Korxona muvaffaqiyati moliyaviy koʻmakka bogʻliq
Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Zardoʻzlarning beshinchi avlodi sanalgan Mahfuza Salimova bolaligini yaxshi eslaydi. Oʻshanda jajji qizaloq korchoʻp oldida turib, qoʻliga ninani tutar, uning xatti-harakatlarini koʻrib keksalar “Bundan manaman degan zardoʻz chiqadi”, deya bashorat qilishardi.
– Yaxshi gapga farishtalar ham omin der ekan, – deydi Buxoro shahrida yashovchi M. Salimova. – Shukr, hunarli boʻldim. Zardoʻzlik ortidan obroʻ-eʼtibor topdim. Oʻnlab shogirdlarim bor. 2017-yilda “Malika Sulton” oilaviy korxonasi faoliyatini yoʻlga qoʻydik. Bundan ikki yilcha muqaddam yana bir orzuyim ushaldi. Zardoʻzlik markazi va muzeydan iborat majmua barpo etdim. Uch qavatli ushbu loyiha qiymati 5 milliard soʻm boʻlib, shuning 1,2 milliard soʻmini bizga Xalq banki kredit tariqasida ajratdi. Ushbu moliyaviy muassasaning qoʻllab-quvvatlashi bizning mushkulimizni oson qildi, yutuqlar sari yoʻl ochdi.
“Shuhrat” medali sohibi sanalgan Mahfuza opaning aytganicha bor. Markazda 40 nafar usta va 60 nafar shogirdning mehnat qilishi uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Oilaviy korxona mahsulotlari AQSH, Qozogʻiston, Rossiya, Birlashgan Arab Amirligi kabi qator davlatlardagi buyurtmachilarga yetkazilmoqda. Korxonaning muvaffaqiyati bank moliyaviy koʻmagining samarali ekanini koʻrsatyapti.
Xalq banki moliyaviy koʻmagida faoliyat yuritayotgan Buxoro viloyatidagi tadbirkorlik obyektlari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida maqsadida tashkil etilgan press – turda ommaviy axborot vositalari xodimlari ushbu oilaviy korxonada boʻlishdi. Bu yerda milliy hunarmandchiligimiz ravnaqi yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlar barchada iliq taassurot qoldirdi.
Bank tomonidan ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi, xizmat koʻrsatish va savdo kabi turli sohalar uchun taklif etilayotgan kredit mahsulotlari hamda xizmatlari tadbirkorlarga oʻz biznesini kengaytirish, yangi loyihalarni amalga oshirish, ish oʻrinlarini yaratib, aholi bandligini taʼminlashda asqatmoqda. Gʻijduvon tumanidagi “Bek Bags Business”, Kogon tumanidagi “Parravshan trans” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari faoliyati bunga dalil boʻla oladi. Bu korxonalarning birida 30, ikkinchisida esa 40 dan ziyod ish oʻrni yaratilgan. Bankning moliyaviy koʻmagi ularga har jabhada qoʻl kelyapti.
Press-tur dasturi doirasida mahalliy OAV, jamoatchilik faollari va hududiy matbuot kotiblari uchun “Davlat tashkilotlarida kommunikatsiyaning oʻziga xos xususiyatlari” mavzuida seminar-trening ham tashkil etildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- AQSH moliya vaziri kompyuteriga xakerlar hujum qildi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Islam Maxachevga Arman Sarukyan raqiblik qila olmaydi. “UFC 311” oldidan sodir boʻlgan noxush xabarning barcha tafsilotlari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring