmud ibn Umar Az-Zamaxshariyning tilshunoslikka oid asaridir.

— Jahon fani va madaniyati rivojiga munosib hissa qoʻshgan buyuk alloma ijodida arab tilshunosligi va grammatikasining turli jihatlariga oid asarlar salmoqli oʻrin egallaydi. Jumladan, 1121-yilda yozilgan mazkur yoʻnalishdagi kitob “Al-mufassal”ning har bir boʻlimida morfologik va sintaksis masalalari koʻrib chiqilgan. Asar fonetika boʻlimi bilan yakunlanadi. U arab tilini chuqur oʻrganishda yirik qoʻllanma sifatida azaldan Sharqda ham, Gʻarbda ham shuhrat topgan, — deydi markaz rahbari Bilolxon Rustamov.

Markaz kutubxonasini toʻldirgan koʻhna adabiyotlar orasida 1870-1905-yillarda Qozon, Ufa va Toshkentda toshbosma usulda chop etilgan Fariduddin Attorning insoniyatning 96 buyuk siymolari hayoti va siyratlari aks etgan “Tazkiratul avliyo”, Abu Muʼin Nasafiyning “Aqoidi Nasafiya” kitoblari sharhlari kabi nodir manbalar mavjud.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер