Markaziy Osiyo davlatlari sogʻliqni saqlash vazirlari Jenevada qanday masalalarni muhokama qildi?

19:59 21 May 2023 Jamiyat
501 0

Shveysariyaning Jeneva shahrida boshlangan Jahon sogʻliqni saqlash assambleyasi 76-sessiyasi doirasida JSST Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge bilan Markaziy Osiyo davlatlari sogʻliqni saqlash vazirlari oʻrtasida norasmiy uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Yigʻilish byuro direktori X. Klyugening bayonoti bilan boshlandi. Unda 2022-2025-yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlarida salomatlik va farovonlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi vazifalar xususida soʻz yuritildi.

Qayd etilganidek, mazkur hujjat oʻtgan yilning 11-sentyabrida Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston Sogʻliqni saqlash vazirliklari tomonidan tasdiqlangan. U mintaqamizning besh mamlakatida sogʻliqni saqlash sohasi boʻyicha olib borilayotgan saʼy-harakatlarni birlashtirishga qaratilgan.

Xususan, “Yoʻl xaritasi” Markaziy Osiyoda iqlim inqirozi, COVID-19 pandemiyasi asoratlari hamda sogʻliqni tizimi bilan bogʻliq muammolarni bartaraf etish, onalar va bolalar salomatligi koʻrsatkichlarini yanada yaxshilash, noinfeksion kasalliklarning oldini olishga doir qator muhim chora-tadbirlarni oʻz ichiga oladi.

Qolaversa, mazkur ezgu tashabbus mintaqa aholisi salomatligi va farovonligi darajasini yuksaltirish uchun sarmoya va boshqa zarur resurslarni jalb qilish imkonini berishi bilan ahamiyatlidir.

Uchrashuvda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov keyingi yillarda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, uning 53 davlatni oʻz atrofida birlashtirgan Yevropa mintaqaviy byurosi bilan hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanayotganini taʼkidladi.

Chunonchi, pandemiya davrida JSST koʻmagida mamlakatimizga SOVID-19 ga qarshi vaksina, tibbiy jihoz va preparatlar keltirilishi, tashkilot tomonidan kasallikni davolash boʻyicha ishlab chiqilgan tavsiyalar minglab yurtdoshlarmiz hayotini saqlab qolish imkonini bergani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Endi koronavirus oqibatlari va asoratlarini tezkor hamda samarali bartaraf etish — galdagi ustuvor vazifa. Bunda 2022-2025-yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlarida salomatlik va farovonlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “Yoʻl xaritasi” muhim dasturilamal boʻlmoqda.

Binobarin, hujjatdan global iqlim oʻzgarishlari bilan bogʻliq chora-tadbirlar oʻrin olgani ham eʼtiborga molik. Chunki bu muammo mintaqa aholisi oʻrtasida yurak-qon tomir, nafas olish tizimi kasalliklariga chalinish hamda oʻtkir ichak infeksiyalarini yuqtirish xavfini oshiradi. Shuningdek, murakkab ekologik muhit kamqonlik, saraton va sil bilan xastalanish koʻrsatkichlari oshishiga olib kelishi sir emas.

Shundan kelib chiqqan holda, yakunda ishtirokchilar “Yoʻl xaritasi” ijrosini jadallashtirish yuzasidan zarur chora-tabbirlarni belgilab oldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер