“Markaziy Fargʻona” suv ombori atrofida ekoturizm maskanlari barpo etiladi

12:31 28 Yanvar 2025 Jamiyat
161 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-dekabrda qabul qilingan “Ekoturizmni rivojlantirish va suv omborlarining suvni muhofaza qilish zonalari doirasida yer uchastkalari ajratish tartibini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, bu borada bir qator ustuvor vazifalar belgilangan. Ayni jarayonda suv omborlari atrofida ekoturizmni rivojlantirish, mahalliy va xorijiy sayyohlarning hordiq chiqarishi, suv resurslaridan samarali foydalanish nazarda tutilgan.

Fargʻona vodiysi markazida joylashgan “Markaziy Fargʻona” suv ombori 85 ming gektar yerni sugʻorishga moʻljallangan boʻlib, qum ustida barpo qilingan bunday noyob suv havzasi dunyoda miqyosida bor-yoʻgʻi ikkita. Biri Saudiya Arabistonida boʻlsa, ikkinchisi yurtimizda bunyod etilgan.

Shu jihatdan olib qaraganda, “Markaziy Fargʻona” suv ombori atrofida ekoturizmni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjud. Boisi suv omborining bir tomoni sunʼiy baliq koʻllari, ikkinchi tomoni esa keng hududlar boʻylab yastanib yotgan tabiat yodgorliklari qoʻriqxonasiga tutashib ketgan. Qolaversa, suv ombori Fargʻona vodiysini poytaxt va mamlakatimizning boshqa hududlari bilan bogʻlovchi “A-373”xalqaro yoʻli boʻyida joylashgan.

Ayni kunlarda Fargʻona viloyati hokimligi tashabbusi bilan suv ombori atrofida ekoturizm maskanlari tashkil etish boʻyicha amaliy saʼy-harakatlar olib borilmoqda.

— Tahlillarga qaraganda, suv ombor atrofida bunday maskanlarni tashkil etish mumkin boʻlgan 284 gektar yer maydoni bor, — deydi Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari Alibek Tursunov. — Shu tariqa tashabbuskor tadbirkorlarning istiqbolli loyihalari uchun 0,5-1 gektardan yer ajratiladi hamda 10-yil muddatga ijara shartnomasi asosida beriladi.

Hozir malakali mutaxassislarni jalb etgan holda, aynan tashabbuskor tadbirkorlarning takliflari asosida mukammal loyiha tayyorlanmoqda. Unda suv omboriga tutash hududdagi fermer xoʻjaliklari yerlarini ham ekoturizmga jalb etish maqsad qilingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер