Milliy kadrlar zaxirasi: strategik yondashuv, natija va ustuvor vazifalar

22:25 15 Oktyabr 2024 Jamiyat
72 0

Illyustrativ foto

Kadrlar zaxirasini shakllantirish har bir davlatning strategik rivojlanish jarayonida muhim ahamiyatga ega. Shu bois yurtimizda ham so‘nggi yillarda inson kapitaliga e’tiborni oshirish hamda milliy kadrlar salohiyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotir.

Mazkur hujjat asosida mamlakatimizda yagona kadrlar siyosatini yuritish maqsadida davlat fuqarolik xizmati masalalari bo‘yicha vakolatli davlat organi — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashkil etildi.

Yuqori salohiyat, bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlarni yuzaga chiqarish, ularni tenglik, raqobatlilik, ixtiyoriylik, shaffoflik, xolislik va ochiqlik tamoyillari asosida Milliy kadrlar zaxirasiga kiritish masalasi Agentlikning asosiy vazifasi sifatida belgilandi. “Milliy kadrlar zaxirasi” deganda davlat fuqarolik xizmatida rahbarlik lavozimlarini munosib kadrlar bilan to‘ldirish uchun shakllantiriladigan malakali mutaxassislarga oid ma’lumotlar bazasini tushunish lozim. Bugungi kunda ushbu yo‘nalishda Agentlik tomonidan ilg‘or xorijiy tajriba va milliy amaliyot uyg‘unligi asosida qator ishlar boshlab yuborildi.

Kadrlar zaxirasini shakllantirish nafaqat davlat idoralari va kompaniyalar uchun muvaffaqiyatli boshqaruvning asosiy omillaridan biri, balki jamiyatni barqaror rivojlantirish, innovatsion va raqobatbardosh iqtisodiyot yaratishning zaminidir. Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, kadrlar salohiyatini samarali shakllantirgan davlatlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda yetakchi o‘rinlarni egallaydi.

Milliy kadrlar zaxirasi davlat sektorida rahbar kadrlar tarkibini barqaror ta’minlash va uning sifatini yaxshilash, davlat xizmatchisining kasbiy bilimini oshirish hamda xizmatda lavozimi bo‘yicha ko‘tarish maqsadida shakllantiriladi. Milliy kadrlar zaxirasi tenglik, raqobatlilik, ixtiyoriylik, shaffoflik, xolislik va ochiqlik tamoyillari asosida shakllantiriladi va yuritiladi.

Milliy kadrlar zaxirasini shakllantirish va yuritish Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan davlat boshqaruvi organlari hamda mahalliy ijroiya hokimiyati bilan birgalikda amalga oshiriladi.

Bugungi kunda ushbu yo‘nalishda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan ilg‘or xorijiy tajriba va milliy amaliyot uyg‘unligi asosida qator ishlar amalga oshirildi.

Xususan, Buyuk Britaniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya, Janubiy Koreya, Yaponiya kabi davlatlarning tajribasidan kelib chiqib, “Davlat fuqarolik xizmati yagona elektron axborot-tahlil tizimi” dasturiy-apparat kompleksi ishlab chiqilib, kadrlarni saralab olishning zamonaviy usullari amaliyotga tatbiq etilmoqda.

Yuqorida qayd qilingan elektron tizim orqali Milliy kadrlar zaxirasi yuritiladi va boshqariladi. Zaxiraga olingan shaxs haqida to‘liq ma’lumotlar, uning dosesidan tortib baholash natijalarigacha ushbu elektron tizimdan o‘rin olgan.

Nomzodlarning bilimi, psixologik xususiyati va rahbarlik ko‘nikmasini aniqlash maqsadida ularning salohiyati o‘rganiladi. Nomzodning salohiyatini baholash test sinovlari, psixometrik testlar, “360 daraja” o‘rganish va assessment usullarini o‘z ichiga oladi.

Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Davlat boshqaruvi akademiyasi va yurtimizning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda zaxiraga olingan shaxslar uchun maxsus o‘quvlar tashkil etiladi. O‘qishlar vebinar (ma’ruza), amaliy mashg‘ulot va seminar-trening shaklida tashkil etiladi. Ishtirokchilar hududdagi rahbarlarga biriktiriladi va dublyorlik asosida stajirovka o‘taydi. Hozirda Agentlik tomonidan hududning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda, inson resurslarini o‘rganish asosida mahalliy davlat hokimiyati organlari uchun kadrlar zaxirasi shakllantirilmoqda.

Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining 206 ta tuman va shaharlar hokimlari lavozimlariga jami 2 mingdan ziyod nomzodlar o‘rganildi hamda 1 167 nafar nomzod Milliy kadrlar zaxirasi uchun saralanib olindi.

Saralab olingan nomzodlarning sifat tarkibida 109 nafar tuman (shahar) hokimlari va viloyat hokimi o‘rinbosarlari, 251 nafar tuman (shahar) hokimlari o‘rinbosarlari, 134 nafar mahalladagi hokim yordamchilari, 297 nafar iqtisodiy, 88 nafar qurilish va energetika, 81 nafar qishloq va suv xo‘jaligi, 92 nafar ijtimoiy va 115 nafar boshqa soha vakillarini ko‘rish mumkin. Mobil zaxiraga kiritilgan nomzodlarning barchasi birinchi galda Davlat boshqaruvi akademiyasida o‘qitildi.

Joriy yilning o‘tgan davrida Milliy kadrlar zaxirasidan viloyat hokimi o‘rinbosari va tuman(shahar) hokimi lavozimiga 50 dan ziyod nafar  nomzod tayinlandi. Shuningdek, mahallalardagi hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari orasida natija ko‘rsatgan ming nafar nomzod Salohiyatli kadrlar zaxirasiga saralab olindi. Hozirgacha ularning 197 nafari Davlat boshqaruvi akademiyasida malaka oshirish kursida ishtirok etdi.

Vazirliklar va idoralarning 149 ta rahbarlik lavozimlariga 606 nafar kadrlar zaxirasi shakllantirildi. Shu bilan birga, davlat organi va tashkilotlarida gender tengligini ta’minlash maqsadida jami 622 nafar ayol nomzod kadrlar zaxirasiga saralab olingan bo‘lib, shundan 42 nafari vazirlik va idoralar, 73 nafari mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlik lavozimlariga, 240 nafari Istiqbolli kadrlar zaxirasiga, 108 nafari Salohiyatli kadrlar zaxirasiga, 144 nafari “Rahbar ayollar maktabi” bitiruvchilarini tashkil etadi. “Rahbar ayollar maktabi” dasturining 1 va 2-mavsumlarida ishtirok etgan xotin-qizlardan 24 nafari yuqori lavozimlarga tayinlangan.

Agentlik tomonidan yangicha loyihalar yo‘lga quyilgan bo‘lib ulardan biri sifatida Xanns Zaydel jamg‘armasi va Bavariya Davlat boshqaruvi maktabi bilan hamkorlikda tuman (shahar)lar rahbarlik lavozimlariga zaxira yaratish maqsadida “Hokimlikka tayyorlash maktabi” konsepsiyasi asosida Davlat boshqaruv akademiyasi bilan qo‘shma ta’lim dasturi ishlab chiqildi va dastur ishtirokchilari sifatida bugungi kunda tuman (shahar) hokimlari lavozimga zaxiraga olingan kadrlar orasidan ularning eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlariga (KPI) muvofiq 56 nafar nomzod tanlab olindi.

Nomzodlar tarkibiga vazirlik va idoralarda, viloyat, tuman, shahar hokimliklari hamda xususiy sektorda samarali faoliyat yuritayotgan shaxslar, hududdagi tashkilot va korxonalar rahbarlari, ushbu hududda tug‘ilgan hamda vazirlik va idoralarning markaziy apparatida ishlayotgan xodimlar, xorijiy davlatlarda faoliyat ko‘rsatayotgan iqtidorli shaxslar kiritilmoqda. Nomzodlar orasidan eng munosiblarini tanlab olish rahbarlik ko‘nikmasi, sohaga oid bilimi, ma’naviyati hamda psixologik holatini aniqlaydigan maxsus imtihon va baholash natijalariga ko‘ra zaxiraga kiritiladi.

Davlat fuqarolik xizmatchilarining bilimlarini aniqlaydigan hamda ularning psixologik portretini yaratish uchun xizmat qiladigan “Davlat xizmatchilarini sinovdan o‘tkazish moduli” (test.argos.uz) elektron axborot tizimi joriy qilindi. Davlat xizmatchisi testi orqali 100 ballik tizim asosida nomzodlarning siyosiy va huquqiy, iqtisodiy, ma’naviyat, axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga oid bilimlari baholanadi. Ta’kidlash joizki, bugungi kunga qadar ushbu tizim orqali 14 ta vazirlik va idoralarning 30 ming nafardan ziyod hamda hokimliklarning 5,5 ming nafarga yaqin xodimlari test topshirdi.

Bundan tashqari nomzodlarning kasbiy bilimi, boshqaruv ko‘nikmalari (liderlik, tizimli fikrlash, natijaga yo‘nalganlik, moslashuvchanlik, kommunikativlik)ni baholash maqsadida u bilan suhbat o‘tkaziladi (assessment). Suhbat maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan Agentlik xodimlari va malakali tashqi ekspertlar (assessorlar) ishtirokida tashkil etiladi. Suhbat uch bosqichda amalga oshiriladi: keyslar yechish, aqliy hujum va intervyu.

Yuqorida qayd qilingan baholash tizimi adolat, shaffoflik va xolislik tamoyillarini ta’minlashga xizmat qilib, ma’lum bir rahbarlik lavozimiga eng munosib va qobiliyatlilarni izlab topish imkonini yaratadi.

O‘ylaymizki, yuqorida qayd etilgan choralar davlat fuqarolik xizmatida inson resurslarini tom ma’noda o‘z kasbining haqiqiy iqtidorlari bilan boyitishga xizmat qiladi va yaqin kelajakda o‘zining samarasini bera boshlaydi.

Kamol TAGAYEV,

Muzaffar LATIBOV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bosh inspektorlari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?