Moliyaviy islohotlar izchil va davomiy boʻlishi kerak
Islomiy moliya tarmogʻi bugungi kunda jahonda jadal rivojlanib borayotgan va innovatsion moliyalashtirish mexanizmlarini oʻzida jamlagan sohalardan biri hisoblanadi.
BMT oʻtkazgan soʻrovnoma natijalariga koʻra, barcha respondentlarning 20 foizi bank kreditlaridan foydalanmasligining asosiy sabablari qilib diniy qarashlar, kreditlar boʻyicha yuqori foiz darajasi va kreditlashtirishning murakkabligi koʻrsatilgan boʻlib, agar mamlakatda islom moliya muassasalari tashkil etilsa, ushbu muassasa xizmatlaridan foydalanishlari mumkinligi aytilgan.
Demak, bizda ushbu yoʻnalishda talab bor. Talab boʻlgan joyda bozor tamoyillariga asosan taklif ham boʻlishi kerak. Shu sababli, Prezidentimiz 2020-yilda Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida mamlakatimizda islom moliyaviy xizmatlarini joriy etish boʻyicha huquqiy bazani yaratish vaqti-soati kelganligini taʼkidlab oʻtgan edi. Bu esa, yurtimizda islom moliyaviy xizmatlarini koʻrsatish uchun huquqiy asos yaratilishini taqozo etadi.
Shundan kelib chiqib, Hukumat tomonidan ishlab chiqilgan «Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalash faoliyati toʻgʻrisida»gi qonun loyihasi ayni kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi fraksiyalarida deputatlar tomonidan koʻrib chiqilmoqda.
Loyihada nobank kredit tashkilotlari tomonidan islomiy moliyalashtirish tamoyillarini qoʻllash imkoniyati koʻzda tutilgan. Nima uchun ushbu tamoyillar banklar uchun emas, nobank kredit tashkilotlari uchun tatbiq etilmoqda degan savol tugʻilishi ham tabiiy.
Birinchidan, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, har qanday qonun xalqchil va toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan boʻlishi kerak. Ushbu talabdan kelib chiqsak, islomiy moliyalash tamoyillarini mikromoliyalash tashkilotlaridan boshlab sinovdan oʻtkazish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Sababi, qoʻshni mamlakatlarda (Qozogʻiston, Qirgʻiziston) tegishli qonunchilikka kiritilgan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar yoki alohida qonun (Tojikiston) islomiy moliyalash rivojiga dadil turtki boʻldi deb ayta olmaymiz. Keyinchalik xorijiy tajribani chuqur oʻrgangan holda Islomiy moliyalash asoslarini qonunchilikka implementatsiya qilish uchun alohida qonun yoki mavjud qonunchilikka oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish imkoniyati saqlab qolinadi.
Ikkinchidan, islomiy bank faoliyati toʻgʻrisida qonun qabul qilinsa, ular faoliyat koʻrsatishi uchun ushbu bankda ishlaydigan mutaxassislar boʻlishi lozim. Bugungi kunda yurtimizda bunday mutaxassislar barmoq bilan sanarli. Bunda nafaqat aholining moliyaviy savodxonligi, balki bank mutaxassislarining bilim va malakasini ham oshirish lozim. Barcha mutaxassislarni xorijdan olib kelib ishlatish uchun banklarda mablagʻ boʻlmasligi yoki bu faoliyat oʻzini oqlamasligi mumkin. Buning uchun Islom taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlikni kuchaytirib, ularning ekspertlarini jalb qilish kerak boʻladi. Ushbu ekspertlar milliy qonunchiligimizni oʻrgangan holda bizning mutaxassislar bilan birga islom moliyalash asoslarini qonunchilikka tatbiq etish va mutaxassislarning bilim va koʻnikmalarini malaka oshirish kurslarini tashkil etish orqali amalga oshirish mumkin.
Xulosa qilib aytganda, yurtimizda olib borilayotgan moliyaviy islohotlar ham boshqa islohotlar kabi izchil va davomiy boʻlishni taqozo etadi. Zero, ushbu islohotlar zamirida aholining turmush farovonligi, moliya-bank tizimiga boʻlgan ishonch, yurtimiz kelajagi va yutuqlari mujassamlangan.
Jahongir ABDURASULOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Milliy tiklanish” partiyasi fraksiyasi aʼzosi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring