Xalq bilan muloqotda ishonchli koʻprik

14:30 24 Iyun 2023 Siyosat
892 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Biz barpo etayotgan huquqiy demokratik davlatda
soʻz va matbuot erkinligi doimo Bosh qomusimiz va
qonunlarimiz hamda Prezident himoyasida boʻladi.

Shavkat MIRZIYOYEV

Ulugʻ bobomiz Alisher Navoiy hazratlarining “Agar ogohsen sen — shohsen sen” degan hikmati axborotga ega insonning imkoniyatlarini, kuch-qudratini badiiy ifoda etadi.

Darhaqiqat, muayyan voqea-hodisa haqida toʻliq maʼlumotga ega kishi vaziyatga haqqoniy baho bera oladi, u adashmaydi, aldanmaydi, toʻgʻri yoʻldan chalgʻimaydi. Faqat ushbu axborot real, hayotiy dalillarga asoslangan, chin va ishonchli boʻlsa!

Shu maʼnoda, bugun hayotimizni ommaviy axborot vositalarisiz tasavvur qilishning iloji yoʻq. “Toʻrtinchi hokimiyat”, deb aniq taʼrif berilgan OAV turli voqea-hodisalar haqida xabar berib, jamoatchilikning ongiga taʼsir koʻrsatadi, maʼnaviy-maʼrifiy vazifalarni bajaradi.

Jurnalistikaning tadrijiy rivoji dalolat berishicha, uning taraqqiyotidagi asosiy yoʻnalishlardan biri insonning muloqotga boʻlgan talabini toʻla qondirish, yaʼni unga ijtimoiy ahamiyatga ega axborotni yetkazishdan iborat boʻlgan.

Qulay va tushunarli shakl

Qadim zamonlardayoq insonning oʻzi aloqa vositasi boʻlgan, yaʼni turli yangiliklarni shomonlar, roviylar va bashoratchilar tarqatishgan. Xabarlar qoyatoshlar, pergament va taxtachalarda aks ettirilgan.

Jurnalistikaning ildizlari antik dunyoga borib taqaladi. Oʻsha vaqtda yozuv endi paydo boʻla boshlagan, alifboni esa faqat aristokratlar, nufuzli davlat xizmatchilari bilishgan xolos. Turli-tuman dolzarb yangiliklarni toʻplash va tarqatish bilan shugʻullanuvchi dastlabki xizmatlar ham vujudga kelgan. Xabarlar, asosan, jarchilar va choparlar yordamida odamlarga yetkazilgan.

Lekin aniq va ishonchli axborotni bir-biriga yetkazish jarayonida mazmunan oʻzgarib ketmagan xabarlarni bilish istagi toʻplam koʻrinishidagi qoʻlyozmalar paydo boʻlishiga olib keldi.

Qadimgi Rimda chiqqan “Acta Diurna Populi Romani”, “Acta Publica” va “Acta Senatus” kabi nashrlarni, oʻta joʻn boʻlsa-da, zamonaviy OAVning “ildizlari” deyish mumkin. Eʼtibor berilsa, ana shu axborot manbalarining nomlarida takrorlanayotgan birinchi soʻz “Acta” — “hujjat” deb tarjima qilinadi. Koʻrinib turibdiki, qadimiy “gazetalar” davlat hujjati maqomida boʻlgan.

1440-yilda Iogann Guttenberg tomonidan koʻchma literli bosma dastgoh yaratildi va bu matbuot, jurnalistikaning rivojlanishiga turtki boʻldi. Ijtimoiy institut sifatida paydo boʻlgan matbuotning vatani sifatida harbiy Yevropa hududi tan olinadi.

Birinchi gazeta, deb Belgiyaning “Niewe Tydingen” (“Barcha yangiliklar”) nashrini aytish mumkin, u taxminan 1605-yildan eʼtiboran Antverpenda chiqa boshlagan. 1702-yil 11-martdan esa Londonda ilk kundalik gazeta — “Daily Courant” (“Kundalik xabarnoma”) chop etila boshlandi.

XIX asr ommaviy bosma nashrlarning yuzaga kelishi davri boʻldi. Bu jarayon AQSH va Yevropada deyarli bir paytda davom etdi. Amerikada esa ilk bora turli auditoriyaga moʻljallangan arzon, ommabop gazeta — “pennypress” fenomeni yuzaga keldi.

Nyu-York aholisi 218 ming kishiga yetgan 1833-yilda esa eng yirik kundalik nashr hisoblanuvchi gazetaning atigi 4500 nafar obunachisi boʻlgan. Amerikada oʻrtahol ishchining maoshi kuniga 75 sentni tashkil etgan oʻsha davrda nashrning narxi 6 sent edi va uni sotib olishga hammaning ham qurbi yetmasdi. Oʻsha davrda gazetalar qoʻl dastgohlarida bosilar va bu dastgoh bir soatda bir necha yuz nusxagina chiqara olardi, xolos. Lekin koʻp oʻtmay vaziyat oʻzgardi. “The Sun” gazetasining bir nusxasi bir pensdan sotila boshlandi. Buni bolalar bajarishdi: gazeta sotish uchun koʻchaga chiqarilgan yosh bolalar oʻsha davr uchun oʻziga xos “innovatsiya” edi.

Toʻrt dollarga shunday odam yollashdiki, u sud jarayonlarida qatnashar hamda politsiya xabarlari tasmasini tayyorlar edi. Ha, bu — reportyordan foydalanish boʻyicha birinchi tajriba edi. Toʻrt oy ichida “The Sun” gazetasi shaharda eng ommaviy nashrga aylandi.

Ilk gazetalar paydo boʻlishi bilan odamlar ular orqali axborot olishga ehtiyoj seza boshlashdi. Gazetalar dastlabki ommaviy axborot vositalariga aylandi, ular butun dunyoda odamlar uchun asosiy axborot manbai boʻldi. Yangi texnologiyalar, raqamli axborot vositalari paydo boʻlishiga qaramay, hozir ham koʻp odamlar hamon gazeta oʻqishni afzal bilishadi. Bu esa gazetaning boshqa, raqamli manbalarga qaraganda axborotni qulayroq va tushunarliroq shaklda taqdim etishi bilan bogʻliqdir.

Jadid bobolar orzusi

Mamlakatimizda ham matbuot dunyo anʼanalariga mos tarzda rivojlanmoqda. Har yili 27-iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari kuni sifatida nishonlanadi. Bu kasb bayrami matbuot va ommaviy axborot vositalarining davlat suvereniteti gʻoyalarini targʻib qilish, demokratik jamiyat qurish, aholini Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash borasidagi xizmatlarini eʼtirof etish maqsadida, shuningdek, koʻp sonli jurnalistlar, adabiyotchilar, olimlar va keng jamoatchilikning takliflarini hisobga olgan holda taʼsis etilgan.

Oʻzbekistonda Matbuot va ommaviy axborot vositalari kunining taʼsis etilishi alohida voqea, yaʼni 1906-yil 27-iyunda oʻzbek tilidagi ilk nashr — “Taraqqiy” gazetasining birinchi soni chiqqan sana bilan bogʻliq.

Bu gazetaga toshkentlik jadid bobolarimiz asos solishgan. Gazetaning shiori “Najot: maslakda sabot, toʻgʻrilikda ijobat” edi. Nashr oxirgi sonigacha oʻzining shioriga sodiq qoldi. Oʻz sahifalarida oʻsha davrda Turkiston diyorida roʻy bergan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar haqiqat va adolat tamoyillari asosida yoritildi. Mahalliy aholiga mustamlakachilik siyosatining mohiyati, milliy zulm, mustabidlik nima ekanligi, ozodlik qanchalik buyuk neʼmatligini anglatishga harakat qilindi. Natijada gazeta tezda mahalliy xalq orasida katta obroʻga ega boʻldi.

Savodxon kishilar gazetani mustaqil oʻqishgan boʻlsa, boshqalar uni choyxona va bozorlarda tinglashardi. U juda tez ommalashib, taʼsirchan boʻlib ketdi. Ayniqsa, jadidlarning, yozuvchi va shoirlarning maqola hamda hikoyalari bosila boshlaganida hokimiyat tashvishga tushib qoldi. “Taraqqiy”ning 19-soni chiqqach u yopildi, tahririyatning mulki esa musodara qilindi. Bosh muharrir va bir qator xodimlar qamoqqa olindi.

Bundan yuz yillar avval chop etilgan mazkur nashrning tarixi ham ommaviy axborot vositalari xodimlarining mehnati juda murakkab va masʼuliyatli ekanini koʻrsatadi. Negaki, jurnalistlarda eng kuchli qurol — soʻz bor. Ular xalq manfaatini fidoyilarcha himoya qiladi, ezgulik va yaratuvchanlik elchilari boʻlib maydonga chiqadi. Ular astoydil mehnat, yuksak eʼtiqod, kasbiga sadoqat va albatta, ilhom sohibidir. Ammo ilhomning oʻzi yetarli emas. Jurnalistika chinakamiga “toʻrtinchi hokimiyat” boʻlishi uchun muayyan shart-sharoitlar yaratilmogʻi lozim. Shundagina u chinakam kuchga, qudratga aylanadi. Jadid bobolarimiz orzu qilganidek, doim oʻz maslagida sobit turadi, haqiqatni toʻla roʻyobga chiqaradi.

Foto: “Xalq soʻzi”

Oʻzgarishlarning yana bir hayotiy ifodasi

Bugungi kunda yurtimizda soʻz erkinligi va axborot olish huquqini kafolatlashga xizmat qiluvchi qonuniy asoslar shakllantirilgan.

2016-yildan boshlab mazkur sohada chinakamiga burilish yuz berdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev siyosiy irodasi va qatʼiyati bois mamlakat dunyoga ochildi. Yurtimizda xalq bilan muloqot qilish, ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni taʼminlash davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Jamiyatda demokratik qadriyatlarni mustahkamlash, soʻz erkinligini taʼminlashga alohida urgʻu qaratildi. Bu boradagi ishlarda ommaviy axborot vositalari xodimlariga katta ishonch bildirilib, davlat rahbari ularni eng yaqin koʻmakchisi sifatida bilishini eʼtirof etdi.

Shu bilan birga, soha oldiga eng muhim vazifalar qoʻyildi. Davlatimiz rahbari 2017-yilda Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yoʻllagan tabrigida taʼkidlaganidek, xalq bilan muloqot, odamlarning orzu-intilishlari, dardu tashvishlari bilan yashash davlat siyosati darajasiga koʻtarilayotgan bugungi kunda har bir ommaviy axborot vositasi chinakam muloqot maydonchasiga, erkin fikr minbariga aylangan taqdirdagina biz oʻz oldimizga qoʻygan maqsadlarga erisha olamiz...

Albatta, barchamiz yaxshi tushunamiz, buning uchun ommaviy axborot vositalari vakillaridan nafaqat professional bilim va malaka, hayotiy tajriba, oʻz soʻzi uchun masʼuliyat hissi, ayni vaqtda yuksak grajdanlik pozitsiyasi, maʼnaviy jasorat ham talab etiladi. Bunday maqsadga erishish uchun ommaviy axborot vositalariga qonunchilik nuqtai nazaridan, moddiy-texnik, oʻquv-uslubiy taʼminot nuqtai nazaridan yanada keng imkoniyatlar yaratib berishimiz kerak.

Zamonaviy milliy jurnalistika maktabini yaratish koʻp jihatdan, avvalo, yuksak maʼnaviy-intellektual salohiyatga ega boʻlgan, bugungi kun talablariga javob beradigan malakali kadrlarni tarbiyalash bilan chambarchas bogʻliqdir.  

Oʻtgan davr mobaynida ana shu talab va mezonlar hayotga dadil koʻchmoqda. Soʻz erkinligi toʻgʻrisidagi meʼyorlar yangilangan Konstitutsiyaga kiritildi, shuningdek, OAVni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirishni, axborot erkinligi va jamiyatda fikrlar xilmaxilligini, axborot makonida raqobat muhitini shakllantirishni taʼminlashga qaratilgan qonunchilik takomillashtirilmoqda. Qisqa muddatda respublikada ommaviy axborot vositalarini xalq bilan muloqot uchun ishonchli koʻprikka aylantirish, zamonaviy axborot xizmatlari bozorini rivojlantirish, mass-media orasida sogʻlom raqobatni kuchaytirish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, sohada “Ustoz — shogird” anʼanasini kuchaytirish va xodimlarning mashaqqatli mehnatini ragʻbatlantirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.

Bugungi soʻz erkinligi, har bir insonning oʻz fikrini OAV, internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlar orqali dadil bildirayotgani, mutasaddi tashkilotlarga hech qanday toʻsiqlarsiz yetkazayotgani mamlakatimizda yuz berayotgan oʻzgarishlarning yana bir hayotiy ifodasi, desak, ayni haqiqat.

Hozirgi kunda mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarining soni 2016-yildagiga nisbatan deyarli 30 foizga ortdi va ayni paytda 2 mingga yaqinni tashkil etmoqda. Xususiy OAV ham tobora muhim oʻrin egallamoqda, bu esa — jamiyatda fikrlar xilmaxilligini taʼminlash, tub islohotlarni roʻyobga chiqarish, joylardagi kamchilik va muammolarni dadil koʻtarib chiqishda muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda.

Milliy axborot makonida internet-nashrlar soni keyingi olti yilda deyarli ikki baravarga ortib, 677 taga yetdi. Natijada davlat va nodavlat tashkilotlarining axborot manbalari yanada ortib, aholi bilan toʻgʻridan toʻgʻri muloqot qilish, odamlarni oʻylantirayotgan muammolarga tezkor munosabat bildirish, turli mavzular boʻyicha ochiq, xolis va tanqidiy fikr bilan chiqishda katta imkoniyatlar paydo boʻlmoqda.

Nodavlat elektron OAV, gazeta va jurnallar, nashriyot va bosmaxonalar soni koʻpayib borayotgani ham eʼtiborga loyiq.

Hokimlik va boshqaruv organlarining jamoatchilik bilan aloqasini mustahkamlashga alohida ahamiyat berilmoqda. Jumladan, davlat organlari muntazam ravishda matbuot anjumanlari, brifinglar, mamlakatda olib borilayotgan islohotlarga, milliy dastur va strategiyalarning roʻyobiga bagʻishlangan ochiq muloqotlar oʻtkazib kelmoqda.

Davlat va nodavlat tashkilotlarning axborot xizmatlari minglab rasmiy veb-saytlarini va ijtimoiy tarmoqdagi kanallarini ochishgan. Ommaviy axborot vositalarining tanqidiy chiqishlariga nisbatan tezkor javob berish, vazirlik, idora va hokimiyatlarning axborot xizmatlari tomonidan fikr va pozitsiyalar bildirish mexanizmi yoʻlga qoʻyildi, bu oʻzining ijobiy natijasini koʻrsatyapti.

Davlatimiz rahbari mass-media oldiga yangi dolzarb vazifalarni qoʻyib kelmoqda — ular miqdor koʻrsatkichlarini sifat koʻrsatkichlariga aylantirish, milliy jurnalistikani yanada yuqori rivojlanish darajasiga olib chiqishga qaratilgandir. Shu maqsadlar yoʻlida tinmay mehnat qilish, ilgʻor xorijiy tajribani, zamonaviy axborot texnologiyalari va tahliliy uslublarni oʻrganish, doimiy izlanishda boʻlish, milliy jurnalistikamizning yangi avlodini tarbiyalash lozim.

Soha uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlash hamisha diqqat-eʼtiborda. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti faoliyat yuritmoqda, shuningdek, poytaxt va viloyatlardagi qator oliy taʼlim maskanlarida jurnalist kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan.

Ammo koʻplab yutuqlarga qaramay hamon kamchiliklar uchrab turibdi. Masalan, Prezidentimiz tomonidan baʼzi joylarda OAV xodimlariga mensimay qarash, ularning oʻz vakolati doirasida erkin faoliyat yuritishiga toʻsqinlik qilish holatlari uchrayotgani ham tilga olindi. Shu munosabat bilan mamlakat rahbari qatʼiy taʼkidladiki, biz qurayotgan demokratik davlatda soʻz va matbuot erkinligi hamisha Konstitutsiya, qonunlar va Prezidentning himoyasi ostida boʻladi.

Ommaviy axborot vositalari xodimlarining oʻz faoliyatini qonun doirasida erkin amalga oshirishiga toʻsqinlik qilish — bu demokratik islohotlarimizga qarshi harakat, mamlakatimizning obroʻsiga putur yetkazish sifatida baholanishi kerak. Sud va prokuratura organlari bizga mutlaqo yarashmaydigan bunday salbiy holatlar boʻyicha qatʼiy choralar koʻrishi lozim.

Oʻtish davrining murakkabligi sababli bir qator bosma nashrlar qiyin moliyaviy sharoitga tushib qoldi va keyingi yillarda gazeta mahsulotlarini egasiga yetkazib berish ham jiddiy muammoga aylandi. Hatto poytaxtning oʻzida koʻp qavatli uylarning yoʻlagiga kirib hayron boʻlasan: ilgari pochtachilar davriy nashrlar va xatlarni solib ketadigan pochta yashiklari qayerda qoldi? Ular qandaydir sehrli tarzda yoʻq boʻldi. Toʻgʻrida, pochta xodimi beshinchi va undan yuqori qavatga deyarli koʻtarilmaydi. Axir gazetani baʼzan, hatto eshik tirqishiga qistirib ketishning ham iloji yoʻq.

Maʼnaviyat va maʼrifatni bozorga solib boʻlmaydi. Shunday ekan, ommaviy axborot vositalari, xususan, matbuotni moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash masalasiga bozorning shafqatsiz oldi-sotdi qonuniyatlari asosida qarash ularning inqiroziga sabab boʻlishi mumkin. Bu esa jamiyatda katta maʼnaviy boʻshliqlarning yuzaga kelishiga zamin yaratadi. Zero, sloveniyalik jurnalist va yozuvchi Jarko Petan yozganidek, “Kelajakning buyukligi haqida siyosatchilar, oʻtmishning buyukligi haqida tarixchilar, bugunning buyukligi haqida esa jurnalistlar qaygʻurishlari kerak”.

Dalillarmi yo his-hayajon?

Internetning jadal rivojlanishi jurnalistikada elektron nashrlarning nufuzini oshirdi, ular endi jamiyatda oʻta muhim rolni oʻynayapti. Shu asnoda elektron OAV bosma nashrlarni ham, televideniyeni ham siqib chiqarishi mumkin, degan fikrlar paydo boʻldi.

Ammo bu fikr haqiqatga yaqin emas. Televideniye paydo boʻlganida odamlar endi radio ham, bosma nashrlar ham yoʻq boʻladi, deya boshlashdi. Lekin bunday boʻlgani yoʻq. Kino va teatr ham yoʻqoladi, deyishdi. Bunday ham boʻlmadi. Boshqacha aytganda, axborot tashuvchilarning yangi avlodi ilgari mavjud boʻlganlarining safini toʻldirib boryapti, xolos — va bu evolyutsion jarayon. Internet-media bilan ham shunday vaziyat yuzaga keladi. Bosma matbuot hech qachon yoʻqolmaydi, axir u — nafaqat xabarlar toʻplami, balki butun bir anʼanaviy jarayonda.

Koʻpincha, butunjahon tarmogʻida biror xabarni oʻqir ekansan, oʻylanib qolasan, kishi: unda yozilganlar haqiqatmi, voqea-hodisalarga berilayotgan baho qanchalik toʻgʻri? Ayni shunday yondashuv sabab ular kelgusida anʼanaviy nashrlarning vazifasini oʻziga tortib oladi, deb ishonish qiyin. Axir baʼzi internet-media axborot vositasini emas, balki his-tuygʻular vositasini eslatadiku?!

Endi anʼanaviy bosma OAVga kelsak, ular, avvalo, ishonchliligi bilan ajralib turadi. Gazeta tahririyatidagi xodim oʻzining birinchi ish kunidayoq shuni anglaydiki, u har bir yozgan soʻzi, har bir aytgan fikri uchun javobgar. Buning ustiga, koʻpincha, dalillarni bir nechta manba orqali tekshiradi. Bosma nashrda chiqadigan har bitta maqola bir necha bosqichda tahrirdan oʻtadi. Albatta, bu tahrir davomida voqeani bayon qilish shakli, aniqligi, oddiy va tushunarli boʻlishiga eʼtibor beriladi. Kerak boʻlsa, uning ustida qayta ishlash uchun muallifga qaytariladi ham.

Alohida aytish joizki, gazetalar anʼanaviy, auditoriya uchun odatdagi tushunarli formatga ega. Yangiliklar sahifaga joylashtiriladi. Ularni boshqa narsaga chalgʻimasdan oʻqib chiqish ham oson. Bundan tashqari, gazetada alohida boʻlimlar, shuningdek, yangiliklar xronikasi, sport yoki biznesga bagʻishlangan alohida ustunlar mavjud. Bu esa kerakli axborotni izlab topishni osonlashtiradi.

Tahririyatlarda mehnatni, vazifalarni aniq taqsimlash, xodimlarning ilgarigi avlodlari boshlab bergan xayrli anʼanalar, ijodiy musobaqa, yaxshi material yozishga intilish kabi xususiyatlar mavjudki, bularning barchasi bosma nashrlar jurnalistlarini doim izlanishda boʻlishga, salohiyatini muntazam boyitib borishga, xalq ichida, ularning dardu tashvishlari, orzu-armonlari bilan yashashga undaydi. Gazetalarning hamisha odamlar nigohida, eʼtibori markazida boʻlishiga xizmat qiladi.

Bir necha satr uchun...

Davlatimiz rahbari bir necha bor aytganidek: matbuot xodimlari xalqimiz uchun erkin, farovon hayotni taʼminlash yoʻlida oʻzini, oʻz kuch-quvvatini ayamaydiganlarning birinchi qatorida boʻlishga harakat qilishadi, shu bois OAV xodimlarining ogʻir va masʼuliyatli mehnatini munosib baholash uchun davlatimiz barcha imkoniyatlarni safarbar qiladi.

Bir paytlar bizning gazetamizda oʻzbek televideniyesining taniqli suxandoni Galina Melnikova haqida qiziqarli maqola chiqqan edi. Unda keltirilishicha, 60-yillar oxirida diktor “Axborot” dasturi olib borayotgan paytda qattiq zilzila roʻy bergan. Va Galina Vitalevna bundoq qarasa... studiyada uning yolgʻiz oʻzi qolibdi. Oʻshanda Melnikova dasturni oxiriga yetkazgan!..

Koʻrinib turibdiki, haqiqiy jurnalist nafaqat isteʼdodi bilan, balki mehnatsevarligi, sadoqati va ilhomi, balki jasorati bilan ham ajralib turadi.

— Baʼzan hayot bizni oʻtmishga qaytaradi. Ayrim voqealar, aytilgan soʻzlar, sevimli qoʻshiqlar esga keladi. Masalan, biz — jurnalistlar haqida: “Gazetadagi bir necha satr uchun uch kechayu kunduz yoʻl yurish va uxlamaslik ham mumkin”, deb xotirlaydi hamkasblari davrasida G. Melnikova. — Bugungi kunda muxbirlar dunyoning turli qitʼalariga uchadilar. Oʻzbekistonda juda koʻp ijobiy oʻzgarishlar boʻlyapti. Hayot oʻzgardi. Oʻzingni katta tezlikka ega samolyotda uchganday his qilasan. Chunki qamrab olish kerak boʻlgan mavzular shunchalik koʻp va rang-barang. Bitta jurnalistik materialni montaj qilish uchun kerak boʻladigan yangi, zamonaviy asbob-uskunalar ham koʻp. Men ishlagan davrda jurnalistning ishini oldingi safdagi jangchi faoliyati bilan qiyoslash mumkin edi: toʻgʻri, kaskasi va bronejileti yoʻq, lekin asosiysi — uning xato qilishga haqqi yoʻq. Bugungi kunda men xursandman. Negaki, matbuot va televideniyeda nafaqat maqtovli materiallar, balki tanqidiy lavhalar ham berilyapti. Ilgari bunday boʻlmagan, endi esa vaziyatni yaxshilash, yillar davomida toʻplanib qolgan muammolarni hal etish imkoni bor. Men jurnalistikani yana jarrohlikka ham oʻxshatgan boʻlar edim. Har ikkisiga yuksak kasb mahorati, bilimdonlik, dadillik va odamlarga muhabbat kabi xislatlar zarur.

AQSHning Oʻzbekistondagi elchisi Jonatan Xenik ommaviy axborot vositalari haqida shunday ijobiy fikr bildirdi:

— Bugungi kunda koʻplab jurnalistlar dunyoda yuz berayotgan voqea-hodisalarni yoritish uchun oʻz hayotini ham garovga qoʻyadi. Mustaqil OAV ishi hozir har qachongidan ham muhim, — dedi diplomat.

Shu yerda Oliy Majlis Senatining Raisi Tanzila Norboyevaning OAV xodimlari haqida aytgan fikrini ham keltirib oʻtmasak boʻlmaydi:

— Sizlar endi qogʻozda emas, hayotda “toʻrtinchi hokimiyat”sizlar. Bugun sizlar mamlakat rivojiga katta hissa qoʻshmoqdasiz. Sizning har bir izohingiz, tanqid va taklifingizni biz, albatta, eʼtiborga olyapmiz. ¤zim koʻp axborot manbalariga yozilganman, deyarli barcha sharhlarni oʻqishga harakat qilaman. Keyin ularni muhokama qilamiz va ular ustida ishlaymiz. Ishontirib aytamanki, hech bir tanqid yoki taklif nazarimizdan chetda qolmaydi.

...Koʻpgina jurnalistlar bilan suhbatlashsangiz, ular oʻzining kasbiy faoliyatida bosib oʻtgan yoʻl shunchalik mashaqqatli boʻlishini avvaliga tasavvur qilmaganliklarini aytishadi. Birgina fakt va dalilni olish uchun soatlab izlanish, masala mohiyatini ochib berish uchun voqealar markazida boʻlish, soʻrab-surishtirish, odamlar ruhi, kayfiyatini his qilish, hodisalar zalvarini yurakdan oʻtkazish, ularni qogʻozga tushirish, aynan kerakli soʻzni tanlash uchun ijodiy toʻlgʻanishlar — bularning hammasi katta mehnat evaziga erishiladi.

Bizningcha, jurnalistika — deyarli har kuni imtihon topshirishni talab qiladigan yagona ijod turi boʻlsa kerak. Deylik, yozuvchi bitta asarni uzoq vaqt davomida yozishi mumkin. Rassom, musiqachi yoki haykaltarosh ham shunday. Masalan, Leonardo da Vinchi “Mona Liza”ni bir necha yil davomida chizgan. Jurnalistchi, ayniqsa, kundalik gazetada ishlaydigan muxbir — ularda bunday imkoniyat yoʻq.

Qanday boʻlmasin, deyarli barcha hamkasblarimiz toʻgʻri yoʻlni tanlashgani haqida bir xulosaga kelishgan. Axir ular oʻz kasbini hech bir istisnosiz yaxshi koʻrishadi, u bilan faxrlanishadi va busiz hayotini tasavvur ham qila olishmaydi. Aynan ana shu, kasbga boʻlgan muhabbat jurnalistga ilhom baxsh etadi, unda hayotimizdagi oʻzgarishlar haqida hikoya qilish istagini uygʻotadi va kuchaytiradi.

Oʻtkir RAHMAT.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?