Maktab bitiruvchilari frilans bozoriga tayyorlanadi

15:48 26 May 2020 Iqtisodiyot
949 0

Xabaringiz bor 21-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga safari chogʻida viloyat markazida tashkil etilgan Digital City nomli texnopark bilan tanishdi.

Yaqindagina 5,6 gektar maydonda qurib bitkazilgan ushbu majmua axborot texnologiyalari va innovatsion loyihalarni qoʻllab-quvvatlash, dasturiy mahsulotlar eksportini yoʻlga qoʻyishga qaratilgan. Hozirda bu yerga tumanlardan 328 mutaxassis jalb etilgan.

Texnoparkda mahalliy yoshlar, tadbirkorlar, yangi hunar oʻrganish istagida boʻlgan fuqarolar uchun keng qulayliklar yaratilgan. Jumladan, kovorking markazi, data-sentr, konferens-zal, kutubxona, innovatsion laboratoriya va oʻquv xonalari, biznes inkubator, media markaz, kibersport xonasi tashkil etilgan.

Tumanlarda axborot texnologiyalari boʻyicha boshlangʻich oʻquv kurslari boʻladi. Ulardan tanlab olingan yoshlar Digital Cityda intensiv ravishda ingliz tiliga oʻqitilib, IT xizmatlar koʻrsatishga tayyorlanadi. Texnoparkdagi 76 nafar tinglovchiga moʻljallangan zalda yil mobaynida 2 mingdan ortiq kishini oʻqitish mumkin.

Majmuada yoshlar bandligi taʼminlanadi, maktab bitiruvchilari frilans bozoriga tayyorlanadi.

Shundan kelib chiqqan holda, joriy yilning 22-may kuni “Respublika hududlarida Yoshlar texnoparklarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Hukumat qarori qabul qilindi.

Qarorda respublikaning har bir hududida bosqichma-bosqich Yoshlar texnoparklari tashkil etilishi koʻzda tutilgan. Hududlarda yoshlarning intellektual, ilmiy, ijodiy salohiyatini oshirish texnoparklar faoliyatining asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.

Texnoparklar Innovatsion rivojlanish vazirligi muassisligidagi hamda masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi. Texnoparklar faoliyati vazirlik huzuridagi Yoshlar akademiyasi tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Texnoparklar bino va inshootlarini qurish, qayta taʼmirlash va ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shuningdek, zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash xarajatlari Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan amalga oshiriladi.

Texnopark direktori tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar hokimlarining tavsiyasiga asosan innovatsion rivojlanish vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi.

Qaror bilan 2020-2023-yillarda respublika hududlarida Yoshlar texnoparklarini bosqichma-bosqich tashkil etish reja-jadvali ham tasdiqlandi.

Kamola Abduvaliyeva,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi
Andijon viloyat kengashi matbuot kotibi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?