Namanganda 33 ming nafardan ortiq yoshlar ilk marta saylovda ishtirok etmoqda
Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Namangan viloyati ahli ham Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida faollik bilan qatnashmoqda. Joylarda ushbu muhim siyosiy kampaniyaga puxta hozirlik koʻrilib, 837 ta saylov uchastkalarida namunali ish olib borildi. Bugun viloyat boʻyicha 1 million 638,8 ming nafardan ziyod saylovchilarning ovoz berishi kutilmoqda. Ularning eng koʻpi Namangan shahri hududiga toʻgʻri keladi. Qay bir shahar yoki tumanda boʻlmasin, fuqarolarning saylov huquqini emin-erkin amalga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Shu oʻrinda nogironligi boʻlgan shaxslarning ovoz berishi uchun alohida imkoniyatlar hozirlab qoʻyilganligini aytib oʻtish lozim. Xususan, saylov uchastkalari toʻliq brayl alifbosidagi qoliplar bilan taʼminlangan, panduslar oʻrnatilgan, nogironlik aravachasida kelganlar maxsus “yordamga chaqirish” tugmachasi orqali xabar bera oladilar.
Muhim tadbirda ishtirok etayotgan namanganliklar orasida ilk marotaba ovoz berayotgan yoshlar vakillari 33,8 ming nafardan ortiqni tashkil etadi.
— Bugungi sanani intiqlik bilan kutdim, chunki, hayotimda ilk marta saylovda ishtirok etyapman, — deydi Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi Shovon mahallasida istiqomat qiluvchi Muslima Jahongirova. — Ertalabda hayajon bilan hududimizdagi 496-saylov uchastkasiga oshiqdim. Aniq qarorga kelishim uchun oldinroq saylov qonunchiligi haqidagi bilimlarimni oshirishga harakat qilgan edim, siyosiy partiyalarning deputatlikka nomzodlari haqida bilib olib, uchrashuvlarda qatnashdim. Oʻzim yashayotgan mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish holatidan kelib chiqib, ularning oʻz oldiga qoʻygan vazifalarini taqqosladim. Chunki, men qoʻllab-quvvatlagan nomzod ertaga vakillik hokimiyatida deputat sifatida mening, yaqinlarim va qoʻni-qoʻshnilarim manfaatini himoya qilishi, biz istiqomat qilayotgan hudud taraqqiyotiga hissa qoʻshishi kerak.
Keksa avlod vakillari ham yurtning ertangi kuni uchun oʻzlarini daxldor bilib saylovda faol ishtirok etishga harakat qilishyapti.
— Bu yil 88 yoshga kirdim. Hali bardam va tetikman, shukr! — deydi fuqarolik burchini bajarish uchun kelgan Abdurazzoq ota Ahmadaliyev. — Bilasizmi, hayotim davomida juda koʻplab saylov jarayonlarini koʻrdim. Nohaqliklarga ham, adolatli oʻtgan saylovlarga ham mana shu bosh guvoh. Lekin bu yilgi saylov juda boshqacha. Buni odamlarning kayfiyati va har bir jarayonga qiziqish, manfaatdorlik va masʼuliyat bilan qarayotganidan ham bilsa boʻladi.
18-oktyabrdan 23-oktyabrgacha viloyatdagi barcha saylov uchastkalarida saylovchilarning murojaatlariga asosan muddatidan oldin ovoz berishni tashkil qilindi. Unda 60096 kishi byulletenlarga kiritilgan nomzodlarga oʻz munosabatlarini bildirdi.
Taʼkidlash lozimki, joylarda saylovning shaffof oʻtishini taʼminlash alohida eʼtiborda. Xalqaro tashkilotlar, xorijiy mamlakatlar vakillaridan iborat kuzatuvchilar qatori siyosiy partiyalar tomonidan tayinlangan 4186 nafar, oʻzini oʻzi boshqarish organlarining 837 nafar mahalliy kuzatuvchilari ham faol harakatda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring