Maqom sanʼati dunyo xalqlarini birlashtirdi

20:28 28 Iyun 2024 Jamiyat
244 0

Kuni kecha Jizzax viloyatining Zomin tumanida II Xalqaro maqom sanʼati anjumani tantanali ravishda ochilgandi. Mazkur anjumanning ikkinchi kuni “Maqom sanʼatining nazariy va amaliy asoslari: muammo va yechimlar” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.

Yalpi majlislarda ekspertlar XX asr Maqom ilmi: tarix, nazariya va amaliyot, uygʻur musiqasining mushtarak tarixlari, Shashmaqom oʻzbek-tojik xalqlari maʼnaviy birligining badiiy ramzi, Mugʻom vokal ijrochiligi tarixi va amaliyoti, Maqom va Raga oʻrtasidagi Baluji “Zahirigi” janri, Fargʻona-Toshkent maqom yoʻllari, “Shashmaqom” turkumidagi Saraxbori rostning kompozitsion tuzilishiga oid mavzularda chiqishlar qilishdi. Taniqli mutaxassislar tomonidan oʻtilgan darslar anjuman ishtirokchilari uchun oʻziga xos mahorat maktabi boʻldi.

Soʻz anjuman ishtirokchilariga:

Kerimi Siyavush Ashraf oʻgʻli,

Ozarbayjon Respublikasi Xalq artisti:

– Sharq mamlakatlari musiqasini maqomsiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Bu sanʼat doim jahon xalqlarining eʼtiborini tortgan. Qolaversa, Ozarbayjon “Mugʻom”iga juda yaqin. II Xalqaro maqom anjumanining ochilish marosimida davlatingiz rahbarining soʻzga chiqib, aynan, Oʻzbekistonda maqom sanʼatini rivojlantirish borasidagi fikr bildirganidan quvondim. Davlat rahbari sifatida ushbu sanʼat turiga qiziqyaptimi, demak, Oʻzbekistonda maqomning ertasi yorugʻ va bardavom. Anjuman koʻtarinki kayfiyatda oʻtishi uchun barcha zarur tayyorgarlik koʻrilgan. Bu kabi anʼanalarni hamkorlikda davom ettirish, tajriba almashish xalqlarimizni maʼnaviy yaqinlikda, ezgu orzu-intilishlar ruhida birlashtirishiga ishonaman.

Nesrin Feyzoʻgʻli,

Otaturk Universiteti Turk musiqasi davlat konservatoriyasi professori:

– Avvalo, yurtingizdagi mehmondoʻstlikdan kayfiyatim koʻtarildi. Anjumanga aynan, maqom soʻziga urgʻu berilishining oʻzi milliy musiqiy merosingiz naqadar yuksakligidan dalolat. Men bu anjumanda hakam sifatida ishtirok etyapman. Dunyodan zabardast cholgʻuchilar, sozandalar, xonandalar kelgan. Gʻoliblarni aniqlash va saralashni oʻzi boʻlmadi. Lekin bu anjuman maqom ustalari boʻlgan xonanda-yu sozandalar uchun oʻziga xos mahorat maydoniga aylanishiga ishonchim komil.

Ali Fateh.

Dehlidagi Katakendir institutining setor sozi boʻyicha oʻqituvchisi:

– Oʻzbekistonga birinchi marta boʻlishim. Buyuk ipak yoʻli durdonasi sifatida mamlakatingiz menda katta taassurot qoldirdi. Zomin togʻlari, yam-yashil oʻrmonlari, olijanob insonlari bayramga oʻzgacha surur bagʻishladi. Ilmiy-amaliy konferensiyadagi chiqishlarda oʻzbek maqomi hind musiqasi bilan chambarchas bogʻliqligini koʻrdim. Ochigʻi, bu men uchun katta yangilik boʻldi. Dunyo musiqasida maqom yoʻllari, cholgʻu kuylari yetakchi hisoblanadi. Albatta, bu xalqaro sanʼat anjumani mushtarak sanʼatimiz va umuminsoniy qadriyatlarimizning yuksaltirishda beqiyos oʻrin tutadi.

Oostenrijk Jan Vouter.

Niderlandiya. Mustaqil musiqashunos olim:

– Anjumanga tashrif buyurgan barcha musiqachilar oʻzining musiqiy sozlarida birinchi raqamli sanʼatkor hisoblanadi. Toʻgʻri, bu tanlovning oʻziga xos talablari bor. Har bir ishtirokchi albatta, bellashuv uchun kelgan. Ammo anjumandagi chiqishlarda chinakam sanʼat asarlarini tarjimonsiz ham tushundim. Men koʻp davlatlarda boʻlgan sanʼat festivallarida ishtirok etganman. Bunday katta miqyosda, koʻplab davlatlardan musiqachilar, sozandalar toʻplangan tadbirda birinchi marta ishtirok etishim. Milliy musiqa va maqom sanʼati qalbimga cheksiz zavq bagʻishladi.

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер