Konstitutsiyaviy qonun loyihasi xalqimiz takliflari asosida maromiga yetkazilmoqda

22:28 12 Avgust 2022 Jamiyat
659 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi yakunlari asosida Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Kun tartibidagi ushbu masala yuzasidan parlament quyi palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi raisi J. Shirinov axborot berdi.

Taʼkidlanganidek, xalqimizning farovon hayot kechirishi uchun munosib sharoit yaratish — Konstitutsiyamizning bosh maqsadi hisoblanadi. Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar zamirida ham inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan ezgu gʻoya mujassam. Zero, Oʻzbekiston konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishda xalq manfaatlaridan kelib chiqib ish tutmoqda.

Joriy yil 1-avgustga qadar umumxalq muhokamasi uchun eʼlon qilingan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi mazmun-mohiyatiga koʻra, “inson – jamiyat – davlat”, “Yangi Oʻzbekiston — ijtimoiy davlat” degan tamoyillarni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlashga, xalqparvar davlat barpo etishga, inson huquqlarining himoyasi va ijtimoiy muhofazasini kuchaytirishga qaratilgan. Zero, Asosiy qonunimizning har bir moddasi fuqarolar uchun dasturilamalga, hayotimiz qoidasiga aylanishi lozim.

Shu bois, qonun loyihasining umumxalq muhokamasi davomida Konstitutsiyaviy komissiya hamda masʼul qoʻmitalar tomonidan Bosh qomusimizni yanada takomillashtirish boʻyicha keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Xususan, vazirlik, idora va tashkilotlarda, respublika boʻyicha barcha tuman va shaharlarda Oliy Majlis deputatlari va senatorlar, siyosiy partiyalar, mahalliy Kengash deputatlari ishtirokida 20 mingga yaqin muhokama tadbirlari tashkil etildi.

Qonun loyihasi muhokamalarida yoshlar, oʻqituvchilar, tibbiyot xodimlari, tadbirkorlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, qoʻyingki, vatanimiz taqdiriga befarq boʻlmagan barcha yurtdoshlarimiz katta qiziqish bilan ishtirok etib, oʻz takliflarini bildirdi. Umumxalq muhokamasi doirasida 150 mingdan ortiq takliflar kelib tushdi.

Fuqarolarimizdan kelib tushayotgan takliflar orasida davlatning ishsizlikni tugatishi va zarur hollarda xorijdagi fuqarolarga huquqiy va boshqa yordam koʻrsatishi, mehnat huquqlarining davlat tomonidan himoya qilinishi, soliqqa tortishning mutanosib va ijtimoiy adolat prinsiplariga mos boʻlishi, ayollar va erkaklar huquqlarining tengligi, yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor vazifalaridan biri boʻlishi, odil sudlov faqat sud tomonidan amalga oshirilishini belgilash va boshqa shu kabi takliflar dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Bu, oʻz navbatida, qonun loyihasi xalqimiz takliflari asosida maromiga yetkazilib, Asosiy qonunning tom maʼnoda, xalq Konstitutsiyasiga aylanayotganidan dalolat beradi.

Shuningdek, qonun loyihasi quyi palataning Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari hamda Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitalarining qoʻshma yigʻilishi, siyosiy partiyalar fraksiyalari yigʻilishida muhokamalardan oʻtkazildi.

Shu bilan birga, umumxalq muhokamasi davomida mutaxassislar, ekspertlar, jamoatchilik, OAV vakillari ishtirokida qariyb 40 marotaba masʼul qoʻmitalarning majlislari oʻtkazildi. Takliflari dolzarb ahamiyat kasb etgan mualliflar bilan uchrashuvlar tashkil etilib, ularning bergan taklifi bevosita oʻzining ishtirokida muhokama etildi. Uzoq hududlarda joylashgan taklif egalari bilan masofadan turib onlayn ishlar olib borildi. Bu esa Oʻzbekiston xalqiga umumxalq muhokamasida ishtirok etib, konstitutsiyaviy islohotlar boʻyicha oʻz fikrlarini bildirish imkonini berdi.

Majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari Akmal Saidov soʻzga chiqib, Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar hamda mazkur saʼy-harakatlarning jahon hamjamiyati tomonidan yuksak eʼtirof etilayotganini alohida taʼkidlab oʻtdi. Qayd etilganidek, xorijdagi siyosiy doiralar hamda yetakchi ekspertlarga konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyatini yetkazish boʻyicha AQSH, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Polsha, Yaponiya, Koreya, Hindiston, Saudiya Arabistoni kabi davlatlarda konferensiya, davra suhbatlari va boshqa tadbirlar yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur tadbirlarda ishtirok etgan ekspertlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni yuqori baholab, oʻz takliflarini bildirdi va bu boradagi Oʻzbekistonning tutgan yoʻlini qoʻllab-quvvatladi.

Hozirgi kunda har bir taklif hamda ekspertiza xulosalari atroflicha ekspertlar, mutaxassislar, olimlar, siyosatchilar ishtirokida muhokama qilib borilmoqda. Masʼul qoʻmitalar kelib tushgan takliflarni chuqur tahlil qilib, ularni loyiha matnida aks ettirish ustida ish olib boryapti.

Majlisda xalq vakillari Konstitutsiyaviy komissiya hamda masʼul qoʻmitalar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni eʼtirof etgan holda, xalqimiz asoslantirilgan, oʻylab tahlil qilishga majbur qiladigan koʻplab takliflarni berayotganini va bunday takliflarni eʼtiborsiz qoldirish yoki ularga yuzaki yondashish mumkin emasligini bildirdi.

Shu bilan bir qatorda, deputatlar xalqimiz orasida “snos” degan muammo hali ham uchrab turganligi, bunday holatga butunlay barham berish, mulk daxlsizligini amalda toʻliq taʼminlash maqsadida Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga yoʻllangan yangi takliflar hamda ularni loyihada aks ettirish masalalarini muhokama qilishdi. Qolaversa, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish yuzasidan kelib tushgan takliflar boʻyicha savollar berishdi.

Majlisda qonun loyihasiga fuqarolardan kelib tushgan takliflar asosida bir qator yangi normalar kiritilayotgani, loyihaning matni tayyor boʻlishi bilan u deputatlar muhokamasiga kiritilishi, xalq vakillarining fikrlari eʼtiborga olingan holda keyinchalik tayyor boʻladigan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi referendumga qoʻyilishi qayd etildi.

Shuningdek, masʼul qoʻmitalar oldiga umumxalq muhokamasi hamda fraksiyalar yigʻilishlarida bildirilgan taklif va mulohazalarni har tomonlama eʼtiborga olgan holda, taniqli olimlar, tajribali ekspertlarni jalb qilib, loyihani yanada takomillashtirish borasidagi ishlarni yakuniga yetkazish vazifasi qoʻyildi.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi boʻyicha bundan buyon kelib tushadigan taklif va mulohazalarni “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq koʻrib chiqishni taʼminlash, mazkur jarayonni ochiqlik va oshkoralik tamoyillari asosida tashkil etish choralarini koʻrish, maromiga yetkazilgan Konstitutsiyaviy qonun loyihasini Qonunchilik palatasining muhokamasiga kiritish lozimligi taʼkidlandi.

Qizgʻin oʻtgan majlisda qoʻmita raisi J. Shirinovning Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi yakunlari, uni takomillashtirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilindi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер