Xalqaro ekspertlar ishtirokida milliy brifing oʻtkazildi

13:16 03 Oktyabr 2023 Jamiyat
239 0

IIV Akademiyasida BMTning Markaziy Osiyoda inson huquqlari va terrorizmga qarshi kurashish boʻyicha elektron oʻquv kursiga bagʻishlangan milliy brifing boʻlib oʻtdi.

Tadbir Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy markazi, Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, BMTning Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi, shuningdek Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi hamda mamlakatimiz huquqni muhofaza qiluvchi organlari hamkorligida tashkil etildi.

Brifingda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari milliy markazi direktori Akmal Saidov, BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili Kaxa Imnadze va boshqalar soʻzga chiqib, terrorizmga qarshi chora-tadbirlar doirasida inson huquqlarini taʼminlashning asosiy qoidalarini oʻz ichiga olgan elektron oʻquv kursi bilan tanishtirish tadbirning asosiy maqsadi ekanligini taʼkidlab oʻtishdi.

Xalqaro ekspertlarning fikricha, Oʻzbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qiluvchi organlari taʼlim muassasalari xodimlari va kursantlari uchun moʻljallangan mazkur oʻquv kursi BMTning Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi, Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi, Taʼlim va tadqiqotlar instituti, Markaziy Osiyoda inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida ishlab chiqilgan.

Ushbu elektron oʻquv kursi Markaziy Osiyo mintaqasi, shu jumladan, Oʻzbekistonda davlatning terrorizmga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatida inson huquqlarining hisobga olinishini taʼminlaydi. Bunday amaliy qadam davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va xususiy sektorning BMT Global aksilterror strategiyasining barcha asosiy yoʻnalishlari boʻyicha faoliyatini uygʻunlashtirish hamda oʻzaro muvofiqlashtirish imkonini ham beradi.

Soha vakillari, olim va ekspertlar, taʼlim oluvchilar ishtirok etgan tadbirda elektron oʻquv kursining ahamiyati haqida atroflicha soʻz yuritildi, xorijiy hamda mahalliy mutaxassislarning tavsiyalari tinglandi. Oʻzbekiston Respublikasi hukumati tomonidan terrorizmga qarshi kurashish borasida koʻrilayotgan chora-tadbirlar milliy qonunchilik doirasida amalga oshirilayotgani, bu  davlatning xalqaro huquq boʻyicha majburiyatlariga ham mos kelishi alohida taʼkidlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер