Konstitutsiyaviy islohotlar hayotiy zaruratga aylandi

18:20 07 Iyun 2022 Jamiyat
680 0

Foto: Illustrativ foto

Yangi Oʻzbekiston poydevorini mustahkamlash sharoitida xalqimiz farovonligi, inson huquq va erkinliklarini toʻla kafolatlash uchun qonuniy asoslarni yanada takomillashtirish hayotiy zaruratga aylandi. Bu esa, tabiiyki, shiddat bilan oʻzgarayotgan davr talablaridan kelib chiqqan holda konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishni taqozo etadi.

2021-yilning oktyabr oyida Oʻzbekiston Prezidenti saylovi jarayonida barcha nomzodlarning elektorat vakillari bilan uchrashuvlari chogʻida xalqimiz tomonidan ayni masalaga doir takliflar bildirilgan edi. Xususan, Konstitutsiyaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishga oid birinchi taklif OʻzLiDePdan Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpogʻistonning Boʻzatov tumanida saylovchilar bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvi chogʻida ilgari surildi. Oʻshanda Shavkat Mirziyoyevning hududlardagi saylovchilar bilan yana 7 ta viloyatda boʻlib oʻtgan uchrashuvlari jarayonida xususiy mulk muhofazasiga doir konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarni yanada mustahkamlash, jumladan, yer va yerosti boyliklariga boʻlgan huquq, inson qadr-qimmati, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, mamlakatda millatlar va elatlararo totuvlikni kuchaytirish, milliy demokratik institut — mahallaning oʻrni va maqomini oshirish, kelajak avlodlarga milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylagan holda yetkazish, oila institutining ahamiyati, davlatning yoshlar va gender siyosatini, innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish, iqtisodiyot va ijtimoiy sohaga investitsiyalar hajmini kengaytirish kabi tashabbuslar oʻrtaga tashlandi.

Taʼkidlash joizki, Parlament palatalari kengashlarining qoʻshma qarori bilan Konstitutsiyaga oʻzgartirish kiritish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya tuzilgan boʻlib, unga amaldagi Konstitutsiyani ishlab chiqishda qatnashgan, Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari Akmal Saidov raislik qilishi belgilangan. Ushbu komissiya “Jamiyat - islohotlar tashabbuskori” gʻoyasi asosida ish olib bormoqda.

Shu munosabat bilan Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi yigʻilishida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan lavozimiga kirishish marosimidagi nutqida hamda Konstitutsiya kuniga bagʻishlangan bayram tabrigida ilgari surilgan konstitutsiyaviy islohotlar oʻtkazish tashabbusi atroflicha muhokama qilindi va bu boradagi ishlar tizimli tarzda davom ettirilmoqda.

Joriy yilning 26-may kuni Konstitutsiyaga oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiyaning birinchi yigʻilishi oʻtkazildi. Unda Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari, ekspertlar guruhi hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Mazkur yigʻilishda Konstitutsiyaviy komissiya oldiga qoʻyilgan maqsad va vazifalar, tamoyillar, konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishga oid choralarni koʻrish masalalari muhokama qilindi.

Amaldagi Konstitutsiya mamlakatimizda mustaqillik yillarida erishilgan yutuq va katta oʻzgarishlarning mustahkam huquqiy poydevori va eng asosiy kafolati boʻlib keldi. Lekin zamon shiddat bilan oʻzgaryapti. Shunday ekan, asosiy qonunimizni jamiyatdagi real voqelikka, Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasidagi ulkan marralarga, shiddatli islohotlar oʻzaniga moslashtirish bugungi kunning asosiy talabi ekanligi qayd etildi.

Eng muhimi, Konstitutsiyani takomillashtirish aynan xalqimizning keng va faol ishtiroki asosida, aholidan kelgan barcha taklif va mulohazalar atroflicha oʻrganilgan va yakuniy xulosalarga kelingan holda amalga oshirilishi koʻzda tutilgan. Albatta, mazkur muhim siyosiy qadam mamlakatimizda inson qadrini yanada ulugʻlashda, uning huquqlarini mustahkamlashda oʻziga xos siyosiy-ijtimoiy bosqich sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.

Zebiniso Ahmadova, 
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzosi, 
“Kelajak liderlari” klubi koordinatori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер