Xalqaro ishlab chiqarish zanjirlariga kirmasak, iqtisodiy oʻsish biz kutgandek boʻlmaydi – Shavkat Mirziyoyev

14:33 20 Avgust 2024 Siyosat
185 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident mahalliy korxonalarni tashqi bozorga chiqishini qoʻllab-quvvatlash izchil davom ettirilishini taʼkidladi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Mamlakatning yetti oylik eksporti 13 foizga oʻsib, 10 milliard dollardan oshdi, avval eksport qilmagan 1 ming 610 ta korxona tashqi bozorlarga chiqdi. Hozirda Jahon savdo tashkilotiga 2026-yilda aʼzo boʻlish boʻyicha katta qadamlar qoʻyilmoqda.

“Ushbu tashkilotga kirish – chuqur oʻylangan va uzoqni koʻzlagan tanlov, qolaversa, islohotlarimizning ajralmas bir qismi. Lekin ayrimlar bunga shubha bilan qarayapti, boshqalar “korxonalar sinadi, import bosib ketadi” degan xavotir bilan yuribdi.

Bir narsani tushunish zarur, import bojlari ishlaydi. Shuning uchun, tashkilot aʼzolari bilan muzokaralar oʻtkazayapmiz.

Ertangi kunimiz – bu teng raqobat muhiti va eksportga qaratilgan sanoat va savdo siyosati. Iqtisodiyotimizga oldinlari proteksiya qaysidir maʼnoda kerak edi. Yana shu yoʻlda davom etsak, imkoniyatlarimiz cheklanib qoladi. Chunki, xalqaro ishlab chiqarish zanjirlariga kirmasak, iqtisodiy oʻsish biz kutgandek boʻlmaydi”, dedi davlat rahbari.

Prezident yon qoʻshnilarimizning yillik importi 90 milliard dollar boʻlgani bilan bizning undagi ulushimiz atigi 4 foiz ekani, yoki MDH doirasida erkin savdo rejimi oʻrnatilgani bilan, Hamdoʻstlikdagi 500 milliard dollarlik importda bizning hissamiz 2 foizga ham bormasligini misol qilib keltirdi.

Demak, raqobat borasida hali ancha ishlashimiz zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Bu borada katta islohot boshlanib, ikki oy oldin alohida farmon bilan metallurgiya, kimyo, energetika va telekommunikatsiya tarmogʻida eksklyuziv huquqlar bekor qilindi.

Korporativ xaridlarda ishlab chiqarish uchun olinadigan mahsulotlarga ham narx ustuvorligi bekor qilinishi qayd etildi.

Bundan buyon, hech kimda alohida huquq boʻlmasligi, xoh davlat strategik korxonasi boʻlsin, xoh xususiy korxona yoki xorijiy investor boʻlsin, iqtisodiyotda barcha teng sharoitda ishlashi taʼkidlandi.

Prezident Jahon savdo tashkilotiga aʼzolik xalqaro tranzit yuk tashishda ortiqcha toʻlov yoki cheklovlardan xalos qilishini qayd etdi. Albatta, bu – raqobatdosh boʻlishimizga yana bir turtki beradi.

Umuman, mahsulot va xizmatlar sifatini oshirish, tashqi bozorlarda munosib oʻrin topish uchun xalqaro standartlarga oʻtish kerakligi taʼkidlandi.

Masalan, pestitsidlar nazorati yoʻlga qoʻyilmas ekan, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportini 2030-yilgacha 10 milliard dollarga yetkazish boʻyicha belgilagan marralarga erishib boʻlmaydi. Yetishtirayotgan mahsulotlarimiz bozorini topolmasdan nobud boʻlaveradi.

Shu bois, bu yil oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi boʻyicha katta oʻzgarishlar rejalashtirilgan. Bu orqali karantin, veterinariya, sanepidemnazorat va standart tashkilotlarining takrorlovchi vakolatlari qisqaradi, tadbirkorlarni qayta-qayta tekshirishga chek qoʻyiladi.

Oʻtgan yilgi uchrashuvdan keyin 309 ta korxonaga 280 million dollar eksportoldi kreditlari ajratildi. Ushbu korxonalar hozirgacha 625 million dollarlik eksport qildi. Bu raqam yil yakunigacha yana ikki karra oshishi hisob-kitob qilingan.

Ochiq muloqotga tayyorgarlik doirasida yana 122 ta eksportchining 145 million dollarlik aylanma mablagʻga ehtiyoji borligi aniqlandi.

Shu bois, tarmoqlarni rivojlantirishga berilgan mablagʻdan 200 million dollari eksportoldi moliyalash uchun yoʻnaltiriladi.

Shundan, 50 million dollari bank kreditlari uchun kafillikka beriladi.

Bu mablagʻlar hisobidan bir yil ichida qoʻshimcha 1 milliard dollar eksport boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер