“Meros” filmi hozirgacha oʻndan ortiq xalqaro kinofestivallarda gʻolib boʻldi

20:24 13 Oktyabr 2022 Jamiyat
1262 0

Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan “Meros” filmi Xalqaro kinofestivallarda ishtirok etishda va sovrindor boʻlishda davom etmoqda. 

Pokistonda oʻtkazilgan “Makizhmithran International Film Festival” Xalqaro kinofestivalida qatnashgan mazkur film “Eng yaxshi rejissyorlik ishi” nominatsiyasida gʻolib deb topildi.

“Meros” filmi qozoq va oʻzbek xalqlarining eʼtiqod birligi, anʼanalari va koʻp asrlik doʻstligi haqida hikoya qiladi. Oʻzbek millatining naqadar yuksakligi, xalqalar oʻrtasidagi doʻstlik, mehr-oqibat va bagʻrikenglik tushunchalarini oʻzida namoyon etgan, qoʻshni xalqalarning taqdiriga eʼtiborsiz boʻlmagan oʻzbeklar hayoti aks ettirilgan ushbu film festivalning boshqa ishtirokchilarini ham xayratda qoldira oldi deyish mumkin. Buni aynan festival qatnashchilari, xorijiy davlatlar vakillari bildirgan izohlardan ham bilish mumkin.

“Oʻzbek filmlarining xorijiy kinofestivallarda ishtirok etishi bu oʻzbek kinematografiyasi uchun ajoyib voqelikdir. Bizning filmlar ham mana shunday festivallarda qatnashib, namoyish etilayotgani va sovrindor boʻlayotgani bilan bir qatorda xalqaro kino ekspertlar tomonidan eʼtirof etilishi ham kishini mamnun etadi. Pokistondagi festival ishtirokchilari «Meros” filmiga nisbatan “aqlbovar qilmas film” degan taʼrifni berganlaridan shodlandim. Oʻylaymanki, yaqin kelajakda oʻzbek kino sanʼati yanada ulkan choʻqqilarni zabt eta oladi!», - dedi film ssenariy muallifi va rejissyori Hilol Nasimov.

Shuni ham taʼkidlash joizki, film joriy yilning may oyida Rossiyada boʻlib oʻtgan “Zolotoy Vityaz” kinoforumida “Qozoq va oʻzbek xalqlari oʻrtasidagi anʼana va munosabatlarning umumiyligi mavzusini ochib bergani uchun” maxsus diplom bilan taqdirlangan. Shu bilan birga iyul oyida Hindistonda oʻtkazilgan “Oltin tulpor” (“Golden Horse Film Festival”) Xalqaro kinofestivalida hamda 9-13-sentyabr kunlari Pokistonda oʻtkaziladigan “Gandhra Independent Film Festival” (GIFF) Xalqaro kinofestivali “Eng yaxshi xorijiy film” va “Eng yaxshi rejissyorlik ishi” nominatsiyalari boʻyicha gʻolib boʻlgan edi.

“Meros” filmi shu kungacha oʻndan ortiq xalqaro festivallarda “Yilning eng yaxshi filmi”, 4 ta festivalda “Eng yaxshi rejissyorlik ishi” nominatsiyalari gʻolibi boʻlgan. Kinokartina kuni kecha Rossiyaning “Kinoshok” kinofestivali konkurs roʻyxatidan ham joy oldi. Shuningdek, film tez kunlarda “Luchezarniy angel” (Rossiya) hamda joriy yilning 4-oktyabridan 22-noyabrigacha oʻtkaziladigan Avstraliyaning “Muslim Film Festival” kinofestivalida ishtirok etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?