Xitoy Fargʻona viloyatiga 40 million dollarlik investitsiya kiritadi

11:28 03 Iyul 2024 Jamiyat
183 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Fargʻona viloyati hokimligida Xitoyning “Shiyan Zhenke Industrial Technology” kompaniyasi rahbari Syao Syansyan bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Yuzma–yuz muloqotda Xitoy kompaniyasi tomonidan Fargʻona viloyatida ikki bosqichda amalga oshirish rejalashtirilayotgan maxsus transport vositalari ishlab chiqarishni maqsad qilgan investitsiya loyihasi istiqbollari koʻrib chiqildi.

Maʼlumki, joriy yilning iyun oyida Fargʻona viloyati hokimligi delegatsiyasi Xitoyda boʻlib, bu borada dastlabki kelishuvlarga erishilgan edi. Loyihaning dastlabki bosqichida 20 million dollar investitsiya jalb etish hisobiga Fargʻonada yigʻish, payvandlash va boʻyash liniyasi tashkil etiladi. Natijada, yiliga 500 ta maxsus transport ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. Ikkinchi bosqichda yana 20 million dollar investitsiya kiritilib, yillik ishlab chiqarish quvvati 1000 taga yetkaziladi. Loyihani toʻliq moliyalashtirish muddati uch yil va bu orqali maxsus transport vositasi bozorga mahalliy brend ostida chiqariladi.

Ishonamizki, loyiha hayotga tatbiq etilgach, bunday transport vositalari nafaqat ichki bozorda, balki xorijda ham xaridorgir boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?