Misrdan Oʻzbekistonga gepatit S ga qarshi dori vositalarining oʻn ikkinchi partiyasi olib kelindi

12:19 07 Avgust 2023 Jamiyat
378 0

“Uzbekistan Airways“ aviakompaniyasi Misr hukumati tomonidan mamlakatimizga insonparvarlik yordami sifatida ajratilgan gepatit S ga qarshi “Sofosbuvir-400 mg” dori vositasining oʻn ikkinchi partiyasini Sharm ash-Shayxdan Toshkentga yetkazib berdi.

30 dona qutiga yuklangan 7,2 ming dona mazkur preparat Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti tomonidan bemorlarga taqsimlanadi.

Mutaxassislar fikricha, mazkur begʻaraz yordam davlatimiz byudjetidan 35 milliard soʻmni tejash hamda bu mablagʻlar hisobidan gepatitni aniqlash boʻyicha skrining tekshiruvlari qamrovini yanada oshirish imkonini beradi.

Eslatib oʻtamiz, ushbu insonparvarlik yordami Prezidentimizning shu yil 20-21-fevral kunlari Misrga rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar doirasida amalga oshirildi.

Qayd etish joizki, Misr gepatit V va S viruslariga qarshi kurashish borasida dunyo boʻyicha katta muvaffaqiyatlarga erishgan. Ayni paytda mamlakat aholisi ushbu kasallikdan butunlay forigʻ boʻlgani eʼtirof etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?