Mutal Burhonovning byusti qachon oʻrnatiladi?
Foto: “Xalq soʻzi”
Istam IBROHIMOV/«Xalq soʻzi». Soʻzni bundan salkam besh yil avvalgi holatdan boshlamoqchimiz. Oʻshanda Mutal Burhonov mahalla fuqarolar yigʻini «Obod mahalla» dasturiga kiritildi. Chunonchi, Buxoro shahar hokimining 2019-yil 20 va 29-avgustdagi farmoyishlariga koʻra, B. Naqshband koʻchasi 182/1-uyda joylashgan Mutal Burhonov uy-muzeyi taʼmirlanadigan boʻldi. Qurilish-taʼmirlash ishlariga shahar hokimligi obodonlashtirish boshqarmasi buyurtmachi etib belgilandi. Mazkur boshqarma zimmasiga bir qator vazifalar yuklandi.
29-avgustdagi 201F-sonli farmoyishda uy oldida dam olish maskani qurish, hatto uy-muzey yonida M. Burhonov haykalini oʻrnatish vazifasi ham qoʻyildi. Keyin esa bu haykal emas, byust ekani maʼlum boʻldi. Buyurtmachi bilan pudratchi tashkilot – «Feruz – Farrux invest» masʼuliyati cheklangan jamiyati oʻrtasida shartnoma tuzildi. Har ikkala farmoyishning bajarilishini nazorat qilish esa oʻsha paytda shahar hokimining oʻrinbosari vazifasida ishlayotgan, keyin esa shahar hokimi ham boʻlgan Oʻ. Jumayev zimmasiga yuklandi.
Oʻshanda «Feruz – Farrux invest» MCHJ uy-muzey hovlisida M. Burhonov byustini oʻrnatish uchun Oʻzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi aʼzosi, haykaltarosh, yakka tartibdagi tadbirkor Bekmurod Hakimov bilan shartnoma tuzdi.
– Shundan soʻng ulugʻ bastakor Mutal Burhonovning hayoti va ijodini chuqur oʻrgandim, – deydi Bekmurod Hakimov. – Bu insonni yaqindan bilgan kishilar bilan suhbatlashdim. Ikki oylik ijodiy mehnat natijasida bastakorning byustini yaratdim. U respublika Bastakorlar uyushmasiga, Mutal Burhonovning yaqinlariga maʼqul tushdi.
Ammo byustni uy-muzey oldida oʻrnatish masalasiga kelganda muammo yuzaga qalqib chiqdi. Haykaltarosh bilan shartnoma tuzgan masʼuliyati cheklangan jamiyati hisob raqamiga bu yumushlar uchun mablagʻ kelib tushmagani ayon boʻldi. Bizdagi maʼlumotlarga qaraganda, oʻshanda byust uchun 50 million soʻm, uy-muzey atrofini obodonlashtirish uchun esa 600 million soʻm mablagʻ ajratilishi kerak edi.
Oradan salkam besh yil oʻtdi. Ammo muz oʻrnidan jilmadi. Mutal Burhonovning byusti hali-hanuz oʻrnatilgan emas. Haykaltarosh viloyat va shahar hokimliklariga, turli tashkilotlarga murojaat qila-qila charchadi. Keyin esa oʻzining iborasi bilan aytganida, qoʻlni yuvib qoʻltiqqa urdi.
– Byustning tayyor qolipi turibdi, – deydi u. – Mablagʻ masalasi hal boʻlsa uni ikki-uch kun oraligʻida 50-yillik kafolat bilan tayyorlab beraman. Ammo meni boshqa bir narsa ranjitadi. Nahotki, Oʻzbekiston xalq artisti, «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni sohibi, Davlat Madhiyasi musiqasi muallifi Mutal Burhonov byusti uchun mablagʻ topilmasa…
Ijodkorning kuyinganicha bor. Madhiyamiz musiqasi muallifi har qanday eʼzozga munosib. Qolaversa, davlatimiz rahbarining 2017-yildagi tegishli qaroriga muvofiq, ichki va tashqi turizmni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etuvchi shaharsozlik doirasidagi barcha qurilish obyektlari smetasiga haykaltaroshlik, dastgohli rangtasvir, grafika kabi badiiy ishlarni kiritish koʻzda tutilgan. Mutal Burhonov uy-muzeyi esa oʻz-oʻzidan ayonki ichki va tashqi turizm obyekti sanaladi.
Darvoqe, bundan chamasi toʻrt yilcha muqaddam «Xalq soʻzi» gazetasida ushbu mahalla, shuningdek, uy-muzeyga aloqador masalalar yechimiga oid tanqidiy-tahliliy maqola eʼlon qilingan edi. Oʻshanda shahar hokimligi rasmiy saytida uy-muzeyda taʼmirlash ishlari olib borilayotgani, mazkur ishlar boʻyicha qoʻshimcha axborot berilishi maʼlum qilingandi. Ammo vaqt koʻrsatdiki, bu maʼlumot byust bilan bogʻliq masalani xaspoʻshlashdan boshqa narsa emas ekan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring