Xorij kompaniyalari Oʻzbekistondagi ikkita IESning ishonchli boshqaruviga daʼvogarlik qilmoqda

12:14 13 Mart 2019 Jamiyat
1408 0

Illyustrativ foto

Rossiya, Yaponiya va BAA kompaniyalari Oʻzbekistondagi koʻmirda ishlovchi Angren va Yangi Angren IESning ishonchli boshqaruvini olishga daʼvogarlik qilyapti. Bu haqda “Oʻzbekenergo” raisi oʻrinbosari F.Qurbonov maʼlum qildi.

“Biz Angren va Yangi Angren IESni ishonchli boshqaruvga berishning birinchi bosqichidan oʻtdik. Rossiya, Yaponiya va BAAdan investorlar ushbu obyektlarni borib koʻrishdi. Hozirda mazkur davlatlar kompaniyalari bizga tijoriy takliflar tayyorlashmoqda. Ularni olganimizdan soʻng biz Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi ekspertlari bilan hamkorlikda taqdim etilgan hujjatlarni tahlil qilamiz va eng yaxshi variantni taklif etgan investorga stansiyalarni ishonchli boshqaruvga berish boʻyicha taklifni hukumat muhokamasiga kiritamiz”, - dedi u.

Bundan oldin “Oʻzbekenergo” boshqaruvi raisi U.Mustafoyev Angren va Yangi Angren IESni Rossiyaning “Inter RAO YEES” kompaniyasi, shuningdek, nomi aytilmagan xitoylik sarmoyadorga berish boʻyicha bir nechta variant koʻrib chiqilayotganini maʼlum qilgandi.

“Oʻzbekistonda bugungi kunda 10 ta elektr stansiyasi faoliyat yuritmoqda, ulardan ikkitasi - Angren va Yangi Angren IES koʻmirda ishlaydi. Koʻmir sanoati va shu yoʻnalishdagi energetika dunyo darajasida Rossiya va Xitoyda rivojlangan. Va biz bu ikki stansiyani ushbu mamlakatlardagi investorlarga berish yoki sotishni taklif etyapmiz. Ayni paytda obyektlarni baholash ishlarini olib bormoqdamiz. Qachondir ushbu jarayonni ham boshlash kerak”, - degan edi u oʻtan yili.

Eslatib oʻtamiz, shu yil fevral oyi boshida davlat rahbari Energetika vazirligiga “Oʻzbekenergo” va “Oʻzbekneftegaz”ni restrukturizatsiya qilish boʻyicha topshiriqlar bergandi.

“Oʻzbekenergo” mahalliy elektr energetika tizimini restrukturizatsiya qilish modelini ishlab chiqqan. U shu yil mart oyi oxirida hukumat tomonidan tasdiqlanishi rejalashtirilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?