Manbashunoslik va hadisshunoslik dargʻasi

11:51 24 Fevral 2021 Madaniyat
2347 0

Inson xotira bilan tirik, qadri bilan ulugʻ. Oʻtganlarni, ularning xayrli ishlarini, jasoratini yodga olmoq, eʼzozlamoq xalqimizga xos ezgu fazilatlardan biridir.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida taniqli sharqshunos olim, tarix fanlari doktori, professor, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi Ubaydulla Uvatov tavallud topgan sana munosabati bilan yosh tadqiqotchilar respublika ilmiy-amaliy anjumani tashkil etildi.

“Ubaydulla Uvatov – manbashunoslik va hadisshunoslik dargʻasi” mavzusidagi tadbirda olimning boy ilmiy maʼnaviy merosi, yosh avlodni tarbiyalashdagi oʻziga xos maktabi haqida maʼlumot berildi.

Konferensiyada soʻzga chiqqanlar ustozning ilm yoʻlida koʻrsatgan benazir mehnati, boy ilmiy-maʼnaviy faoliyati, oʻzidan qoldirgan bebaho maʼnaviy merosi, uning bugungi kundagi ahamiyatiga toʻxtalib oʻtishdi. Ubaydulla Uvatov xotirasiga bagʻishlab “Ziyo” media markazi tomonidan tayyorlangan videorolik namoyish etildi.

— Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida ilmning ulkan ustunlaridan biri, tengsiz sharqshunos olim boʻlgan Ubaydulla Uvatov Misr olimlari orasida maʼlumu mashhur edi, – deydi misrlik olim Ahmad Saʼd Damanhuriy. – U kishini yaxshi tanigan, qadrdon boʻlgan arab olimlari bizga Ubaydulla domlaning arab tilini mukammal bilishlari, hatto Misr shevalarida ham bexato soʻzlay olganini koʻp taʼkidlashgan edi. U kishi yozib qoldirgan koʻplab asarlar oʻziga xosligi bilan alohida ajralib turadi. Jumladan, olimning hadis ilmiga doir asarlarida sunnat va hadis imomlari haqida batafsil maʼlumot keltiriladi. Bundan tashqari, islom olamida ulugʻ zotlardan biri sifatida eʼtirof etiluvchi Imom Buxoriy hazratlarining fidoyi tadqiqotchisi ham Ubaydulla Uvatov boʻlgani haqida shogirdlari faxr bilan eʼtirof etishadi. Amir Temur haqida mustabid sovet davrida Ibn Arabshohning asarini tarjima qilgani, ulkan jurʼat bilan Oʻzbekistonga olib kelgani ham tahsinga sazovor.

Chindan ham hayot mazmunini ilmu irfon tarqatish hamda munosib shogirdlar tayyorlashda, deb bilgan ustoz oʻz ilmi, aqlu zakovati, intellektual salohiyati, ilmiy potensiali bilan mamlakatning maʼnaviy-maʼrifiy hayotida hamda barkamol, yetuk kadrlarni tarbiyalashda muhim rol oʻynadi. Butun umrini ilm-fanga baxshida qilgan, yurtimiz va jahon ilm-fani, jumladan, tarix va manbashunoslik fanlari rivojiga ulkan hissa qoʻshgan taniqli olim intellektual jihatdan barkamol avlodni voyaga yetkazishda samarali faoliyat koʻrsatdi.

Ubaydulla Uvatov mustaqillik yillarida islom olamida juda mashhur boʻlgan, ammo oʻz vatanida ismi ham notanish koʻplab allomalarimizning hayot yoʻli, ilmiy-maʼnaviy merosini xalqimizga tanishtirishdek sharafli ishni amalga oshirdi. Jumladan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Imom Moturidiy, Mahmud Zamaxshariy, Abul Muin Nasafiy, Abu Zayd Lomishiy kabi yurtimizda kamolga yetgan koʻplab allomalar haqida birinchilardan boʻlib oʻzbek tilida ilmiy-maʼrifiy risolalar nashr ettirdi.

Shuningdek, olim oʻz ilmiy faoliyati davomida 300 dan ortiq maqola, 50 ga yaqin kitob va risolalar tayyorladi. Mazkur ilmiy ishlar orasida rus, arab, turk tillarida chop etilgan tadqiqotlar ham talaygina boʻlib, ular Misr Arab Respublikasi, Saudiya Arabistoni, Rossiya, Turkiya, Qozogʻiston va Qirgʻizistonda nashr etilgan. “Oʻrta Osiyo olimlari qomusi”, “Oʻzbekiston buyuk allomalar yurti”, “Buyuk yurt allomalari” kabi salmoqli toʻplamlar ham olimning koʻp yillik mashaqqatli mehnati natijasidir.

— Avvalo, bugungi tadbir uchun Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rahbariyatiga oʻz minnatdorligimni bildirib oʻtmoqchiman, – deydi akademiya professori, olimning uzoq yillik safdosh doʻsti Ahadjon Hasanov. – Chunki inson bu dunyoga shunchaki kelib-ketmaydi. U oʻzidan yorqin iz qoldirishi kerak. Ana shunda u bu dunyodan oʻtganidan soʻng ham avlodlari qalbida barhayot boʻlib qoladi. Ubaydulla Uvatov ikkimiz oltmish yillik qadrdon doʻst edik. Hazil-mutoyibani yaxshi koʻrardi. Umrini ilm olish, bilimlarini oʻzidan keyingi izdoshlariga yetkazishdek sharafli mehnat bilan oʻtkazdi. Buni har qancha eʼtirof qilsa arziydi.

Ubaydulla Uvatov 2017-yildan vafotiga qadar Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori sifatida ham ona zaminimizda qadimda faoliyat yuritgan yuzlab allomalarimizning ilmiy faoliyati, maʼnaviy merosini keng tadqiq etishda samarali ish olib bordi.

Olimning halol mehnati, samarali faoliyati, yoshlar taʼlim-tarbiyasiga qoʻshgan beqiyos hissasi davlatimiz tomonidan ham munosib qadrlanib, 2009-yili “Mehnat shuhrati” ordeni, 2017-yili Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi faxriy unvoni, 2020-yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.

Anjumanda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalari oʻrtasida ustozning ilmiy merosi boʻyicha viktorina oʻtkazildi. Shuningdek, fidoyi olim xotirasini yana-da abadiylashtirish maqsadida akademiyada tashkil etilgan sport musobaqalari gʻoliblari taqdirlandi. Tadbir doirasida Ubaydulla Uvatov muallifligidagi kitoblar koʻrgazmasi hamda yosh tadqiqotchilar respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallari toʻplami taqdimoti tashkil etildi.

Anjuman yakunida yigʻilganlar Ubaydulla Uvatov hamkasblari, doʻstlari, shogirdlari xotirasida mehribon va xushfeʼl, jonkuyar ustoz boʻlib qolishi shubhasiz ekanini taʼkidlashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?