Klaster — yangi imkoniyat va samara

08:44 05 Fevral 2021 Klaster
2069 0

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi sohasiga klasterlarni keng tatbiq etish orqali sohada qator yutuqlarga erishilmoqda. Bu borada, albatta, qonuniy asoslarning yaratilayotgani yana-da koʻproq imkoniyatlar uchun yoʻl ochayotganini alohida taʼkidlash joiz.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 25-yanvardagi hamda 2018-yil 28-fevraldagi tegishli qarorlariga muvofiq, Andijon viloyatining Qoʻrgʻontepa tumanida “Khantex Group” MCHJ paxtachilik-toʻqimachilik klasteri tashkil etildi.

Tuman hokimining qaroriga asosan 2018-yilda klaster tarkibiga 858 gektar paxta yetishtirish uchun yer ajratilgan. Hosildorlikni oshirish maqsadida yerga ishlov berishda yondashuvlar oʻzgartirilgan. Buning uchun dastavval dunyoning yetakchi kompaniyalaridan jami 396 dona traktor va agregatlar sotib olingan. Yuqori unumli traktorlar gʻoʻza qator orasiga ishlov berish, kultivatsiya qilish, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish hamda barcha agrotexnik tadbirlarni eng samarali yoʻl bilan amalga oshiradi.

Mazkur zamonaviy texnikalar bilan chigitni qator oralariga 76 sm sxema usuli tatbiq etildi. Chigitni yuqori aniqlikda zamonaviy pnevmatik seyalkalarda ekish bilan 70-80 kilogramm oʻrniga 35-40 kilogrammdan sarflash hisobiga har gektaridan 550,0-650,0 ming soʻm iqtisod qilindi. Shuningdek, chigitni plyonka ostiga emas, balki ochiq maydonlarga ekilishi hisobiga har gektaridan 850,0 ming soʻmdan mablagʻ iqtisod qilishga erishildi.

Klaster usuli tatbiq etilishi bilan agrotexnik tadbirlar toʻliq mexanizatsiyalashtirildi. Yangi turdagi mineral oʻgʻitlarni tatbiq etilishi hisobiga esa fermer xoʻjaliklari har gektariga fizik holda avvallari 700 – 800 kilogrammdan mineral oʻgʻit sarflangan boʻlsa, endilikda jahon tajribasidan kelib chiqib, yangi usulda 250 – 300 kilogrammdan suvsiz ammiak sarflandi. Ushbu oʻgʻitlash usuli paxta hosildorligini gektariga 40 sentnergacha hosil olib unga sarflanadigan mablagʻlarni 30% qisqartirish imkonini berdi.

Yetishtirilgan paxta hosilini maxsus paxta terish kombaynlarida qisqa muddatda arzon va sifatli holda yigʻib terib olish va yuqoridagi xarajatlarni kamaytirish hisobiga yetishtirilgan paxta xom-ashyosini tannarxini pasaytirishga erishildi.

Yana bir yutuqli jihatni alohida eʼtirof etish zarur. 2019-yilda Isroil davlatining “NETAFIN” kompaniyasi bilan 81,0 gektar yer maydonida zamonaviy tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy qilindi va har gektar yer maydondan oʻrtacha 61.2 sentnerdan jami 496.0 tonna paxta xom-ashyosi yetishtirildi.

Bugungi kunda klaster negizida AQSHning “Lummus” kompaniyasining eng zamonaviy dastgohlar bilan jihozlangan “Khantex Cotton” MCHJ paxta tozalash korxonasi tashkil etilgan. Tumanda yetishtirilgan paxta xom ashyosi 4 ta paxta qabul qilish maskanlarida saqlanadi va paxta tozalash zavodida qayta ishlanadi.

Dastgohlar tejamkor, yuqori ishlab chiqarish quvvatlariga ega, eng asosiy innovatsion yechimlari hisobiga paxta tolasi toza va sifatli qayta ishlanadi. Korxona 2019-yil fevral oyida ishga tushirilgan va hozirda 200 nafar fuqarolar ish bilan taʼminlangan.

Ayni kunga kelib “Khantex Group” MCHJ tekstil kompleksi toʻliq qurib bitkazildi va ishga tushirildi. Oʻrnatilgan dastgohlar dunyoning yetakchi tekstil dastgohlari ishlab chiqaruvchilarining eng soʻnggi modeldagi, tejamkor, ekologik dastgohlar boʻlib, korxonada ular faoliyati tufayli yiliga 10,4 ming tonna paxta tolasi toʻliq qayta ishlanib, 9,4 ming tonna ip-kalava, 2,1 ming tonna trikotaj mato, 4 million gazlamalar va 10,0 million dona tayyor tikuv trikotaj mahsulotlar ishlab chiqarishga erishiladi. Korxona tomonidan yiliga 40 million dollardan ziyod mahsulotlar eksportga yoʻnaltiriladi.

Paxtachilik-toʻqimachilik klasteri qoshida tashkil etilgan yangi innovatsiyalarni, ilm-fan yutuqlari va yangiliklarini joriy etish boʻyicha barcha laboratoriya asbob – uskunalari bilan jihozlangan “Khantex innovatsion ilmiy-amaliy ishlab chiqarish markazi” qishloq xoʻjaligining barcha yoʻnalishlarida, jumladan paxtachilik va gʻallachilik urugʻchiligida keng qamrovli ilmiy va amaliy tadqiqotlar bilan shugʻullanish uchun yangi innovatsiyalarni, ilm-fan yutuqlari va yangiliklarini joriy etish boʻyicha faoliyat yuritmoqda.

Begali QODIROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Agrar va suv xoʻjaligi masalalari
qoʻmitasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер